Brontozavrlar nima?

Brontozavrlar reptiliya asri deb atalmish davrda yashagan dinozavr-reptiliyalar oilasining vakillaridir. Bu asr bundan ikki yuz o’ttiz million yil burun trias deb nomlangan geologik davrda boshlangan. Bu — dinozavrlar asri yuz oltmish million yil davom etganini anglatadi. Dinozavrlar yerda yurgan reptiliyalarning vakillaridir. Garchi ularning ayrimlari ko’pincha daryo, ko’l yoki botqoqlikka tushib turgani bilan dengizga sira yo’lamagan. Ular orasida yirtqich va alafxo’rlari ham bor edi. Ayrimlari keyingi oyoqlari bilan, boshqa birlari to’rttala oyog’i bilan yurgan. Ular sovuqqon bo’lib, aksariyatining tanasi tangachalar bilan qoplangan. Yirik dinozavrlarning bir guruhi zauropod deb yuritilgan. Ularning besh panjali ulkan oyog’i kaltakesaknikiga o’xshagan. Zauropodlar sayyoramizda qachonlardir yashagan hayvonlar orasida eng bahaybatidir. Brontozavrlar ham shu siraga kiradi. Brontozavrni so’zma-so’z tarjima qilsak, «yer bilan yakson etuvchi kaltakesak» ma’nosini beradi: yer ularning og’irligini ko’tarolmay titrab-qaqshagan bo’lsa ajab emas. Brontozavrlarning bo’yni uzun bo’lgani bilan kallasi otnikiday kichik edi. Tanasi filnikiday haybatli, ammo dumi anchagina uzun bo’lgan. Bu hayvonlar qirq tonnagacha tosh bosgan, deb hisoblashadi. Shunga qaramay bu semiz jonivor harakatlana olgan, o’ziga o’simlik ozuqasi topgan va millionlab yil ichida ro’y bergan iqlim o’zgarishlariga moslashgan. Brontozavrlar, nazarimizda, asosan suvda yashagan. Shu bois tanasining og’irroq qismi — orqa oyoqlari va dumi birmuncha vaznini yo’qotgan. Chuhurroq suvliklarda ular ulkan panjalarini harakatga keltirib, suza olgan. Suv ularni bahaybat etxo’r raqiblari kaltakesaklardan muhofaza qilgan. Ular daryo va ko’llar bo’yidagi suv o’tlari va har xil maysalarni yeb kun kechirgan. Urg’ochi brontozavrlar tuxum qo’ygani qirg’oqqa chiqqanlarida etxo’r kaltakesaklar hujumiga tez-tez duch kelgan va dinozavrlarning ko’p turi shu tariqa qirilib ketgan.