Girdob nima?

Girdob va tornado bir-biriga juda o’xshash. Girdobni «dengizdagi tornado» deb ham atash mumkin. Avval tornadoning o’zi nima ekanini bilib olaylik.

Tornado — haqiqiy aylana ko’rinishidagi shtormdir. U momaqaldiroq gumburlayotgan hududda qora suyri (voronkasimon) bulut ko’rinishida paydo bo’ladi. Suyri bulut paydo bo’lishiga sabab havoning sovushi hisobiga namning yig’ilishib qolishidir. Bulut havosi sovigan butun hududda hosil bo’ladi.

Tornado soat mili bo’ylab yoki unga teskari aylanishi mumkin. Tornadoning yerga tegib turgan qismi kengligi o’rtacha 175-365 metr bo’ladi va u bir necha kilometrdan tortib 80 km. gacha bo’lgan masofani bosib o’ta oladi.

Girdob (tornado) ichida aylanayotgan havoning tezligi soatiga 500 km.ga yetishi mumkin. Tornado yerga tegadigan joylarda kuchli talofat yuz beradi. Masalan, u uylarni yer bilan yakson qilishi yoki bir necha yuz metrga ko’tarib olib borib tashlashi mumkin. Tornado («girdob» yoki «tsiklon» nomlari ham bor) yilning istalgan faslida sodir bo’lishi mumkin, ammo bahor va yoz oylarida boshqa vaqtdagiga nisbatan besh marta ko’p ro’y beradi. Ular, odatda, kunduzi qo’zg’aladi.

Ba’zi hollarda girdob quruqlikda qo’zg’algach, suvlikka ko’chgan oddiy tornado bo’lishi ham mumkin. Ammo ko’p tarqalgan girdoblar tropiklardagi dengizlar va ko’llar ustida yoki yilning iliq paytlari o’rta kengliklarda paydo bo’ladi. Ular to’g’ridan-to’g’ri suv ustida qo’zg’aladi, suyri bulutlar esa yomg’ir bulutlari va to’da bulutlardan hosil bo’ladi.

Suyri (voronka)ning quyi qismi, suv yuzasiga yaqinlasha borib, dastlab suvning ustki qismini aylantiradi, natijada suv zarralari buluti hosil bo’ladi. Suyri bulut dastlab suv buluti ichiga tushadi, so’ngra suv girdobini balandga torta boshlaydi. Girdobning asosiy qismini tashkil qiladigan suv yomg’ir suvlaridan tarkib topgani uchun ham doimo toza bo’ladi. Girdob, odatda, bir necha daqiqa davom etadi va chegaralangan yergagina ta’sir ko’rsatadi. Girdoblarning aksariyati havo temperaturasi baland bo’lgan va momaqaldiroq gumburlayotgan sovuq suvlar ustida qo’zg’aladi.