Bakteriyalar qanday paydo bo’lgan?

Bakteriyalar shu qadar kichik tirik organizmlarki, ularni ko’rish uchun mikroskop yordamida bir necha yuz barobar kattalashtirish lozim bo’ladi. Shuning uchun ham ular «mikroorganizmlar» deb ataladi. Mikroskop kashf etilmasdan burun inson bakteriyalarning faoliyati natijalariga duch kelib turgan. Masalan, sharob va sut achiydi, qurib qolgan o’simliklar chiriydi va o’lgan jonivorlar esa iriydi. Ammo bu hodisalarni inson turli irim va diniy xurofot bilan bog’lab kelgan. Endilikda, biz bakteriyalar suvda, ovqatda, bizning terimizda, hatto ichimizda ham mavjud ekanini yaxshi bilamiz. Bakteriyalar bo’linish yo’li bilan ko’payadi. Bakteriyalarning jinsi bo’lmaydi. Agar qulay shart-sharoit va yetarli ozuqa bo’lganida edi, ular to’xtovsiz ko’payishi mumkin edi.

Bakteriya bitta hujayradan tarkib topadi. Uning hujayrasi hayvonnikidan ko’ra, o’simlik hujayrasiga ko’proq o’xshaydi. Uni suvni ichkariga o’tkazmaydigan qobiq yoki membrana o’rab turadi. Bakteriya ichida protoplazma bo’ladi, ammo uning yagona markaz yoki yadrosi yo’q. Uning mavjudligi uchun tashqi qobiq muhim ahamiyat kasb etadi, chunki uni yo’qotishga mo’ljallangan har qanday kimyoviy element, avvalo, o’sha qobiqdan ichkariga o’tishi kerak. Bakteriya shilimshiq parda bilan qoplangani uchun ham o’z shaklini o’zgartirib, ba’zan tolasimon butoqlar — flagellalar hosil qiladi. Bakteriyalarning muchasi bo’lmasa ham, harakatlana oladi. Ayrimlari flagellarning harakati yordamida, boshqalari esa chuvalchanglar singari hujayrasini qisqarib kengayishi hisobiga bir joydan boshqa joyga siljiydi. Bakteriyalar yuqumli kasalliklar manbai ekanini hammamiz yaxshi bilamiz. Ammo ayrim bakteriya turlari insonga foyda ham keltiradi.