Baliqlar yo’taladimi?

Ha, yo’taladi. Baliqlarning yo’talishi — nafas olish tsiklining mo’tadil holati ekan. Ular ikki xil yo’taladi. Suvni orqaga oqizib chiqadigan old tomoni «og’iz majmui» deyiladi. U baliqning pastki jag’i harakatidan paydo bo’ladi. Oyqulog’i pardalari ochilganda oyqulog’i bo’shlig’idan nafas olayotgandagidek asta-sekin emas, balki suvni kuch bilan itarib chiqarayotgan orqa tomoni «oyquloq majmui» deyiladi. Baliqlar rivojlanish jarayonida oyquloqlarini bir yo’la tozalashga moslashdilar. Suvda bo’ladigan turli ma’danli zarralar, suv o’tlari suv bilan oyquloqqa kirib, go’yo shu yerda o’rnashmoqchi bo’ladilar, baliq esa ularni «yo’talib chiqarib tashlaydi». Olimlar aniqlashicha, turli baliqlar turlicha yo’taladilar. Baliqlarning yoshi ham yo’talga o’z ta’sirini o’tkazadi, ayni chog’da yo’tal royishi muhitga bog’liq yo’sinda o’zgarib turadi. Baliqlar olimlarga suvdagi qaysi moddalar o’zlari uchun foydali, qaysilari zararli ekani haqida eng aniq asboblardan ko’ra yaxshiroq ma’lumot berishi mumkin. Biroq bu axborotni baliqlardan qay yo’sinda olish mumkin? Bu muammoni yechishda elektropnevmogramma qo’l keladi. Bu quyidagicha amalga oshiriladi: akvariumga tsilindrsimon teshikli plastmassali maxsus bo’lma tushiriladi. Shisha tayoqcha bilan unga baliq solinadi. U unchalik qarshilik ko’rsatmaydi, chunki o’zini tsilindrda noo’ngay his etmaydi. Tsilindrning har ikki uchi yopiladi. Bo’lmaning to’rt tomoniga o’rnatilgan maxsus uzatuvchi va qabul qiluvchi qurilma masofadan turib elektr maydonini payqaydi va baliqning oyqulog’i pardalar tebranishlariga mutanosib impulslar uzatadi. O’ziyozar ruchka harakatlanadigan qog’oz lentasiga egri chiziqlarni belgilab boradi. Elektropnevmogramma mana shu. Daryolar, ko’llar, dengizlar yil sayin ifloslanib borayotgan hozirgi paytda bu olimlar uchun juda muhim. Elektropnevmogrammaning shartli belgilarini o’qib bo’lib, qaysi havzada qanday baliq parvarishlash va uning suvini tozalash uchun nima qilish kerakligini aytib berish mumkin.