Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismida qad rostlagan, Sariq dengizdagi Lyaodun qo‘ltig‘idan boshlanib, g‘arb tomon cho‘zilgan bu mudofaa devori ko‘hna Chin me’morchiligining ulkan va noyob namunasidir. U miloddan avvalgi IV-III asrlarda hoqon Sin Shi Xuandiy farmoniga binoan, tashqi dushmanlar tajovuzidan saqlanish, chegaralarni mustahkamlash, savdo karvonlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida tiklangan. Bu ishga ikki milliondan ortiq kishi, jumladan, ko‘plab askarlar va qarollar ham jalb etilgan. Ular kecha-yu kunduz tinim bilmay ishlashgan. Bunyodkorlik yumushlari bir necha asrlar davomida olib borilgan. Buning o‘ziga xos sabablari bor. Avvalo, devorga ilk tamal toshi qo‘yilgan davrda qurilish texnikalari rivojlanmagan, ikkinchidan, u vaqt o‘tgani sayin qor-yomg‘ir va shamollar ta’sirida yemirilgan. Ustiga-ustak, yog‘iylar ko‘p bor hujum qilib, ayrim qismlarini buzib ketishgan. Shunga qaramay, devor miloddan avvalgi II va I asrlarda g‘arbga tomon 500 kilometrga uzaytirilgan. XIV-XV asrlarda uni qurish va mustahkamlash ishlari davom ettirilgan. 1953 yili esa Pekinga yaqin bo‘lagi ta’mirlangan.

Buyuk Xitoy devori ikki qavatli bo‘lib, balandligi 6,6 metr, ayrim joylari bundan-da balandroq. Poydevorining kengligi – 6,5 metr, ustki qisminiki – 5-5,5 metr. Uzunligi qariyb 6 ming kilometrga teng. Devor mamlakat poytaxti Pekin shahridan 40-45 kilometrcha shimoli-g‘arbda janubi-g‘arbga buriladi, so‘ngra Su’jou shahridan o‘tib, Gansu o‘lkasidagi Szya­yuyguan qal’asida tugaydi. U taroshlangan qattiq va rangdor tog‘ jinslari, g‘ishtlar hamda loydan ko‘tarilgan. Har 60-100 metrda minoralar, muhim strategik ahamiyatga ega hududlar va tog‘li yo‘llar yoqasida istehkomlar mavjud bo‘lgan. Inshoot nihoyatda qalinligi bois ustidan jang aravalari, otliq qo‘shinlar bemalol saf tortib o‘tishgan.

Bu devor haqida talay doston va rivoyatlar ham to‘qilgan. Ulardan birida aytilishicha, qurilish boshlangan dastlabki kezlarda ish yurishmay, devor o‘z-o‘zidan qulab tushaveribdi. Bundan ajablangan hoqon ko‘pni ko‘rgan allomalarni mashvaratga to‘plab, maslahat qilibdi. Shunda donishmandlar oqsoli hech kimning xayoliga kelmagan g‘alati bir taklif kiritibdi. Aniqrog‘i, devor ostiga endigina turmush qurgan yigit yoki qizni ko‘mib, qurbon qilish zarurligini, ana shundagina muddaoga erishish muqarrarligini aytibdi. Hoqon amriga ko‘ra, mulozimlar nihoyatda go‘zal qizga uylanayotgan Van ismli bir yigitni topib kelishibdi. So‘ngra uni mo‘miyolab, devor ostiga ko‘mishibdi. Qarabsizki, istehkom qulamaydigan bo‘libdi, bora-bora uzunligi o‘n ming li (to‘rt million metr)ga yetibdi. Alqissa, u xitoy tilida “Van li chongchang” deb nomlanibdi. Bu “O‘n ming li uzunlikka ega devor” degan ma’noni anglatadi. Unga Vanning oti qo‘shilgani uchunmi, keyinchalik Xitoyda bu ism ramziy ma’noda keng tarqalib ketadi.

Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida esa jahongir Iskandar Chin mamlakatining Qirvon Navohisi aholisini ya’juz-ma’juzlar zulmidan asrash uchun tarkibi mis, qalay, rux, temir hamda toshlardan iborat mustahkam va muhtasham istehkom qurdirgani hikoya qilinadi. Albatta, asarda “Saddi Iskandariy” deya tilga olingan, aslida “Buyuk Xitoy devori” nomi bilan mashhur bo‘lgan ulkan inshootga oid ma’lumotlar afsonaviy tarzda bayon etilgan. Shunga qaramay, bu dalillar mazkur devorning o‘ta qadimiyligidan va azal-azaldan olamaro mashhurligidan dalolat beradi.

Fazogirlarning ta’kidlashlaricha, Buyuk Xitoy devori koinotdan ham bemalol ko‘rinib turadi. Endilikda u turli millatu elatlarga mansub sayohatchilar qadami uzilmaydigan umri boqiy ziyoratgohlardan biriga aylangan.