Anor yurak-qon tomir tizimi salomatligi uchun muhim bo‘lgan mahsulot sanaladi. B12 vitaminining koni ekani hisobiga qon bosimini me’yorlashtiradi, qon-tomirlar devorini mustahkamlaydi, eritrotsit va gemoglobin sintezida faol ishtirok etgani sababli miya va asab tizimiga ijobiy ta’sir qiladi.

Gemoglobin tanqis bo‘lganda miya kislorod bilan yetarlicha ta’minlanmaydi. Aynan shu tufayli ham surunkali charchoq, xotira va diqqat qilish bilan bog‘liq muammo kuzatiladi. Anor kech kuzda pishib yetiladi, bu vaqtga kelib organizm virus va kasalliklardan aziyat chekayotgan bo‘ladi. Mazkur mevada organizm hujayralarini shikastlanishdan saqlaydigan, immunitet himoyasi uchun muhim bo‘lgan immunoglobulin ishlab chiqarilishini jadallashtiradigan C vitamini va meva kislotasi bisyor bo‘ladi. Qolaversa, anor organizmni bakteriyalardan himoya qiladigan antibakterial va antiseptik xususiyatga ega bo‘ladi.

Uning sharbati organizmni pH-balansini me’yorlashtirib, turli toksinlarni chiqarib yuboradigan, samarali detoksikatsiyani ta’minlaydigan, shu bilan birga, hazm jarayonini yaxshilab, metabolizmni jadallashtiradigan limon, olma va oksalat kislotasining koni. Ammo oshqozoni sezuvchan bo‘lgan kishilarga uning iste’molidan avval suv bilan aralashtirish tavsiya qilinadi. Yuqori kislotaga ega ekani hisobiga og‘riqqa sabab bo‘lishi mumkin.

Anor, shuningdek, go‘zallik va yoshlikni saqlashga ham yordam beradi. C vitamini, foydali moddalar serob ekani sabab zararli radikallardan himoya qiladi, yallig‘lanish jarayonlari rivojlanishining oldini oladi. Qarish jarayonini sekinlashtirib, ajin tushishining oldini oladi, terini ultrabinafsha nurlaridan himoya qiladi.