«Chumolilar madaniyati» bor narsami?

«Chumolilar madaniyati» bor narsami? Inson va chumoli o’rtasida qanday umumiylik bo’lishi mumkin? Bunday qarasangiz, hech qanday. Inson — «gomo sapiens», ya’ni aqlli mavjudot. Chumolilar aqli haqida hatto boshlang’ich holida gapirmasa bo’ladi. Harqalay, bizning tasavvurimizda. O’lchamlar orasidagi farqchi? Biz chumolilarni bexosdan bosib ketishimiz mumkin. Baribir, chumolilar hayotini diqqat bilan o’rganish insonning ijtimoiy hayoti bilan bu hasharotlar o’rtasida tong qoldirarli o’xshashlik bor, degan fikrga olib keladi. Chumolilar dunyoga kelgandan to o’limiga qadar o’zaro ijtimoiy munosabatlar sistemasida yashaydi, har biri o’z vazifasini juda yaxshi biladi va bajaradi. Nima, bu madaniyat emasmi? Endigina tug’ilgan chumolilarni maxsus pitomniklar — «bog’chalar»da parvarishlashadi. Ular malakali «tarbiyachilar» ko’z ostida bo’ladi va ular muntazam ravishda kichkintoylarni chumolixonadan olib chiqib, toza havoga aylantirib keladi. Bemor chumolilarga o’z kasbining ustalari bo’lgan «doktorlar» qaraydi. Ular har kuni tibbiy ko’rikdan o’tkazadilar va zarur hollarda bemorlarni ajratib qo’yadilar hatto jarrohlik operatsiyalari o’tkazadilar, masalan, lat yegan oyoqlarini kesib tashlaydilar. Janubiy Amerikada «fermer» chumolilar yashaydi. Ular tuproq tashib kelib, daraxtlar poyidagi kovaklarni to’ldiradilar va bu «maydonlarga» turli ekinlar urug’ini ekadilar. Chumolilarning ayrim turlari o’z uyalari atrofiga ekin ekishadi. Hosilni yig’ishtirib olishda chumolilar jamoasining har bir a’zosi ishtirok etadi. Urug’ni ovqat o’rnida, xashakdan qurilish materiali sifatida foydalanadilar. Markaziy Amerikada yashaydigan o’roqchi chumolilar o’z uyalaridan to g’aramlargacha rosmana yo’l quradilar. Bunday yo’llarning uzunligi 1,5 kilometrga yetishi mumkin. Maboda, bu yo’l yopilib qolsa, chumoli-binokorlar ishni to’xtatib, kutib turishadi. Bir qancha vaqtdan so’ng bu yerga «politsiyachi» chumolilar yetib keladi va tartib o’rnatadi. Chumoli uyasiga bu signal qanday yetib keladi, bu bizga qorong’i. Telepatiya bo’lsa ajab emas. Chumolilarning bu olamdan narigi olamga ketishi ham insonlar o’tkazadigan marosimlariga o’xshaydi. «Taxtakashlar» marhum chumolini uyalaridan chetda joylashgan qabristonga ko’tarib boradilar, «go’rkovlar» esa jasadni 2-2,5 santimetr chuqurlikdagi lahadga qo’yadilar. Xo’sh, chumolilarning bu qadar murakkab va ko’p qirrali hayotini aqldan o’zga nima boshqarishi mumkin? Olimlarning tasdiqlashicha, chumolilarda bu tug’ma instinkt juda taraqqiy etgan.

Chumolilar haqida