Adabiyot

ADABIYOT (Arabcha — adab so’zining ko’pligi) — 1. Fan va amaliyotning biror sohasidagi yutuqlarni umumlashtiruvchi asarlar majmui (texnikaviy Adabiyot, qishloq xo’jaligi Adabiyoti, siyosiy Adabiyot va boshqalar). 2. San’atning bir turi (badiiy Adabiyot deb ham ataladi); voqelikni so’z yordamida obrazlar orqali aks ettiradi. Adabiyot avval og’zaki bo’lgan, yozuv paydo bo’lgandan so’ng yozma shaklga o’tgan. Adabiyot so’z orqali insonning his-tuyg’ularini keng va chuqur aks ettirish imkoniyatiga ega, shuning uchun ham u san’atning eng ommaviy turi hisoblanadi. Badiiy Adabiyotning yetakchi 3 turi — epos, lirika, drama mavjud. Epos voqelikning o’zini in’ikos etadi, lirikada esa insonning voqelikdan olgan taassurotlari qo’shib tasvirlanadi. Sharq qadimdan she’riyat tuyg’ulari o’lkasi bo’lgan. Shu boisdan Sharq badiiy Adabiyotida ayniqsa lirika keng rivojlangan. Drama hayotni harakatda ifodalab, muallif nutqisiz aks ettiradi. Adabiyotda qorishiq turlar ham mavjud. Masalan, lirika va epos xususiyatlari birlashib liro-epik to’rni tashkil etadi. Liro-epik turga poema, ballada, doston, masal kabilar kiradi. Epos, odatda, 3 ga bo’linadi: kichik epik shakl (latifa, ocherk, ertak, hikoya), o’rta epik shakl (qissa) va katta epik shakl (roman). Lirika mazmun va shaklga ko’ra, g’azal, muxammas, marsiya, ruboiy, qasida, sonet, qo’shiq va boshqalarga bo’linadi. Dramatik Adabiyotning ham mazmunan 3 xili bor: drama, komediya va tragediya (fojia). Adabiyot san’atning boshqa turlari kabi mafkuraviy hodisadir. Adabiyotda voqelikni aks ettirish tamoyiliga ko’ra, adibning ijodiy usuli paydo bo’ladi. Voqelikdagi tipik hodisalar umumlashtirilgan holda haqqoniy aks ettirilsa, realistik Adabiyot deyiladi. Yozuvchi ayni voqelikni emas, balki u haqidagi o’z orzu-umidlarini ham ifoda etsa, romantik Adabiyot bo’ladi. Adabiyotning badiiylik mezoni uning g’oyaviy-badiiy jihatdan mukammal bo’lishini taqozo qiladi. Bu hol asar mavzuining dolzarbligi, ifoda etadigan g’oyasining to’g’riligi, tasvir haqiqatining chuqurligi, badiiy shakl tarkibiy qismlarining mukammalligidan yuzaga keladi. Har bir Adabiyot milliydir, shunga ko’ra har bir xalq madaniyatining tarkibiy qismi hisoblanadi. Xalqning tarixiy hayotidagi va ruhiyatidagi xususiyatlar Adabiyotning milliyligi mazmunini tashkil etadi va o’ziga xos milliy shaklni yuzaga keltiradi. Milliy shaklning yuzaga kelishida Adabiyot tomonidan uzoq davr mobaynida yig’ilgan tajriba va an’ananing ham ahamiyati katta. Xalq hayotidagi yangi davr esa Adabiyotni yangi, yuqoriroq bosqichga ko’taradi, uning mazmuni va shaklini ham yangilaydi, ham boyitadi. Yangilangan Adabiyot o’z navbatida yangi jamiyatning mustahkamlanishida qudratli qurol vazifasini o’taydi. Hozirgi zamon o’zbek Adabiyotda Adabiyotning tasvir ob’yekti umuman ijtimoiy voqelik bo’lsa, bosh tasvir ob’yekti esa insondir. Adabiyotda insonning ijtimoiy mohiyati umumlashtirilgan holda ifoda etiladi. Shuning uchun ham Adabiyotning maqsadi ma’lum bir ijtimoiy-siyosiy kuchning mohiyatini to’la ifodalash va ayni vaqtda keskin individuallashgan badiiy obraz yaratmoqdir. Yaratilgan bunday obrazlarning eng mukammali «tip» deb ataladi. Navoiy asarlaridagi Farhod, Shirin, Majnun, Layli, Iskandar obrazlari; Shekspir asarlaridagi Otello va Hamlet; Abdulla Qodiriy asarlaridagi Otabek va kumush tip darajasiga ko’tarilgan obrazlardir. Adabiyot voqelikni aks ettirar ekan, unga go’zallik qoidalari nuqtai nazaridan yondashadi. Binobarin, asar predmetini tanlash ham g’oyat muhim ijodiy nuqtadir. Chunonchi, asarning ta’sirli chiqishi, boshqa ko’p mezonlar qatori, shunga asos qilib olingan fikrning emotsionalligi, ko’tarinkiligiga ham bog’liq bo’ladi. Milliy mustaqillikka erishgan o’zbek xalqi hayotning barcha jabhalarida o’zligini namoyon etmoqda. Jumladan, istiqlol davri Adabiyoti tub sifat o’zgarishlariga erishmoqda. Budavrda ijodkor olam va odam haqida avvalgidan farqli fikrlash mumkinligini chuqur anglab faoliyat ko’rsatmoqda. Natijada olamni, odamni, ularning tuyg’ularini turlicha ifodalaydigan badiiy asarlar yaratish boshlandi. Bu davr Adabiyotida tasvirlanayotgan inson o’zining bashariyat, Vatan, el-yurt oldidagi mas’uliyatini chuqur his etgan holda namoyon bo’lmoqda. Istiqlol Adabiyoti mavzu nuqtai nazaridan ham, badiiy tasvir tamoyillari jihatidan ham ilgarigi qoliplarga sig’maydigan, tabiiy ravishda rivojlanayotgan yangi estetik hodisadir. U odamlarga yo’l ko’rsatishni zimmasiga olmaydi, o’quvchiga aql o’rgatmaydi, hayotiy muallimlikni da’vo qilmaydi, balki tasvirning noziqligi, ifodalarning favquloddaligi, obrazlarning kutilmaganligi bilan o’quvchida munosabat uyg’otadi. Bu Adabiyotning jozibasi zohirda emas, botinda — matn zamiriga joylangan. Istiqlol davri o’zbek Adabiyoti chinakamiga rang-barang Adabiyotdir. Uning bag’rida turli-tuman ijodiy tajribalar kechadi, ijodiy yo’nalish va oqimlar kesishadi va shu orqali cheksiz olam bag’rida kechayotgan insonning murakkab «men»i kashf etiladi. Bahodir Sarimsoqov.

O’zbek ziyolilari