ZOKIROV QODIR ZOKIROVICH
ZOKIROV QODIR ZOKIROVICH (1906. 25.7, Jalolobod — 1992.9.8, Toshkent) — botanik, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (1956), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1956), biologiya fanlari Doktori (1951), professor (1951). SamDUni tugatgan (1933). O’rta Osiyo universiteti o’simliklar sistematikasi va geografiyasi kafedrasi dotsenti (1941 -43), Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika instituti botanika kafedrasi mudiri (1943-52), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika instituti direktori (1952-56), O’zbekiston qishloq xo’jaligi Fanlar Akademiyasi Prezidenti (1957- 61). Farg’ona pedagogika instituti rektori (1963-66), 1966 yildan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika instituti o’simliklar resursi bo’limi mudiri. Ilmiy ishlari o’simliklar (taksonomik birliklar) sistemasi, flora, o’simliklar qoplami va o’simliklar xom ashyolarini o’rganishga oid. O’simlikshunos-sistematik sifatida kampirchopondoshlar, torondoshlar, ko’knordoshlar, hiloladoshlar va boshqa oilalarni o’rganib, yangi turkum va turlarni kashf etdi. O’zbek tilida botanika terminlarini yaratishga asos soldi. Zokirov ko’p jildli «O’zbekiston florasi»ni tuzishda faol qatnashdi. «Ruscha-O’zbekcha botanika atamalarining qisqacha izohli lug’ati»ni (boshqa mualliflar bilan birga, 1963), keyinchalik «Botanikadan ruscha-o’zbekcha entsiklopedik lug’at»ning I jildini chop etdi (X. Jamolxonov bilan hamkorlikda). Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1968). As: Zarafshon daryosi havzasi florasi va o’simliklar qoplami [2 jildli], T., 1955, 1961.