Havoning og’irligi bormi?

Yerni o’rab turuvchi va ko’plab mil masofa yuksaklikka cho’zilib ketgan ulkan havo okeani yerning tortish kuchi ta’siri bilan ushlab turiladi. Shunga asosan, havo ham muayyan og’irlikka ega. Havo butun atrofimizni qurshab turgani uchun o’zi to’ldirgan har bir predmetning og’irligini ko’paytiradi. Masalan, voleybol to’pida uncha ko’p bo’lmagan miqdorda havo bor. Agar dam solingan va dami chiqarilgan ikkita to’pni tortib ko’rsangiz, dami chiqarilgan to’p yengilroq ekanini ko’rasiz.

Siz ko’rmasangiz, ta’mini totmasangiz yoki (harqalay shamol turmagan paytda) sezmasangiz ham havo bo’shliq emas. Havo bizni o’rab turgan materiyaning bir bo’lagidir.

Havo materiya bo’lgani uchun ham yerning tortish kuchi uni o’z yuzasi yaqinida, kosmik fazoda yo’q bo’lib ketishiga yo’l qo’ymay, tutib turadi. Shunday qilib, garchi biz sezmasak-da, havoning vazni bor. U havo bizning tanamizga har tomondan ko’rsatayotgan bosimda namoyon bo’ladi. Mabodo, dengiz qa’riga tushib qolsangiz ham siz xuddi shunday bosimni his qilasiz. Faqat bu bosim havoniki emas, suvniki bo’ladi.

Havoning ulkan massasi yerni juda katta bosim bilan bosib turadi, u har kv.sm.yerni 1 kg yuk bilan bosadi.

1 kg atmosfera balandligiga teng bo’lgan 1 kv.sm havo ustunidir. Sizning kaftingiz maydoni — taxminan, 77 kv.sm. Endi kaftingizga 77 kg yuk qo’yilishini tasavvur qilib ko’ring. Buni sezmayotganingiz sababi shundaki, kaftingizga tepadan qancha yuk bossa, uni ostidan shuncha havo ko’tarib turadi. Boshingizni esa havo 270 kg kuch bilan bosadi, miyangizning qatig’i chiqib ketmayotganiga sabab, tanangizda tashqi havo bosimini muvozanatga keltirib uradigan ichki havo mavjudligidir.

Agar yer yuzasidan yuqoriga ko’tarilsangiz, masalan, toqqa chiqsangiz yoki samolyotda uchsangiz, undan uzoqlashgan sari havo bosimi kamayib borishini ko’rasiz. (Masalan, tog’ cho’qqisiga) balandroq ko’tarilganingiz sari tepangizdagi havo kamayib, bosim ham tushib boradi. 6000 metr balandlikda 1 kv.sm.ga, taxminan, 0,4 kg, 3000 metr balandlikda esa 0,7 kg bosim to’g’ri keladi. Agar 100 km balandlikka ko’tarila olganingizda edi, u yerda deyarli bosim yo’qligini sezishingiz mumkin bo’lar edi.