Zarifov Hodi Tillayevich (Hodi Zarif) (1905.20.3 — Toshkent — 1972.13.1) — o‘zbek folklorshunosligi asoschisi. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi asarlarining to‘plovchisi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1967), filologiya fanlari doktori (1965), professor (1967).

Eski va yangi usuldagi maktablarda boshlang‘ich ta’lim olgan. Boku o‘qituvchilar seminariyasida o‘qigan (1923—26). O‘zbekistondagi maorif, va madaniyat muassasalarida ishlagan (1926—30). Moskvadagi sobiq Ittifoq xalqlari markaziy muzeyida ilmiy xodim (1930—31), O‘zbekiston Madaniy qurilish ilmiy tadqiqot instituti etnografiya sho‘basi boshlig‘i (1931—34), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va Adabiyot institutida folklor bo‘limi mudiri (1934— 39; 1956—65; 1960—72), direktor (1944—48), direktor o‘rinbosari (1955—62), entsiklopediya bo‘limi boshlig‘i (1965—68), Navoiy ko‘rgazmasi (Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi)ning birinchi direktori (1939—56), Sharq qo‘lyozmalari (Sharqshunoslik) intining direktor o‘rinbosari (1943—44), Navoiy ijodini o‘rganish qo‘mitasining ilmiy kotibi (1957—72).

Hodi Zarif o‘zbek xalq baxshilaridan «Yusuf bilan Ahmad», «Yodgor», «Ravshan», «Rustamxon», «Ochildov» kabi mashhur dostonlarni yozib olgan, shuningdek, ertak, qo‘shiq va maqollar, dialektologiya va etnografiyaga oid materiallar, tarixga oid hujjat va yodnomalar to‘plagan. Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Nurmon Abduvoy o‘g‘li, Abdulla Nurali o‘g‘li, Xolyor Abdukarim o‘g‘li, Ahmad baxshi Matnazar o‘g‘li, Bola baxshi kabi xalq san’atkorlari, ular ijodi haqida ilmiy maqolalar yozgan. O‘zbek eposi masalalari, baxshilik san’ati, xalq shoirlarining epik repertuarining g‘oyaviybadiiy mundarijasi, o‘zbek folklorshunosligining asosiy taraqqiyet yo‘lla rini tadqiq etish ga alohida e’tibor bergan.

Hodi Zarif o‘zbek folklorshunosligida o‘z maktabini yaratdi. O‘zbek adabiyoti tarixi, dialektologiya, leksikologiya, etnografiya va arxeologiya masalalariga oid ilmiy ishlar muallifi («Lug‘at ham termin to‘plovchilarga qo‘llanma», 1934; «Lutfiy va Navoiy», 1948; «Folklor va arxeologiya materiallarini qiyosiy o‘rganishga doir», 1958 va b.).

Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1973). Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi o‘zbek folklori bo‘limiga Hodi Zarifning yodgorlik byusti (muallif A. Shoymurodov, 1984) qo‘yilgan. Toshkent ko‘chalaridan biriga uning nomi berilgan.