Ayollar haqida

Agar ayollar boʻlmasa biz oʻz hayotimizning dastlabki lahzalarida yordamdan, keyinroq lazzatlardan, eng soʻngida esa ovunchogʻimizdan mahrum boʻlar edik, degan edi bir farang olimi. Menimcha, ayollarni haqiqatan ham bundan oshirib maqtashning iloji yoʻq.

Ayolning qaddi-qomatiyoq uning na ruhiy va na ketmon chopishdek ogʻir jismoniy mehnat uchun yaratilmaganini koʻrsatib turadi. Ayol yashash majburiyatini borligicha emas, balki azob-uqubatlar tarzida oʻtaydi: tugʻish mashaqqatlari, bola boqish, erga qaram boʻlish. Yana deng, ayol erga chidamli va quvvat bagʻishlaydigan doʻst boʻlishi kerak. Ayol katta dardlar, katta quvonchlar, bahodirlik talab qilinadigan ishlar uchun yaratilmagan. Uning turmushi erkaknikiga nisbatan tinchroq, baxtliroq, mayinroq kechishi zarur.

Ayollar tabiatan bolafeʼl, injiq, uzoqni koʻra bilmaydigan boʻlganlari tufayli bola tarbiyalashga moyildirlar (va shunga moslashishgan). Bir soʻz bilan aytganda, ular butun hayotlari davomida katta bola ishini qilib yuradilar: bolalik davridan oʻtayotgan, lekin hali toʻlaqonli erkak darajasiga yetmagan oʻspirin sifatida ish tutadilar. Qizlarga qarang, kun boʻyi yosh bola bilan achomlashib, oʻynab-kulib yurishdan erinmaydilar. Endi shu qizning oʻrniga oʻgʻil bolani qoʻyib koʻring…

Tomoshaga chiqqaningizda bir narsa qars etsa, birdan hamma chalgʻib, oʻsha tomonga qaraydi. Tabiat qiz bolani ham shu taxlit yaratgan. Tabiat qizlarga – keyingi butun hayotlari hisobiga – bir necha yillik goʻzallik, qaraganni mahliyo qilish va boshqa shu taxlit ohanrabolarni baxshida etgan. Aynan shu davrda u erkakning xayolini oʻgʻirlashi, keyin erkak shu goʻzallikka bandi boʻlib, chin yurakdan ayolning keyingi hayoti uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olishi kerak. Erkakni bu yoʻlga shunchaki sogʻlom fikrlash tarzi bilan kiritmoqchi boʻlsangiz, ularning keyingi hayoti silliq kechishiga ishonch yoʻq. Shu tufayli tabiat ayolni, qiz bolani – u oʻz kelajagini taʼminlay oladigan darajada qurollantirgan. Urgʻochi qumursqa tuqqandan soʻng keraksiz (tuxumchalarni parvarishlashda hatto xatarli) qanotlaridan mahrum boʻladi. Shu taxlit ayol ham ikki-uch bola tuqqandan soʻng goʻzalligidan ajraladi. Balki shuning uchun yosh qizlar uy va dala tashvishlarini ikkinchi darajali ish, balki shunchalik arzimagan narsa sifatida qabul qiladilar. Ular uchun eng asosiy jiddiy tashvish: muhabbat, gʻalabalar va shunga bogʻliq boshqa narsalar: yasan-tusanlar, atir-upa, raqs-oʻyin va hokazo…

Biron bir narsa qanchalar tugal va oliymaqom boʻlsa, u shuncha asta va kechroq yetiladi. Erkak ruhan va aqlan aksariyat hollarda yigirma sakkiz yoshlarda yetishadi, ayol esa – oʻn sakkizda. Va shunga koʻra qobiliyatga ega: qisqa oʻylaydilar. Shu tufayli ayollar keyingi butun hayoti davomida ham bolaligicha qoladilar, koʻrib turganini tan oladilar, tutganini mahkam ushlaydilar, shunchaki tashqi koʻrinishni borliq-yoʻqlik sifatida tan oladilar va mayda-chuydalarni katta narsalardan afzal biladilar. Aql tufayli odam xuddi jonivor yangligʻ aynan hozirgi daqiqa bilan yashamaydi, balki oʻtmishni va kelajakni mushohada qiladi. Aql tufayli u ehtiyotkor, orqa-oldini oʻylaydi, sergak boʻladi. Shuning orqasidan keladigan foyda va ziyonlarga ayol – aqli kalta boʻlgani tufayli! – kam aralashadi. Yanayam aniqrogʻi: ruhan uzoqni koʻra bilmaydi. Uning sezgir aqli koʻz oldidagilarni yaxshi koʻradi, uning oʻy doirasiga uzoqdagi narsalar sigʻmaydi. Shuning uchun yoʻq narsalar, oʻtib ketgan narsalar bizga nisbatan ayollarga kam taʼsir qiladi. Shu sababli ular baʼzan topgan – tutganingizni telbalarcha oʻysizlik bilan sovurib yuboraverishga moyildirlar. Ular oʻzlaricha ishonadilarki, erkak – topish uchun, ayol – sovurish uchun yaratilgan. Iloji boʻlsa, eri tirikligidayoq, yoʻqsa, eri oʻlgandan soʻng. Er topgan-tutganini ayolining ixtiyoriga topshirib qoʻygandan soʻng ayoldagi bu ishonch yanada mustahkamlanadi. Bu tushuncha har qancha ziyon keltirmasin, foyda tomoni ham bor: ayol hozirgi daqiqa bilan band. Ayol mavjud narsadan bizga nisbatan koʻproq naflanadi. Shu tufayli ayolning fikri tiniq. Shu tufayli, agar siz oila boqishdek tashvishlarga chalkashib qolgan boʻlsangiz, ayol sizning dardingizga malham boʻla biladi.

Qadimgi nemislarning odatini tashlab yubormaslik kerak. – Ogʻir daqiqalardagi yigʻin-maslahatlarga ayollar ham taklif etilgan, chunki ayol hozirgi daqiqada nima qilish kerakligini biladi. Maqsadga yetkazuvchi eng qisqa yoʻlni koʻrsatadi. Xullas, erkak uzoqni oʻylab, tumshugʻi tagidagi narsani koʻrmay oʻtirganda, ayol uni ushlab, qoʻlingizga tutqazadi. Shu sababga koʻra ayol bizga nisbatan hushyor, u biron bir narsani bor boʻyicha koʻra biladi. Biz esa, agar hayajonlanib turgan boʻlsak, oppa-osongina pashshadan fil yasab, vahima koʻtarib yuboraveramiz. Shu nuqtai-nazardan ayollar baxtsizlarga erkakdan koʻra koʻproq hamdard boʻladilar. Ayollar mehribonroq va oqkoʻngilroq. Ammo qozilikda, haqiqatni yuzaga chiqarishda, vijdoniylikda erkaklarga yutqazadilar. Ayolning aqli kaltaligi tufayli mavjud, ushlasa boʻladigan, koʻz koʻrib turgan narsalar ularga hokimlik qiladi. Uzoq-yaqin qoidalar, aqida va gʻoyalar, qabul qilingan qatʼiy qarorlar, oʻtmish va kelajak, yoʻq va uzoqdagi narsalar – ular uchun ikkinchi va uchinchi darajali narsalardir. Ana shu sababli ayol feʼlidagi uzviy yetishmovchilik, balkim kamchilikdir, bu – adolatsizlik! ADOLATSIZLIK! Bu hol biz ilgari taʼkidlaganimizdek, aql kaltaligi va uzoqni koʻra bilmaslik tufayli sodir boʻladi. Yana bir jihat: kuchsiz jondor tabiatan kuchliga nisbatan ayyorroq, hiylakorroq boʻladi. Axir tabiat sherga tish va tirnoq, filga – xartum, toʻngʻizga – soʻyloq, hoʻkizga – shox baxshida etganidek, ayolga oʻzini himoya qila olishi uchun – hiylakorlik va yolgʻonchilik baxshida etgan. Shu tufayli biz tilga olgan jondorlar oʻzlaridagi qurol bilan hujumga oʻtganlari misol, ayol ham har bir qulay vaziyatda oʻz quroli bilan hujumga oʻtadi, himoyalanadi. Va bunda oʻz haq-huquqlaridan foydalanayotganlariga shubha qilmaydilar. Ana shulardan kelib chiqqan holda mutlaqo haqiqatgoʻy va samimiy ayolni topish mumkin emas. Shu xislatlari bois ular oʻzgalarning turlanayotganlarini juda tez payqaydilar. Har qalay ayol qoshida nosamimiylikka yoʻl qoʻyish juda xatarli. Ana shu uzviy kamchiliklari bois ayol yolgʻonchilikka, xiyonatga, egrioyoqlikka moyilroq boʻladi. Qozixonada ayollar erkaklarga nisbatan bir necha baravar koʻp yolgʻon qasam ichib, gunohga botadilar. Va umuman, ayolga qasam ichirish kerakmi, yoʻqmi, degan savolning oʻzi bahsli. Axir baʼzan-baʼzan hamma joylarda ham moddiy jihatdan toʻliq taʼminlangan ayollar doʻkondan ul-bul oʻmarayotganining guvohi boʻlganmiz-ku.

Inson zoti tugab ketmaslik uchun uni mudom koʻpaytirish yosh, sogʻlom va goʻzal yigit-qizlar burchi. Xudoning xohishi – shu! Mazkur qonun boshqa barcha qonunlardan qadimiy va boqiydir. Agar kim bu qonun yoʻliga chiqmoqchi boʻlsa – oʻzining shoʻri: nima demasin, nima qilmasin, birinchi fursatdayoq ayovsiz toptaladi. Chunki ayollarning yashirin, aytilmaydigan, va hatto anglanmaydigan feʼli quyidagicha fikrlaydi: “Bizga gʻamxoʻrlik qilganlari bois endi qandaydir haq-huquqlarga ega boʻldik, deya oʻylaydiganlarlarni aldashga haqqimiz bor. Yaqin kishingning yaqinlashishi tufayli bizda paydo boʻladigan avlod, uning koʻrinishi va xususiyatlari bizga bogʻliq. U bizning qoʻlimizga berilgan, uni biz tarbiyalaymiz va biz bu vazifani vijdonan bajaryapmiz”. Biroq bu oliy qonunlarni olisdagi sharpalar misoli emas, balki qoʻlda mavjud, bor narsa sifati anglaydilar. Bu holda ularning vijdoni biz oʻylaganga nisbatan ancha tinch boʻladi, chunki yuraklarining eng ichki qatlamlarida ular tushunadilarki, ular bir shaxsga nisbatan oʻz majburiyatlarini buzganlari bilan huquqlari bir necha baravar ziyod boʻlgan avlod oldida keragidan ortiq xizmat qilyaptilar.

Ayol inson zotini koʻpaytirish maqsadida yaratilgani va uning boshqa xizmati yoʻqligi bois ular alohida shaxsga nisbatan koʻproq avlod tashvishida yashaydilar va avlodga tashvishi shaxsga nisbatan jiddiyroq boʻladi. Bu ularning borligʻiga va harakatlariga maʼlum darajada yengiltabiatlik bagʻishlaydi. Bu balkim erkakka nisbatan mutlaqo oʻzgacha bir yoʻnalishki, ana shular aksariyat er-xotinlarning janjaliga, ajrab ketishiga olib keladi.

Erkaklar tabiatida bir-biriga loqaydlik mavjud, ayollar tabiatida esa dushmanlik. Buni hatto bir kasbdoshning ikkinchisiga nisbatan havasi, hasadi, koʻrolmasligi deb tushunish ham mumkin. Gadoning dushmani gado boʻladi, deganlaridek. Bu hol erkaklar orasida onda-sonda uchrasa, ayol zoti borki, bir-birini koʻrolmaydi, chunki ularning hammasi bitta kasb bilan shugʻullanadi. Koʻchada duch kelib qolsalar, xuddi raqobatchi partiyalarning vakillaridek, bir-biriga sinchkov tikiladilar. Ikki ayol birinchi bor uchrashganlarida – xuddi shu holatdagi ikki erkakka nisbatan anchayin – harakatlari yasama va gʻayribatiiy boʻladi. Shu sababli bir-birlariga nisbatan maqtovlari beoʻxshov va kulgili chiqadi. Bundan tashqari erkak oʻzidan past tabaqali odam bilan maʼlum darajada bosiqlik va hurmat bilan gaplashsa, xuddi shu holatdagi ayolning ikkinchisiga nisbatan soxta manmanligini kuzatib ensangiz qotadi. Bu, demak, ayollar orasidagi tabaqalanish tasodifga, – yaʼni erning jamiyatdagi oʻrniga bogʻliq boʻlib, u tez-tez oʻzgarishi va yoʻqolib ketishi ham mumkin. Biz erkaklar oʻzimizdan pastroq bilan gaplashayotib ming bir narsani oʻylaymiz. Ayol esa bu payt faqat qaysi erkakka yoqqanini nazarda tutadi, xolos. Bundan tashqari ularning hammasi kasbdosh boʻlgani bois bir-birlariga erkaklarga nisbatan yaqin turadi va oʻzlarining turli-tuman nayranglarini namoyon etadilar.

Boʻyi past, yelkalari tor, belidan pasti keng jinsni faqat jinsiy hissiyot tufayli aqli xiralashgan erkakkina goʻzal deya baholay oladi: jinsning barcha goʻzalliklari ana shu hissiyotga qorishib ketadi. Bu jinsni bir qancha asoslarga tayanib, koʻrimsiz va xunuk deya baholash mumkin. Haqiqatan ham ayollar taassuroti ojiz. Musiqaga, sheʼrga, sanʼatga chin yurakdan berila olmaydilar. Agar berilsalar ham, bu shunchaki birovga yoqqisi va oʻynashgisi kelgan maymunning harakatidan boshqa narsa emas. Shu tufayli ular biron-bir holatga xolis yondasholmaydilar. Sababi, oʻylaymanki, quyidagicha: Erkak oʻzining narsalariga bevosita hokimlik qilishga urinadi. Yoki aql bilan ularga egalik qilish va boʻysundirish yoʻlidan boradi. Ammo ayol hamisha birovning yordami tufayli hokimlik qilishga majbur, yaʼni eri – birdan bir oʻzi qoʻlida tutib turgan vosita – orqali. Shu tufayli ayollar har bir narsaga – eri olib berishi mumkin va mumkin boʻlmagan narsa sifatida qaraydilar. Va ularning biron narsaga qiziqishi shunchaki yasama holatdan boshqa narsa emas. Bir vaqtlar Russo: “umuman olganda ayollar sanʼatning hech bir turiga qiziqmaydilar, sanʼatni tushunmaydilar va hech qanday qobiliyatga ega emaslar”, deya taʼkidlagan edi. Ha, har bir buyumga bir qarashdayoq ularning tashqi koʻrinishidan boshqa jihatlarini ham anglay oladigan zot buni darhol tushunadi. Ayollarning konsert, opera va dramatik tomoshalarda oʻzini tutishiga bir ahamiyat bering. Sanʼatning noyob durdonalaridan eng zoʻr sahnalar ijro etilayotganda ayol bolalarcha soddadillik bilan yonidagiga safsata sotishda davom etadi. Agar haqiqatan ham greklar ayollarni sahna tomoshalariga kiritmagan boʻlsalar, toʻgʻri qilganlar. Har qalay ularning teatrida nimanidir bemalol tomosha qilish, tinglash mumkin boʻlgan. Bizning zamonamizda: “Ayol cherkovda jim tursin”, degan iborani “teatrda ham” degan jumla bilan tuzatish kerak. Va buni katta harflar bilan sahna pardasiga osib qoʻysa maʼqul boʻlardi. Har qalay ayoldan bundan boshqa narsani kutish mumkin emas. Axir ularning eng yorqin namoyandalari ham nozik sanʼatda hech bir haqiqiy buyuk va nodir asar yaratmaganlar. Va umuman, dunyoga hech bir eskirmaydigan, oʻlmaydigan asar taqdim etolmaganlar. Bu ayniqsa, rassomlikda tez koʻzga tashlanadi. Axir aynan shu sohada ayollar ham erkaklar qatori shugʻullanish imkoniyatiga egalar. Shugʻullanyaptilar ham. Ammo bu sohada oʻzlarining biron bir yuksak sanʼat asari bilan maqtana olmaydilar, chunki ularda rassom uchun juda zarur boʻlgan ruhiy xolislik yoʻq. Bundan 300 yil muqaddam Xuan Uarte: “Ayollarda hech qanday ulkan qobiliyat boʻlmaydi”, degan edi. Istisno tarzida bitta – yarimta uchrab qolishi mumkin, lekin ular umumiy koʻrinishni oʻzgarta olmaydilar. Ayollar gʻoyatda tor fikrlaydilar, shu sababli gʻoyat axmoqona tarzda oʻzlarini erlariga tenglashtirib, haqiqatda esa erlarining amali va jamiyatdagi oʻrniga sherikchilik qilib, oʻzlari oʻzlarining razil shuhratparastliklarini qondirib turadilar. Ularga nisbatan Napoleon 1 aytgan iborani aslida qonun sifatida qabul qilsalar, yaxshi boʻladi: “Ular bizning kamchiliklarimiz bilan, bizning tentakona qiliqlarimiz bilan aloqa qilish uchun yaratilgan. Zinhor va zinhor aqlimiz bilan emas. Ayollar va erkaklar orasida badanlar yaqinlashuvi bor. Aqllar, yuraklar va feʼllar yaqinlashuvi kamdan-kam sodir boʻladigan hodisadir”. Ayollar barcha jabhalarda erdan keyingi darajadagi ikkinchi jins. Shu sababli ularning kamchiliklariga nisbatan olijanob boʻlmoq lozim, ammo ularning hurmatini oshirib yuborish, yelkaga chiqarib olish – gʻirt ahmoqlik. Bu holda ayolning oʻzi birinchi boʻlib erni nazar-pisand qilmay qoʻyadi. Tabiat inson zotini ikki jinsga boʻlib, ular oʻrtasidagi chegara chizigʻini qoq oʻrtadan boʻlmagan. Burungilar va sharqliklar ayollarga nisbatan aynan shu nuqtai nazardan qaraganlar, ayollarga haqiqiy oʻrnini koʻrsatib qoʻyganlar va toʻgʻri qilganlar. Biz esa koʻhna faranglar kabi bachkanalik bilan va kulgili tarzda ayollar qoshida oʻzimizni yoʻqotib qoʻyamiz. Natijada ayollar shu darajada olifta va bezbet boʻlib ketishdiki, endi ular oʻzlarini goʻyo qoʻl yetmas farishtalar misol tutmoqdalar.

Gʻarb ayoli yolgʻon muhitga tushib qolgan: axir ayollar, muqaddas bitiklarda aytilgani kabi, ilohiylashtiriladigan jonzot emas. Natijada biz oʻzimiz yaratgan yolgʻon muhit jabrini tortyapmiz. Shu sababli Ovrupoda inson № 2 ga oʻz oʻrnini koʻrsatsalar va oʻz joyiga oʻtishga majburlasalar, gʻoyat savob ishni amalga oshirgan boʻlardilar. Axir shu tufayli nafaqat butun Osiyo bizning ustimizdan kulyapti, balki Rim ham, Gretsiya ham oʻzini tiyib tura olmayapti. Mazkur tadbirning ham siyosiy, ham fuqarolik ijobiy natijalarini hisoblab ulgurolmay qolar edik. Ovrupo ayoli shunaqa jonzotki, u aslida yashashga haqli emas: mayli, bizda uy bekalari boʻlsin, qizlar uy bekasi boʻlishni orzu qilib yashasinlar, yaʼni oliftalikka emas, uy kishisi sifatida tarbiyalansinlar. Aynan Ovrupoda past tabaqali ayollar mavjud boʻlgani sababli Ovrupo ayoli Sharq ayoliga nisbatan anchayin baxtsiz.

Hindistonda hech qachon hech kimga boʻysunmaydigan, hech kimga qaram boʻlmagan ayollar yashamaydi. U yerda har qanday ayol zoti yo otasining, yo erining, yo aka-ukasining, yo oʻgʻlining qaramogʻida. Menu qonunining 5-bob 148-bandida deyiladi: “Ayol zoti bolaligida otasining, voyaga yetgandan keyin erining, eri oʻlsa oʻgʻillarining, agar oʻgʻillari boʻlmasa, erining yaqin qarindoshlarining, agar ota tomondan ham qarindosh boʻlmasa, otasining qarindoshlarining, agar ota tomondan ham qarindosh boʻlmasa, poshsholikning qaramogʻida boʻlishi lozim. Toki ayol hech qachon mustaqillik daʼvo qilmasin”. Albatta, ayol oʻzini erining jasadiga qoʻshib yoqib yuborishiga chidash mumkin emas, ammo eri butun umri davomida eshshakday ishlab, bola-chaqam hech kimdan kam boʻlmasin, deb topgan mol-dunyoni ayol oʻynashi bilan oʻyin-kulguga sarflab yuborishiga ham chidab boʻlmaydi.

Dastlabki ona muhabbati insonlarda ham, hayvonlarda ham instinkt, xolos. Va bola jismoniy jihatdan oʻzini oʻnglab olishi bilan instinkt toʻxtaydi. Oʻrnini aql va odatlarga asoslangan muhabbat egallaydi. Ammo afsuski, koʻp hollarda – agar ona otani sevmasa – bu narsa roʻy bermaydi. Otaning bolalariga muhabbati esa mutlaqo boshqa narsa va mustahkam poydevorga asoslangan: ota oʻz farzandida yana bitta OʻZIni koʻradi.

Salkam barcha eski va yangi xalqlarda, hatto gottentotlarda ham meros erkakdan erkakka qoldiriladi. Faqat Ovrupoda, dvoryanlarni bu hisobga qoʻshmasak, mazkur odatga chap berishadi. Erkak butun umr qora ter toʻkib topgan mol-dunyo ayol qoʻliga tushsa-yu, ayol qisqa muddatda uni hisob-kitobsiz sovursa, bu juda ham buyuk, juda ham sharmandali nohaqlikdir. Ayolning merosxoʻrlik va mulkiy haq-huquqlarini qayta koʻrib chiqish bilangina bu odatga chek qoʻyish mumkin. Menimcha, shunday qaror qabul qilish kerakki, unga koʻra xotinlar, – va qizlar ham, – merosning bir boʻlagini olish huquqiga ega boʻlsinlar, zinhor va zinhor butun merosni emas. Albatta, oilada erkak merosxoʻr yoʻq boʻlgan holatlar bundan mustasno. Mol-mulkni ayol emas, erkak topadi. Shu tufayli ayol unga shaksiz egalik qilishi ham, uni oʻzi xohlagancha ishlatishi ham mumkin emas. Ayol oʻz mulki: puli, uyi, yeriga hech qachon oʻz bilganicha egalik qila olmaydi. Ularga doim qarovchi kerak: shu sababli ularga farzandlarining qarovchisi deb ishonib qoʻyish mumkin emas. Ayolning magʻrurligi, – erkaknikidan ziyod boʻlmagan taqdirda ham! – bir yomon tomonga ogʻib ketadi: aynan moddiy buyumlarga, yaʼni shaxsiy goʻzallik, yaltir-yultur, sirti chiroyli narsalar uchun koʻp narsani qurbon qilib yuboradilar. Erkakning magʻrurligi esa, aksincha, nomoddiy afzalliklarga ega, yaʼni aql, bilimdonlik, mardlik va boshqa shu kabi jihatlar bilan oʻlchanadi.

Arastu oʻz “Siyosat”ining 11-qism 9-bandida tushuntiradiki, Sparta ayollarga juda koʻp oʻrin bergani tufayli (Sparta davrida ayollar merosxoʻr boʻlgan, sep olgan, erkin boʻlgan) gʻoyat ogʻir ahvolga tushdi va oxir-oqibat yiqildi. Menimcha, Farang hukumati va saroyidagi Lyudovik XIII davridan aynishlarga ayollar sababchi boʻlsa kerak. Aynib, ijgʻib-bijgʻib, nihoyat birinchi revolyusiya yuz berdi. Keyin bir necha toʻntarishlar amalga oshirildi. Nima boʻlganda ham ayol jinsining bizdagi soxta holati jamoatchilikning yurak kasaliday gap. U yurakdan chiqib, butun vujudga taʼsir koʻrsatadi.

Ayol turish-turmushi bilan boʻysunishga mahkum etilgani shundan ham maʼlumki, ularning har qanaqasi ham oʻzi koʻnikmagan, oʻzi uchun notabiiy boʻlgan toʻla erkin holatga tushib qolsa, shu zahoti boshqa bir erkakning yoniga boradi va oʻzining ustidan rahbarlik qilishni oʻsha erkakka topshiradi. Chunki ayolga hamisha xoʻjayin kerak. Agar ayol yosh boʻlsa, erkak oʻynash, ayol qari boʻlsa, erkak maʼnaviy pir boʻladi.