Hasharotlar qanday nafas oladi?

Tirik organizm borki, o’lib qolmasligi uchun nafas oladi. Nafas olish jarayoni — bu kislorod olish uchun havo yutish va qoldiq havoni chiqarib yuborishdir. Biz nafas chiqarayotgan havoda kislorod yo’q, unda karbonat angidrid gazi va suv bug’i bor. Biz yutadigan kislorod ba’zi ovqatlarni «kuydirishi», ya’ni organizm ularni hazm etishi uchun kerak. Tarkibida suv bug’i va karbonat angidrid gazi mavjud bo’lgan qoldiqlarning bir qismi organizm tomonidan parchalab tashlanadi, bir qismi esa tashqariga chiqarib yuboriladi. Meduza va ko’pgina chuvalchanglar juda sodda shaklda nafas olib chiqaradi. Ularning mutlaqo nafas olish a’zolari yo’q. Suv tarkibidagi kislorod terisi orqali singdirib olinadi, karbonat angidrid gazi eritmasi xuddi shu yo’sinda tashqariga chiqib ketadi. Ularning nafas olish va chiqarish borasidagi bor gap mana shu. Murakkabroq tuzilishga ega bo’lgan yer chuvalchanglarining maxsus suyuqligi — qoni kislorodni terisidan olib, ichki a’zolariga tarqatadi va tashqariga karbonat angidrid gazi chiqaradi. Aytgancha, ba’zan qurbaqalar ham shu yo’sinda, terisidan nafas olib chiqarish a’zosi sifatida foydalanadi. Ammo ularning o’pkasi bor va undan kislorod yetishmay qolgandagina foydalanadi. Ko’pgina hasharotlar g’ayritabiiy va qiziqarli ravishda nafas oladi. Agar ularning qorin bo’shligiga qarasak, terisida juda ko’p mayda teshiklar borligini ko’ramiz. Mana shu teshikchalar naychalarga kirish yo’lidir, biz ularni nafas olish naylari deb ataymiz. U insonning nafas olish naylari kabi harakat qiladi! Shunday qilib, hasharotlar ham biz kabi nafas oladi, ammo ularning qorin bo’shlig’ida yuzlab nafas olish naylari joylashgan bo’ladi. Bu naylar hasharotdek mayda mavjudotlarning ko’p joyini egallamaydi. Ammo siz odamda ham mana shunday nafas olish sistemasi bo’lishini tasavvur eta olasizmi? Boshqa a’zolar uchun joy tegmay qolardi! Aytgancha nafas olish sur’ati (ya’ni qancha tez nafas olishimiz) jonivorning o’lchami bilan belgilanadi. Hayvon qanchalik katta bo’lsa, u shunchalik kam nafas oladi. Masalan, fil bir daqiqada 10 marta, sichqon 200 martagacha nafas oladi!