Ibtidoiy odamlar hayoti bilan bog’liq odatlar

Mustaqillik tufayli milliy ongimiz, tarixiy xotiralarimiz tiklanmoqda. Zero, istiqlolga erishganimiz bois biz o’z boy tariximizni juda qadim zamonlardan – ming yilliklar qa’ridan izlamoqdamiz. Olis o’tmish ichiga qanchalik chuqur kirib borilsa, uni o’rganish shunchalik qiyin bo’ladi. Chunki uni tadqiq qilish uchun manbalar topish mushkullashadi. Shunday bo’lsa-da, mavjud ma’lumotlardan foydalanib va yangi manbalarni izlab, ularni mantiqiy tahlil qilib, o’z ajdodlarimiz tarixini chuqur o’rganib borishimiz zarur. Aks holda, tarixiy ongni tiklab bo’lmaydi. Tarix – bizning tayanchimiz. Bu tayanchdan kuch olish uchun uni yaxshi bilish kerak. Biz tariximizni qanchalik qadrlasak, kelajagimiz shunchalik porloq bo’ladi.

Ma’lumki, eng qadimgi davrlarda odamlar to’da-to’da bo’lib yashashgan. Bu ularga yirtqich hayvonlar, tabiiy ofatlarga qarshi kurashish, sovuqdan saqlanish kabilarda qo’l kelgan. Har bir to’daning o’z boshlig’i, yetakchisi bo’lgan. Davrlar o’tgan sari yetakchilar o’zlari uchun ma’lum bir imtiyozlar joriy qila boshlashgan. Bu esa to’dada rahbarlikka da’vogarlar sonini ko’paytirgan. Bundan da’vogarlar bilan yetakchi rahbar o’rtasida tez-tez kelishmovchiliklar vujudga kela boshlagan. Ko’pincha bu ziddiyatlar qon to’kilishi, jang bo’lishiga olib kelgan. To’da rahbari bilan da’vogarlar o’rtasida maxsus janglar ham bo’lib o’tgan. Ba’zida bu janglar juda a’zolari uchun katta tomoshaga aylangan. Jangda mag’lub bo’lgan yana qayta rahbarlikka da’vo qilmasligi uchun ko’pincha o’ldirilgan. G’olib esa, to’daga rahbarlik qilgan.

Bu kabi xunrezlik va tartibsizliklarga chek qo’yish, hamda urug’ ichidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida ibtidoiy jamoa tuzumida jamiyat a’zolarining umumiy manfaatiga xizmat qiladigan odatlar joriy qilingan. Rahbarga so’zsiz bo’ysunish, ov qilib yoki yig’ib-terib olingan narsalarni birgalikda baham ko’rish, jamoada janjal chiqarganlarni jazolash kabi odatlar ibtidoiy davrdan paydo bo’lgan. Bu davrlarda odat qonun vazifasini ham bajargan.

Ma’lumki, jamoa (urug’, qabila) undagi erkak va ayollar o’rtasidagi munosabatlar asosida rivoj topgan. Biroq bu munosabatlarning madaniylashish jarayoni oson kechmagan va u uzoq davom etgan. Masalan, oila va uning shakllanishida muhim o’rin tutadigan to’y marosimi vujudga kelguniga qadar yuz ming yillar o’tgan bo’lsa kerak.

Quyida oila va to’y marosimining paydo bo’lishi va tadrijiy rivojlanib borishi jarayoni to’g’risida qisqacha to’xtalamiz.

Qadimshunoslarning ta’kidlashicha, eng qadimgi davlarda erkak va ayollar o’rtasidagi jinsiy aloqalar avval mavsumiy holda (jumladan, erta bahorda) sodir bo’lgan. Odamning bosh miyasi rivojlanib, uning tabiiy (yovvoyi) ehtiroslari madaniylashgani sari uning jinsiy aloqa qilishi mavsumiyligi ham barham topa borgan va bu ish qulay vaqtlarda ham bajariladigan urf-odatga aylangan. Tarixiy manbalardan ma’lumki, odamlar to’da – katta jamoa bo’lib yashagan davlarda, “to’dadagi barcha erkak va ayollar bir-biriga umumiy er-xotin hisoblangan”. U davlarda jinslar orasidagi munosabatlarda muayyan tartib-qoida bo’lmagan. Keyinchalik jinslar orasidagi mavsumiy aloqalar tartibga solinib, u muayyan tadbir shaklida uyushtirilgan. Bu xildagi mavsumiy tadbirlar keyinroq “Orgaistik bayramlar” deb nom olgan. Bu tadbir o’tkaziladigan paytda barcha erkak va ayollarga jinsiy aloqa qilish uchun erkinlik berilgan. Bu bayram urug’chilik va undan keyingi paytlarda, oila vujudga kelgan davlarda ham saqlanib qolgan.