Artezian qudug’i nima?

Yer osti suvlari artezian qudug’idan xuddi geyzerdan otilgani singari otilib chiqadi. Uning nomi Frantsiya shimolidagi Artua degan joy oti bilan bog’liq. U yerda bundan 800 yil burun xuddi shunday ilk quduq qazilgan edi.

Artezian quduqlari mavjud bo’lishi uchun ma’lum sharoit talab etiladi. Buning uchun, avvalo, suvni o’tkazmaydigan tog’ jinslaridan iborat ikkita qatlam o’rtasida g’ovak tosh yoki qumli qatlam bo’lishi kerak. Bunday g’ovak qatlamning qayerdadir yer yuzasiga chiqqan joyi ham bo’lishi lozim. Negaki, u yomgir va qorlarni shimib olishi, shu tariqa suv pastga, suv o’tkazmaydigan qatlamlar o’rtasiga enishi zarur.

Kuchli bosim ostidagi suv, bir kun kelib, uni inson ozod qilmaguncha, qamalib yotadi. Suvning yuqori qismidagi qattiq qatlam bir necha santimetr kattalikda teshilgach, hamaldagi suv katta kuch bilan yuzaga otilib chiqadi.

Qadimgi misrliklar va xitoyliklar ham artezian quduqlar qazishgan. Qadim zamonlarda Yevropadagi ayrim quduqlar olti-sakkiz yil davomida qazilgan. Zamonaviy texnika esa oson va tezda buning uddasidan chiqadi. Janubiy Dakotaning Ejmonta mintaqasida 915 metrlik artezian qudug’i har kuni, taxminan, 4 million litr suv beradi. Bunday chuqurlikdan yer yuzasiga chiqadigan suvning temperaturasi Tselsiy shkalasi bo’yicha 37 darajani tashkil etadi. Ushbu mintaqadagi boshqa bir quduqdan undan ham issiqroq suv chiqadi.