ELEKTR DVIGATEL

ELEKTR DVIGATEL — elektr energiyasini mexanik energiyaga aylantirib beruvchi mashina. Iste’mol qiladigan tok turiga ko’ra, o’zgarmas tok va o’zgaruvchan tok Elektr dvigatellariga bo’linadi. O’zgarmas tok Elektr dvigatellarida valning aylanishlar chastotasi (soni)ni ravon rostlab turish mumkin. Shuning uchun valning aylanishlar chastotasini teztez o’zgartirib turish lozim bo’lgan hollarda shunday dvigatellar ishlatiladi. O’zgarmas tok Elektr dvigatel, uch xil sxemali: parallel uyg’onishli, ketma-ket uyg’onishli va aradash uygonishli qilib ishlab chiqarildi. O’zgaruvchan tok Elektr dvigatel jumlasiga asinxron elektr dvigatel, sinxron va kollektorli dvigatellar kiradi. Asinxron Elektr dvigatel eng ko’p ishlatiladi. Sinxron Elektr dvigatelda valning aylanishlar chastotasi iste’mol qilinadigan tokning chastotasiga qatiy bog’liq bo’ladi. Bunday dvigatellar eng quvvatli elektr yuritmalarda ishlatiladi. Elektr dvigatellar ochiq, berk va germetik turlarga bo’linadi. Portlashga xavfsiz Elektr dvigatellar ham bor. Bunday dvigatelning ichida gaz portlaganda alanga tashqariga chiqmaydi. Elektr dvigatellar uy-ro’zg’orda, sanoat va transportda keng miqyosda ishlatiladi.