IX-XII asrlarda o’zbek davlatchiligi, O’rta Osiyo xalqlari hayotida yuz bergan uyg’onish (renessans) davri

VIII asr oxiri va XI asr boshida arab xalifaligi og’ir siyosiy vaziyatni o’z boshidan kechirdi. Xalifalik hududida mahalliy xalqlarning hukmron ma’murlar zulmiga qarshi qo’zg’olonlar avj oldi, ayniqsa uning boshqaruv markazida ichki nizolar tinimsiz davom etmoqda edi. Bu vaziyat o’z navbatida joylarda, xususan O’rta Osiyoda ham mustaqil davlatlarning tashkil topishi uchun shart-sharoitlar yaratmoqda edi. Dastlabki bunday davlatlar arablar istilo qilib ulgurmagan O’rta Osiyoning shimoliy va shimoliy-sharqiy hududlarida shakllandi. Ulardan birinchisi qarluqlar davlati bo’lsa, ikkinchisi O’g’uzlar davlati edi.

Oloy daryosining g’arbida, Irtish daryosining o’rta oqimida istiqomat qilgan qarluqlar qadimdan turkiy elatlar bo’lib, VI-VII asrlarda Turk xoqonligi tarkibida bo’lganlar. VII asr o’rtalarida Yettisuv o’lkasiga kelib joylashgan. qarluqlarning katta guruhi Talos va Chu daryolari adoqlaridan Issiqko’lgacha bo’lgan hududlarda yashaganlar. Ular VIII asr oxirlarida davlat bo’lib birlashdilar. Uning markazi Chu daryosi shimolida joylashgan Siyob shahri bo’lgan. Bu davlat hududiga yana Jo’l, Navkat, Karmankot, Yor, To’n, Barsxon, Panjikent, Beklig’ kabi shaharlar kirgan. Xalqning asosiy mashg’uloti chorvachilik va ovchilik bo’lgan. Daryo vodiylarida esa dehqonchilik bilan shug’ullanganlar. Ular dastlab moniy va nasroniy dinlarini, so’ngra X asr o’rtalarida islomni qabul qilganlar, hattoki, shaharlarda jome masjidlari qurganlar. qarluqlar doimo janubda yag’molar, g’arbda Sirdaryo etaklarida yashovchi o’g’uzlar tazyiqidan aziyat chekkanlar. X asrda qoraxoniylar davlati shakllanganidan keyin qarluqlar uning tarkibiga singishib ketgan. Ular asosan Shosh, Farg’ona va Zarafshon vohalarigi kelib joylashib, mahalliy aholi bilan qorishib ketdilar.

O’g’uzlar esa VII asrga qadar qarluqlar singari Turk xoqonligi tarkibida bo’lgan. Ular tarixda to’quz o’g’uz nomi bilan tilga olinadi. Turk xoqonligi yemirilgach, o’g’uzlarning katta bir qismi g’o’z yoki o’g’uz nomi bilan Sirdaryo havzasi va Orol dengizi atroflarida o’rnashib, IX asr oxiri X asr boshida Turklarning yana bir birlashmasi sifatida – O’g’uzlar davlatiga asos soldilar. Uning chegaralari shimolda Irtish daryosidan to Ural tog’ tizmalarining janubi sharqiy yonbag’rigacha, janubda Kaspiy dengizining shimoli-g’arbiga qadar cho’zilgan edi. O’g’uzlar asosan chorvachilik, o’troq dehqonchilik bilan shug’ullangan. Shosh va Xorazm yerlariga doimo hujum uyushtirib turgan, shahar va ovullarni talaganlar.

Somoniylar davlatida markaziy va viloyatlar boshqaruvi tizimi yuzaga keldi. Markaziy boshqaruv dargoh (saroy) va devon (mahkama) orqali amalga oshirildi. Boshqaruvda amir (hukmdor)ning shaxsiy lashkari bo’lmish turk g’ulomlarining roli katta bo’lgan. Eng obro’li, iqtidorli g’ulomlar xiyolboshi (otliq askarlar boshlig’i), so’ng hojib lavozimini egallaganlar. Amirning hamma hukm va farmoyishlarini ijro etuvchi sohibi xaros yoki amiri xaros oliy siyosiy hokimiyatni boshqargan. Somoniylar saroyida ham devonboshilar, mirzaboshilar, miroxo’rlar va boshqa mansablar mavjud bo’lgan. Devonlarning eng kattasi vazir devoni hisoblanib, unga boshqalari bo’ysungan.

X asr o’rtalarida Yettisuv va Qashqarda yashovchi Qarluq, chig’il va yag’mo qabilalarining ijtimoiy–iqtisodiy hayotida muhim o’zgarishlar sodir bo’ldi. Avvaldan asosan chorvachilik bilan shug’ullangan bu qabilalar endi o’troq hayotga o’ta bordi va dehqonchilik bilan shug’ullana boshladi. Shaharlar yuzaga keldi, yana bu davrda Issiqko’l janubi va Qashqarda yashagan yag’molarning o’zlaridan shimolda yashayotgan chig’il qabilalari bilan yaqinlashuvi tezlashdi. Ular Yettisuvdagi Qarluqlarni uyushtirib, o’zlariga bo’ysundirdilar. Yag’mo urug’idan chiqqan, o’z qavmi bilan islomni qabul qilgan Sotuq Abdul – Karim Qoraxon (Bug’raxon) 942 yili Bolasog’un hokimini mag’lub etib, o’zini xoqon deb atadi. Demak, Qoraxon davlati Yettisuv hududida Qarluq davlati o’rnida tashkil topdi. Bu davlatning vujudga kelishida chigillar, tuxsilar, arg’ular, yag’molar, turgashlar, Qipchoqlar, yabaqular, qaylar, o’g’uzlar, qirg’izlar singari urug’-qabilalar muhim rol o’ynagan. Bu davlatga yuqorida qayd etilgan Sotuq Abdul – Karim Qoraxon asos solgan. Xoqon nomiga ko’ra Qoraxoniylar davlati deb nomlangan. U o’zini Afrosiyob (Alp Er To’nga) ning avlodi deb hisoblar edi. «Qora» iborasi qadimgi turkiy tilda «buyuklik», «ulug’lik» ma’nolarini bildirgan. Odatda Qoraxoniylar hukmdorini «tamg’achxon», ya’ni, «xonlar xoni» deb yuritgan. Sotuq zamonida Qoraxoniylar davlati ikkiga bo’linib ketadi. Birining poytaxti Bolasog’un bo’lib, oliy hokimiyat yoshi katta bo’lgan xoqon tomonidan boshqarilgan. Ikkinchi davlatning poytaxti Taroz, keyinchalik Qashqar bo’lib, kichik xoqon tomonidan boshqarilgan. Qoraxoniylar somoniylar davlatidagi ichki nizolardan ustalik bilan foydalandilar. Hasan Bug’roxonning 992 yili somoniylarga qarshi harbiy yurishi oldidan somoniylar lashkarboshisi Abuali Simjuriy u bilan muzokara olib borgan. Somoniylarning boshqa lashkarboshilaridan Balx hokimi Foyiq Raboti Malik yaqinidagi Bug’roxonga qarshi jangda, har tomonlama ustunlikka ega bo’lishiga qaramasdan taslim bo’ladi. Iloq hokimi Mansur ibn Ahmad esa xoqonga tobelik bildirib, uning nomiga pul zarb etadi. Shu bois Bug’roxon 992 yilgi birinchi hujumdayoq Buxoroni egallashga erishadi. Lekin Bug’roxon kasallangani tufayli Buxoroni tark etdi va yurtiga qaytish chog’ida yo’lda vafot etildi. Bundan foydalangansomoniylar vakili Nuh II ning o’g’li Nasr Somoniy Buxoro taxtini qayta egallaydi. Lekin Qoraxoniylar 996 yili Buxoroni to’liq ishg’ol qiladi. Butun Movarounnahr Qoraxoniylar tasarrufiga o’tadi. 1001 yildagi Mahmud G’aznaviy bilan tuzilgan shartnomaga ko’ra Amudaryoning janubidagi barcha yerlar Qoraxoniylar qo’liga o’tgandi. Shu tariqa Somoniylar davlati o’rnida ikkita turk davlati – Qoraxoniylar va G’aznaviylar davlatlari tashkil topdi. XI asr o’rtalarida tamg’ochxon unvonini olgan Qoraxoniy Ibrohim ibn Nasr g’arbiy Qoraxoniylar davlatining poytaxtini O’zganddan Samarqandga ko’chirdi. 1068 yilda Movarounnahrda Ibrohim ibn Nasr o’g’illari o’rtasida taxt uchun bo’lgan kurashlarda Shamsulmulk g’alaba qozondi. 1080 yilda Shamsulmulk vafotidan keyin Movarounnahrda hokimiyat uchun kurash yana avj oldi. Bundan foydalangan saljuqiylar sultoni Malikshoh 1089 yilda Movarounnahrga bostirib kirib, Buxoro va Samarqandni zabt etadi. Ahmadxon asirga olinadi. Ahmad bilan sulh qilinib, uni o’z taxtida qoldiradilar. Lekin uning saljuqiylarga itoatkorligi amirlar va ruhoniylar noroziligiga sabab bo’ldi. Natijada Ahmadxon 1095 yilda o’ldiriladi. Undan keyin taxtga o’tirgan Arslonxon (1102-1130) davrida Qoraxoniylar garchi yarim mustaqillik sharoitida siyosat yurgizgan bo’lsalar ham, Samarqandning obodonligi bo’yicha ko’rinarli ishlar qilindi. Lekin Arslonxon siyosatidan harbiy qo’mondonlar va ruhoniylar norozi edilar. Arslonxon sog’ligi yomonlashgani uchun hokimiyat uning o’g’li Nasrga o’tadi. Lekin fitnachilar Nasrni o’ldiradilar. Arslonxon Marvdan Sulton Sanjarni yordamga chaqiradi. Bundan foydalangan Sanjar 1130 yilda Samarqandni egallaydi.

XII asr boshlarida Qoraxitoylar Bolasog’unni egalladilar. 1138 yilda Qoraxitoylar go’rxoni Sulton Sanjarning Qarindoshi, Samarqand hukmdori Mahmudni Xo’jand yaqinida mag’lub etdi. Shahar talanib, katta tovon undirildi. Lekin shahar bosib olinmadi. 1141 yilda Qoraxoniylar yana Movarounnahrga bostirib kirdilar. Bu galgi jang Samarqand yaqinidagi Katvon cho’lida bo’ldi. Jangda Sulton Sanjar va Mahmudning birlashgan qo’shnilari tor–mor qilindi. Qoraxitoylar Samarqand va Buxoroni egalladilar. So’nggi Qoraxoniylar Qoraxitoylarga tobelikdan qutulgan edilar. Lekin 1212 yilda Alovuddin Muhammad Xorazmshoh g’arbiy Qoraxoniylar davlatining xoqoni Usmonni o’ldirib, Samarqandni o’z mulkiga qo’shib oldi. Qoraxoniylar davrida Movarounnahr markazlashgan davlat tizimidan alohida mulk boshqaruv tizimiga o’tdi. Har bir viloyat ma’lum siyosiy mavqega ega holda xondan kichikroq unvonga ega elikxonlar tomonidan boshqariladigan bo’ldi.

Xorazm somoniylar davrida ularga tobe edi. Xorazm davlati o’z mustaqilligiga g’aznaviylar va saljuqiylar hukmronligiga qarshi kurash jarayonida erishdi. 996 yilda Shimoliy Xorazm shoqi Ma’mun ibn Muhammad (995-997) ikki qismga bo’lingan o’lkani birlashtirib, xorazmshoh unvonini oladi va Urganchni o’z poytaxtiga aylantiradi. X asr ikkinchi yarmidan G’azna shahri Xurosonning siyosiy markaziga aylanadi. G’aznaviylar davlatiga dovyurak turk qo’mondoni Sabuqtegin asos solgan (962). Bu davlat uning o’g’li Sulton Mahmud (998-1030) davrida musulmon dunyosining eng kuchli davlatlaridan biriga aylanadi. Mohir siyosat arbobi Mahmud Qoraxoniylar bilan bo’lgan kelishuvga binoan o’zining shimoliy chegaralarini aniqlab, g’arbda Kaspiygacha bo’lgan hududlarni rasmiy jihatdan mustahkamlab oldi. Shu tariqa uning davlati tarkibiga hozirgi Afg’oniston, O’rta Osiyoning katta qismi, Shimoli-Sharqiy Eron va Shimoliy Hind yerlari kirgan. Mahmud G’aznaviy temir intizomli, yaxshi harbiy tayyorgarlik ko’rgan, zamonaviy qurollangan katta qo’shin tashkil qilgan. Unga tayanib, ko’plab istilochilik yurishlarini uyushtirdi va katta boyliklarni qo’lga kiritdi. Jumladan, u Shimoliy Hindistonga 17 marta harbiy yurishlar uyushtirgan. 1019 yilda Kanauja shahrini zabt etdi. 1010-1015 yillarda Xurosonning G’ur viloyati ham unga taslim bo’ldi. Mahmud G’aznaviy Xorazmning moddiy boyliklari va madaniy salohiyatini e’tiborga olib, Xorazm shohini o’ziga tobe etish maqsadida o’z singillarini Xorazmshoh Ali ibn Ma’mun (997-1009); uning ukasi Ma’mun ibn Ma’mun (1009-1016) ga uzatadi. Ma’mun ibn Ma’mun shohligining so’nggi yillarida Mahmud G’aznaviyning Xorazmga tazyiqi kuchaydi. 1017 yilda shohning Xozaraspda turgan qo’shinida Ma’munga qarshi fitna uyushtirilib, suiqasd qilinadi. Isyonchilardan o’ch olish bahonasida Mahmud G’aznaviy Xorazmga bostirib kirib, uni egallaydi. Xorazmda o’z odami Oltuntoshni noib qilib qoldiradi. Mahmud G’aznaviy vafotidan so’ng (1030) uning o’g’li Ma’sud davrida (1030-1041) bu davlat ichki ziddiyatlarning kuchayishi va saljuqiy turklarning ketma–ket hujumlari, ayniqsa, 1040 yildagi Dandanakondagi zarba natijasida o’zini o’nglab ola olmadi. Nihoyat, 1043 yilda Xorazmni saljuqiylar bosib oldi. Saljuqiy sultoni Malikshoh (1072-1092) o’z tashtdori Anushteginni 1076 yilda Xorazm hokimi etib tayinlaydi. Saljuqiylar davlati dastlab IX asrning ikkinchi yarmi va X asr o’rtalarida Orolbo’yi va Kaspiybo’yi hududlarida yashagan o’g’uzlar ittifoqi negizida shakllangan edi. Uning dastlab poytaxti Sirdaryo etaklaridagi Yangikent edi. O’g’uzlar aslida 22-24 qabiladan iborat bo’lgan. Unga chovdir, chandir, sireli, ichdir yazir, salir, qoradoshli, bayot, koyi kabi qabilalar kirgan. O’g’uzlarning muayyan sabablar bilan hozirgi Turkmaniston yerlariga o’tib, islomni qabul qilgan va o’sha joydagi yerli aholi bilan singishib ketgan qismi turkmanlar nomini olgan. O’g’uzlarning yobg’usi (yetakchisi) Saljuqbek Saljuqiylar davlatiga asos solgan. Uning avlodlari – To’g’rulbek, Chog’irbek va Shakarbeklar bu davlatni buyuk saltanat darajasiga ko’tardilar. O’g’uzlar turli xalqlarning, chunonchi o’zbek, turkman, turk, gagauz va boshqa xalqlarning etnik shakllanishiga ham sezilarli darajada ta’sir ko’rsatganlar. Ko’chmanchi chorvador qabilalar bo’lgan o’g’uz – turkmanlar XI asr o’rtalariga qadar Qoraxoniylar va g’aznaviylar hukmdorlari bilan kelishuv asosida bu davlatlarga qarashli turli hududlarda o’z ko’ch–ko’roni, chorvasi bilan ko’chib yurganlar. Ba’zi hollarda mahalliy aholi bilan kelisha olmay ularga hujum uyushtirib, talonchilik va bosqinchilik bilan ham shug’ullanganlar. G’aznaviylar roziligi bilan Niso, Farova, Dehiston, Obivard hududlarida joylashgan turkman o’g’uzlari To’g’rulbek boshchiligida tez orada katta kuch bo’lib birlashib, G’azna davlatiga Ham jiddiy xavf sola boshlaydi. To’g’rulbek qisqa vaqtda Xuroson yerlarini ishg’ol Qildi. 1040 yilda Saraxs va Marv o’rtasidagi Dandanakonda qaqshatgich zarbaga uchragan g’aznaviylar hududlari ham saljuqiylar tasarrufiga o’tdi. To’g’rulbek Saljuqiylar davlatining boshlig’i (1038-1063) sifatida istilochilik yurishlarini g’arb tomonga davom ettirib, Fors Iroqi, Ozarbayjon, Kurdiston, Qo’histonni zabt etdi. 1055 yilda xalifalik poytaxti Bog’dodni o’ziga bo’ysindirdi. Ray shahri (Eron) uning poytaxti edi.

Saljuqiylar davlati, ayniqsa, Sulton Sanjar (1118-1157) davrida o’z hududlarini kengaytirdi. Bu davrda Xorazm ham saljuqiylar nomidan boshqarildi. Qoraxoniylar xoni Arslonxon ham Sulton Sanjar bilan hisoblashishga majbur bo’lgan. Biroq 1141 yilda Katvon cho’lida Qoraxoniylar bilan bo’lgan katta to’qnashuvda saljuqiylar qaqshatqich zarbaga uchragach, ularning hukmdorlari ham inqiroz tomon yuz tutdi. Sulton Sanjar vafotidan keyin (1157) saljuqiylar davlatining Movarounnahrdagi ta’siri amalda barham topdi. Xorazmda anushteginlar sulolasining mustahkamlanishi, o’lkaning ijtimoiy–iqtisodiy rivojlanishida Qutbiddin Muhammad garchi muhim rol o’ynagan bo’lsa-da, biroq uning butun hukmronlik davri saljuqiylar ta’siri doirasida o’tdi. Shuning uchun ham Xorazmning mustaqil davlat sifatidagi o’rni va mavqei ko’proq uning o’g’li Otsiz (1127-1156) hamda anushteginiylarning keyingi avlodlari: El Arslon (1156-1172), Takash (1172-1200) va Alavuddin Muhammad (1200-1220) davrlarida har jihatdan ko’zga tashlandi. So’nggi hukmdorlar Takash va Muhammad Xorazmshohlar davriga kelib, Xorazm davlati o’rta asrlar davridagi eng qudratli saltanatga aylanadi. Ayniqsa, Otsiz hukmronligi davrida Xorazm saljuqiylarga bo’lgan tobelikdan, Qoraxitoylarga 30 ming dinar to’lash majburiyatidan ozod bo’ldi. Bu Xorazm mustaqilligini ta’minlashda juda katta qadam edi. Hattoki, Otsiz o’z hududini kengaytirishga ham harakat qildi. 1141 yilda Qoraxitoylar bilan Sulton Sanjar o’rtasidagi qonli to’qnashuv va unda saljuqiylar mag’lubiyatidan foydalangan Otsiz Xuroson yerlarini, Marv va Nishopur shaharlarini egalladi. Otsizning vorisi El Arslon ham mamlakat mustaqilligini ta’minlash yo’lida Qoraxitoylar bilan jang olib bordi. El Arslon vafotidan foydalangan Qoraxitoylar Xorazm hududiga bostirib kirdilar va uni o’lpon to’lashga majbur qildilar. Ammo Xorazm taxtini egallagan Takash (1172-1200) o’z davlati qudratini yuksaltirishga muvaffaq bo’ldi 1187-1193 yillarda u Nishopur, Ray va Marv shaharlarini bosib oldi. 1194 yilda saljuqiylar sultoni To’g’rul 2 ta zarba berib, Eronni egalladi. Uning yirik va katta markazlashgan hokimiyat boshqaruviga ega bo’lgan. Unda oliy idora – devon mavjud bo’lib, davlatning ichki va tashqi siyosati vazir tomonidan amalga oshirilgan. Hokimiyatning muhim bo’g’inlarida Takashning xotini – Turkon xotinga qarashli qipchoq qavmlarining ta’siri kuchli bo’lgan. Xorazm davlatining eng yuksalgan cho’qqisi ham, uning inqirozi ham shu so’nggi Xorazmshoq nomi bilan bog’liq. Binobarin, Muhammad Xorazmshohning hukmdorlik davrining murakkabligi va ziddiyatliligi hamda fojealiligining boisi ham shundadir. Negaki, shuhratparastlik va jahongirlikka nihoyatda o’ch bo’lgan Sulton Muhammad o’zining 20 yillik hukmronlik davrida, bir tomondan to’xtovsiz jangu jadallarda bo’lib, qanchadan–qancha hududlarni bosib olishga erishgan bo’lsa, ikkinchi tomondan, uning davrida katta saltanat turli ichki va tashqi sabablarga ko’ra yemirilish va chuqur tushkinlik holatini boshidan kechirdi. Bu esa oqibatda xorazmshohlar davlatining qulashi va mo’g’ul istilosiga duchor bo’lishiga olib keldi. Dastlab Muhammad Xorazmshoh katta qo’shin tuzib, zafarli harbiy yurishlar qildi, o’z davlatining hududlarini kengaytirdi. Janubda Hindiqush tog’larigacha, janubi – g’arbda Fors qo’ltig’i, xalifalik davlati chegaralarigacha, Sharqda Yettisuvga qadar bo’lgan hududlarni egallashga muvaffaq bo’ldi. 1210 yilda Talos vodiysida Qoraxitoylar bo’lgan hal qiluvchi jangda ularni ham yyengib, o’z qudratini namoyon etdi. Ushbu g’alabalardan so’ng Xorazmshoh o’ziga ortiqcha bino qo’ydi, o’zini «Iskandari soniy» («ikkinchi Iskandar»), «Xudoning yerdagi soyasi» deb atashgacha borib yetdi. Biroq aslida esa uning saltanati «usti yaltirog’, ichi qaltiroq» edi. Buning sababi birinchidan, oliy hokimiyat chuqur ziddiyatga botgan edi. Hukmdorlar bilan uning hokimiyatparast, katta siyosat mavqeiga ega bo’lgan uning onasi Turkon xotin va uning turkiy zodagonlaridan iborat muxolifotchi kuchlari o’rtasidagi ittiloflar kuchayadi. Ikkinchidan, markaziy hokimiyat tizimi bilan mahalliy hokimlar, beklar o’rtasidagi qarama–qarshiliklar, ularning o’zboshimcha hatti–harakatlarining kuchayib borayotganligi saltanatni inqirozga tortmoqda edi. Buning ustiga hukmron tizimdan norozi bo’lgan keng xalq ommasining g’alayonlari faollashib bormoqda edi. 1206 – 1207 yillarda Buxoroda yuz bergan Malik Sanjar boshchiligidagi, 1212 yilda Samarqandda ko’tarilgan kuchli xalq qo’zg’olonlari xorazmshohlar davlatining halokatga borayotganligidan dalolat berdi.

Ma’lumotlarda qayd qilinishicha, Xorazmshohlar davlatining aholisi va uning tarkibidagi turli qatlamlari orasida sayyidlar, imomlar va olimlar, qozilar va hakimlar, tasavvuf vakillari, qishloq, kasaba, urug’-qabila boshliqlari, oqsoqollar, amaldorlar va sipohiylar, islom dini uchun kurashuvchi g’oziylar bo’lganki, hukmdorlar ularni asosiy tayanch sifatida foydalanganlar. Mamlakat mehnatkashlarining qatlami va martabalar o’rtasidagi farqlar somoniylar davlatidagi singari edi. Markaziy Osiyoda IX-XII asrlarda tashkil topgan markazlashgan davlatlar davrida Samarqand, Buxoro, Urganch, Marv, Termez va ko’plab shaharlar ma’muriy va madaniy markazlarga aylandi. Bu shaxarlarda ko’rkam madrasalar, machitlar, maqbaralar va karvonsaroylar qurildi. Ularga X asrda barpo etilgn Ismoyil Samoniy maqbarasi, Samarqand yaqinidagi Arab ota maqbarasi, XI asrda Marvda barpo etilgan Sulton Sanjar va boshqa o’nlab memoriy unshoatlarni aytish mumkin. Bu davrda Markaziy Osiyoda kulolchilikda ijobiy siljishlar ro’y berdi. Ayniqsa badiiy kulolchilik tez taraqqiy etdi.

Fanda «Uyg’onish davri» deb nomlangan davr G’arbiy va Markaziy Yevropadagi mamlakatlarda XIV–XVI asrlardagi rivojlanishning o’ziga xos xususiyatlarini ifodalash uchun ishlatilgan. Birinchi marta «uyg’onish» atamasini XVI asr italyan rassomi va tarixchisi J. Vazari o’z asarlarida qo’llaydi. Lekin bu atama XIV – XVI asr ijtimoiy–iqtisodiy rivojlanish mohiyatini ochib bermasdan, ko’proq antik davr merosini, ya’ni, antik madaniyatga o’xshash madaniyatning qaytadan «tirilishi», «uyg’onishi» va «jonlanishi» ma’nosida ishlatila boshlandi. Keyinchalik bu atama fanda keng qo’llanildi. Shu ma’noda ko’pchilik tadqiqotchilar IX – XII asrlar O’rta Osiyo xalqlari tarixida madaniyatning rivojlanishiga xos xususiyatlarini ham «uyg’onish» davri deb atalishi yuqorida qayd qilinganidek, shartlidir deb hisoblaydilar. Haqiqatda XV –XVII asrlarda Yevropa mamlakatlarida birin–ketin madaniy yuksalish ko’zga tashlanadi. Bu madaniy yuksalish, birinchi navbatda, ijtimoiy–iqtisodiy o’zgarishlar bilan, jamiyat hayotida shaharlarning, shahar madaniyatining hunarmandchilik ishlab chiqarishining rivoj topishi bilan uzviy bog’liq edi. Renessans madaniyati birinchi bo’lib Italiyada boshlangan. Ma’lumki, Italiya o’sha davrda O’rta yer dengizda, temir va havo yo’llari bo’lmagan bir davrda, suv yo’li orqali savdo-sotiqni rivojlantirish, boshqa mamlakatlar bilan turli iqtisodiy – madaniy aloqalarni avj oldirishda markaziy o’rinlardan birini egallar edi. Italiya suv yo’li orqali bevosita rivoj topgan Sharq davlatlari, xususan, arab davlatlari bilan yaqindan aloqada bo’lishga intildi. IX – XII asrlarda Yaqin va O’rta Sharq xalqlari, musulmon Sharqi madaniyatning yuqori cho’qqiga ko’tarilgani tarixdan ma’lum. Italiyaning bu davlatlar bilan iqtisodiy– madaniy aloqalari Yevropada Renessans madaniyatining vujudga kelishida muhim rol o’ynagan. Italiyaning Sharqiy qo’shnisi bo’lgan Ispaniyada esa musulmon madaniyatini bevosita rivoj ettirgan arab davlati – Qordova xalifaligi deyarli XV asrlarga qadar davom etdi. Bularning barchasi Italiyada boshlangan Renessans, Uyg’onish madaniyati shakllanishida IX-XII asrlarda Yaqin va O’rta Sharq Uyg’onish davri madaniyati, fani bilan uzviy bog’liqligini ko’rsatadi. XII-XV asrlarda Italiyada Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg’oniy, Marvoziy, Farobiy, Ibn Sino, Ibn Rushd kabi mashhur Sharq olimlarining asarlari lotin tiliga tarjima etildi, arab ilmiy yutuqlarini o’rganishga intilish kuchaydi. Bu asarlar Yevropaga keng tarqaldi va Renessans madaniyatining muhim qismiga aylandi. Ma’lumki, V asr oxiri va IX asr o’rtalariga kelib, arab xalifasi Sharqda eng rivojlangan imperiyaga aylandi. Xalifalar Mansur, Xorun ar – Rashid, Ma’mun davrlarida xalifalikning markaziy shaharlari, xususan, Bog’dod iqtisodiy va madaniy jihatdan eng rivojlangan shaharga aylandi. Madaniyat, ilm-fan taraqqiy etdi. Bu yerda turli ilmiy, diniy, muzokaralar avj oldi, turli mamlakatlardan kelgan ilm vakillari tomonidan keng ilmiy muhokamalar uyushtiriladigan bo’ldi, ilmgohlar vujudga keldi, kitob ko’chirish, turli tillardan arab tiliga ilmiy kitoblarni o’girish avj oldi, maxsus tarjimonlar maktabi vujudga keldi, asar yozishga qiziqish kuchaydi. Bu davrda birinchi akademiya – «Donolik uyi» tashkil topdi va bu yerda turli ilmlarning rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratildi, arab xalifasi Ma’mun uning rivojiga maxsus mablag’ ajratib turdi. Akademiya – «Donolik uyi»da xalifalikning turli o’lkalaridan kelgan arab, yahudiy, fors, turk, hind, yunon olimlari birgalikda ish olib bordilar. Uning faoliyatida O’rta Osiyodan borgan olimlar ham muhim rol o’ynadi. Bu davr madaniyati Foydalanilgan adabiyotlarda Yaqin-Sharqda Uyg’onish davri madaniyati sifatida talqin etiladi. Haqiqatda ham bu davrdagi Yaqin Sharqda arab tilidagi madaniyat o’z mazmuni, yo’nalishi, yutuqlari bilan Uyg’onish davri madaniy yuksalishini o’zida ifoda etdi.

Uyg’onish davri madaniyati boshqa o’lkalardagi so’nggi madaniy yuksalishga katta ta’sir ko’rsatdi. Ma’lumki, VIII asrlarda O’rta Osiyo Yaqin Sharqda yangi vujudga kelgan arab xalifaligi tomonidan istilo qilindi. Keskin kurashlar, qarshiliklarga qaramay yerli xalq bosqinchilarga qaram bo’lib qoldi. Buyuk olim Beruniy qayd qilishicha, bosqinchilar yerli xalqlarga ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan katta zarar keltirdi – yerli hokimiyat tugatildi, shaharlar, qadimgi madaniyat, mavjud yozuvlar yo’q qilindi, kitoblar yondirilib yuborildi, arxitektura, san’at namunalari barbod bo’ldi. Ilm – ma’naviyat fidoyilari qurbon etildi va hokazo. Xalq xalifalikka, dinga qaram qilindi. Ma’naviy norozilik kuchaya bordi, xalq mustaqillikni tiklash uchun kurashga qo’zg’aldi. VIII – IX asrlarda Abu Muslim, Shariq ibn Shayx, Sumbatmag, Muqanna boshchiligidagi xalq qo’zg’olonlari bo’lib o’tdi. Ular ozodlik uchun kurashdilar. Xalqning ana shu kurashi natijasida Tohiriylar, Somoniylar, Qoraxoniylar, G’aznaviylar va Xorazmshohlar davlatlari vujudga keldi, ular uzoq umr ko’rmay yo’q bo’lib ketgan bo’lsa-da, har qalay Yaqin va O’rta Sharqda yangi shakllangan musulmon o’lkalari o’rtasida iqtisodiy–madaniy aloqalar avj oldi. Madaniyat namunalari bilan almashuv, o’zaro ma’naviy ta’sir kuchaydi. Qadimgi hind, eron, arab, yunon madaniy boyliklari qorishib, foydalanilgan adabiyotlarda «musulmon madaniyati» deb nom olgan yangi madaniy qatlam vujudga keldi. Qadimgi madaniyat a’analariga nihoyatda boy bo’lgan O’rta Osiyoda mustaqillikka erishgan xalq bu davr ichida o’z madaniyatini yuksaklikka ko’tara oldi. Shaharlar, shahar madaniyatining tez rivoji hamda madaniy aloqalarning kuchayishi samarasi bo’lgan Uyg’onish, Renessans shu davrda boshlandi. O’rta Osiyo ilm–fan, ma’naviyat, tarixda misli ko’rilmagan namunalar yaratdi.

Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Firdavsiy, Rudakiy, Imom al-Buxoriy, Ahmad Yugnakiy, Mahmud Koshg’ariy, Zamaxshariy kabilar shu davr madaniy yuksalishining cho’qqilaridir. Hattoki, arab xalifasi Ma’mun O’rta Osiyo olimlarini xalifalikning markaziga olib ketgani va ular Bog’dod akademiyasining ko’rki bo’lib, ilm uchun xizmat qilganliklari tarixdan ma’lum. Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg’oniy, Javhariy, Ibn Mansur Marvarudiy kabi olimlar shular jumlasidan. O’rta Osiyoning buyuk o’g’lonlari nomi dunyo madaniyati sahifasida oltin satrlar bilan yozib qoldirilgan. Sotsial utopiya shu davrda shakllandi. Forobiy asarlaridagi yetuk, yuksak jamoa va komil inson haqidagi fikr–xayollar shu davr mahsulidir. O’rta Osiyoda bu davrda uch tilda: arab, fors, turkiy tillarda ijod etildi, tafakkur mevalari yozuvlarga muhrlanib, Sharqning turli burchaklariga yetib bordi. Bu davr madaniyati o’zining kuchli gumanistik ruhi, insonparvarlik nafasi, odamlarni o’zaro do’stlikka chaqirish, aqlni e’zozlashi bilan umuminsoniy qadriyatlarni yuksaklikka ko’tardi. O’rta Osiyo madaniyati tarixida Uyg’onish, birinchi navbatda, qaramlikdan qutulish, mustaqil tafakkur, mustaqil ijod, mustaqil ma’naviylik – mustaqillikning samarasi bo’ldi. O’rta Osiyoda IX – XII asrlarda hukm surgan somoniylar, qoraxoniylar, g’aznaviylar va xorazmshohlar davlatlari xalqaro maydonda o’z mavqei va tutgan o’rni jihatidan katta e’tibor va nufuzga ega bo’ldilar. Ahmad Nasr, Ismoil Somoniy, Alptakin, Mahmud G’aznaviy, To’g’rulbek, Sulton Sanjar, Otsiz, Takash singari tadbirkor va uzoqni ko’ra oladigan davlat arboblari davrida O’rta Osiyoda hayotning barcha jabhalarida yuksalishga erishildi, davlat hokimiyati mustahkamlandi, nisbatan tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik vujudga keldi. Tarixchi Abu Mansur as–Saolobiyning somoniylar Buxorosiga bergan ma’lumotlari butun O’rta Osiyo davlatlarining IX-XIII asrlardagi ahvoliga tegishlidir: «shon–shuhrat makoni, saltanat ka’basi va zamonasining ilg’or kishilari jamlangan, yer yuzi adiblarining yulduzlari porlagan hamda o’z davrining fozillari yig’ilgan (joy) edi».

XII asr o’rtalarigacha bo’lgan besh asrlik davr vatanimiz xalqlari ma’naviy– madaniy hayotida nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu davrda madaniyat, uning deyarli barcha sohalari yuksak darajada rivoj topdi va O’rta Osiyoning dunyo madaniyati tarixiga qo’shgan hissasini belgilab berdi. Movarounnahr, Xuroson xalqlari qadimiy madaniy an’analarga boy va ma’naviy mavqei jihatidan yuqori edi. Shu sababli O’rta Osiyo arab xalifaligiga, musulmon dunyosiga kirgandan so’ng VIII – XII asrlar davomida barcha musulmon o’lkalari madaniyati rivojida yetakchi o’rinlardan birini egalladi. Islom dini, adabiyot, tabiiy fanlar, tarixnavistlik, san’at, falsafa, huquqshunoslik, ijtimoiy tafakkur kabi madaniyatning barcha sohasida ham bu davrda buyuk siymolar, mutafakkir olimlar, zamonasining ilg’or kishilari yetishib chiqdilar. O’rta Osiyoning Buxoro, Marv, Samarqand, Termiz, Urganch, Xo’jand, Aksikent, Marg’ilon, Binkent, Kesh (Shahrisabz), Nasaf (Qarshi) kabi shaharlari o’z davrining taraqqiy etgan shaharlari va savdo markazlari sifatida ma’lum bo’ldi. IX – XII asrlarda Markaziy Osiyoda fan va madaniyat bobida shu qadar ajoyib fan kashfiyotlari va tadqiqotlari yaratildiki, bu o’tmish ajdodlarimizning jahon madaniyati xazinasiga qo’shgan bebaho hissasigina bo’lib qolmasdan, ularning aql-zakovatining nihoyatda yuksakligidan ham dalolat beradi.

Ahmad Farg’oniy 6 ta kitobi bilan dunyoga mashhur: «Falakkiyot ilmining usullari haqida kitob»; «Al-Farg’oniy jadvallari»; «Usturlod bilan amal qilish haqidagi kitob»; «Oy yerning ustida va ostida bo’lganida vaqtni aniqlash risolasi»; «Yetti iqlim Hibi»; «Astronomiya negizlari». Al – Farg’oniy Yerning shar shaklida ekanligini ochdi, Nil daryosi suvini o’lchaydigan asbob yasadi. Falakiyotga oid asarlari Yevropada Kopernikgacha bo’lgan falakiyot ilmidan asosiy qo’llanma bo’lib qoldi.

Al Farg’oniy proyeksiyalar tuzish nazariyasini yaratdi. Undan ming yil keyin buyuk matematik Eyler geografik xaritalar tuzishga bag’ishlangan asarida undan foydalandi. Undan tashqari, kompleks o’zgaruvchi miqdorlar tekisligi, noyevklid geometriyalar, kosmik geodeziya va kosmografiyalarning mazmunida ham Al Farg’oniy fikrlari yotadi.

Abu Nasr Farobiy (873-950) Toshkentning shimolidagi Foroba-Utrorda tug’ilib, dastlabki ma’lumotni Shosh (Toshkent), Buxoro va Samarqand shaharlarida oladi. So’ng Bog’dodda uzoq yashab, zamonasining buyuk qomusiy olimi darajasiga yetadi. U turli ilmlarga doir 160 dan ortiq risolalar yozgan. U Aristotel merosini chuqur o’rganadi va uni Sharqda rivojlantirgani uchun «Sharq Aristoteli» degan nomga sazovor bo’lgan. Uning risolalari riyoziyot, falakiyot, tibbiyot, axloqshunoslik, musiqashunoslik, davlatni boshqarish, ayniqsa, falsafa va mantiq ilmi masalalarini o’z ichiga oladi. Farobiyning Aristotelning barcha falsafiy asarlariga yozgan sharhlari «Masalalar bulog’i», «Ilmlar tavsifi», «Hikmat xulosasi», «Falsafaga oid maqola», «Lug’atlar haqida kitob» degan nomlar bilan bitilgan. Farobiy fikricha, olam moddiy, abadiy, yo’q bo’lmaydi va cheksiz. Inson mavjudot rivojining yakuni, rivojining aql idroki orqali dunyoni o’rganadi. U o’zining «Grajdanlik siyosati», «Fozil shahar aholisi», «Baxt-saodatga erishuv haqida» asarlarida inson uchun adolat, o’zaro hamjihatlik, farovonlik, erkin mehnat qiluvchi yetuk-fozil jamoa haqidagi ta’limotni olg’a surdi. Farobiy musulmon sharqida falsafiy va ijtimoiy-axloqiy ta’limotlarga, dunyoviy musiqashunoslikka asos soldi, mantiqshunoslik, shaharni boshqarish sohalarida ham rivojlanish yo’llarini belgilab berdi. Uning g’oyalari F. Bekon, Spinoza kabi faylasuflar dunyoqarashiga katta ta’sir ko’rsatdi.

Abu Ali Ibn Sino (960-1037) Buxoro yaqinidagi Afshona qishlog’idagi turkiy oilada tavallud topgan. U tinimsiz ilmiy izlanish natijasida falsafa, mantiq, biologiya, geologiya, mineralogiya, fizika, matematika, tibbiyot, falakiyot va fanning boshqa sohalarida 450 dan ortiq asarlar yozgan. Shundan 80 tasi falsafa, ilohiyat va tasavvufga, 43 tasi tabobatga, 19 tasi mantiqqa, 26 tasi ruhshunoslikka, 23 tasi tibbiyot ilmiga, 7 tasi falakiyotga, 1 tasi musiqaga, 2 tasi kimyoga, 9 tasi odob ilmiga, 4 tasi adabiyotga, 8 tasi boshqa fanlarga tegishli bo’lgan. Yevropada «Avisenna» nomi bilan mashhur bo’lgan Ibn Sino asarlari arab va fors-tojik tillarida yozilgan. Uning «Tib qonunlari kitobi» to XVIII asrning oxirlarigacha Yevropaning barcha tibbiy o’quv yurtlarida asosiy o’quv qo’llanma sifatida foydalanildi. Olimning falsafaga oid «Kitob ash-shifo» («Ruhni davolash kitobi») da mantiq, tabiiy fanlar, riyoziyot va ilohiyot bo’yicha falsafiy g’oyalar tahlili berilgan. «Ishoralar va tanbehlar» asarida falsafaning asosiy masalalari qisqacha bayon etiladi. U «Donishnoma» asarida o’zigacha bo’lgan tabiiy fanlar va falsafa yutuqlaridan foydalanib, Sharqning nazariy bilimlarini umumlashtirdi. Ibn Sino iste’dodli shoir va adib ham edi. Uning badiiy faoliyati «Qush risolasi», «Salomon va Ibsol», «Yusuf qissasi», «Uyg’oq o’g’li Tirik» asarlarida o’z aksini topgan.

Xorazmda tug’ilgan, lekin feodal urushlari tufayli Markaziy Osiyo va Eronning qator shaharlarida qochib yurishga majbur bo’lgan, so’ng Urganchda, Jurjonda yashagan, G’aznada uzoq davr xizmatda bo’lgan, Hindistonga safar qilgan Abu Rayxon Beruniy (973-1048) tibbiyot, riyoziyot, astronomiya, astrologiya, geografiya, geodeziya, meterologiya, etnografiya, tarix, falsafa va filologiya kabi fanlarga oid 150 ga yaqin asarlar yozgan. Beruniyning «Hindiston», «Geodeziya», «Farmokologiya», «Minerologiya», «Mas’ud qonuni», «O’tmish avlodlar xotiralari» kabi asarlari gumanitar bilimlar, arab tili, she’riyati, turli xalqlar etnografiyasi, tarixi, urf-odatlari, taqvimi, axloqshunoslik, falsafa muammolari borasida muhim manba bo’lib xizmat qiladi. Bu davrda qomusiy olimlar bilan birga ma’lum ilmlar sohasi bo’yicha mashhur bo’lgan kishilar qatoriga Hakim Termiziy, Ismoil Jurjoniy, Chag’miniy, Zamaxshariy, Narshaxiy, Balxiy, Masixiy, Ibn Iroq, Fahriddin Roziy, Muhammad Buxoriy, Abdurahmon Marvoziy kabilarni kiritish mumkin. Somoniylar davrining eng mashhur tarixchilaridan biri Abubakr Muhammad ibn Ja’far Narshahiy edi. Uning tarjimai holi to’g’risida manbalarda ma’lumotlar saqlanib qolmagan. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda Narshahiy 899 yilda tavallud qilgan va 959 yilda vafot etgan. U Buxoro yaqinidagi Narshah (hozirgi Vobkent) qishlog’ida tug’ilgan. Narshahiyning ilmiy asarlari to’g’risida ham ma’lumotlar juda kamdir. Uning faqat “Ta’rixi Buxoro” (Buxoro tarixi) asari bizgacha etib kelgan. Bu asar 943 944 yillarda arab tilida yozilgan bo’lib, uning asl nusxasi va nomi hozircha noma’lum. Bizga etib kelgan “Ta’rixi Buxoro” asari 1128 yilda Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr al Quboviy (Quva shahridan) tomonidan arab tilidan fors tiliga ag’darilgan. Abu Nasr Quboviy bu asarni fors tiliga do’stlarining iltimosiga binoan tarjima qilgan.

IX asrda musulmon o’lkalarida hadisshunoslik, hadis to’plash, uni o’rganib tartibga solish muhim sohaga aylandi. Ularning hajmi, chinligi, tartibi, ahamiyati bilan musulmon olamida 6 muhandis (hadis to’plovchi) mashhur bo’ldi. Shulardan 3 tasi Markaziy Osiyolikdir. Muhandislar ichida eng obro’lisi va mashhuri Imom Buxoriydir (810-870). Uning dinshunoslikka oid 20 ga yaqin katta hajmdagi asarlar yozgani ma’lum: «Al Jome’ as-Sahih», «At-tarix al-Kabir», «At-tarix-as-Sag’ir» va boshqalar.

Buxoriy shogirdlaridan biri Imom at-Termiziydir (824-894). U 10 dan ortiq diniy asarlar muallifi hisoblanadi. Termiziyni musulmon olamiga mashhur qilgan asari «Jome’ at-Termiziy»dir. Turkmanistonning qadimgi Niso shahridan bo’lgan Abu Abduraxmon an-Nisoniy (830-915) barcha hadislarning qisqartirilgan «An-Sunan» kitobini yozib qoldirgan. 6 ta mashhur hadisshunoslarning qolgan 3 tasi Eron va arab mamlakatlaridan. Burxoniddin Marg’inoniy (1197 y. vafot etgan) ning «Hidoya fi-lFuruz» («Shariat sohalari bo’yicha qo’llanma»), ya’ni «Hidoya» asari musulmon huquqshunosligi bo’yicha eng yirik va keng tarqalgan tadqiqotdir. U fors, ingliz va rus tillariga o’girilgan. Qur’onga tavsif (sharh) yozish borasida xorazmlik Zamahshariy, Faxriddin Roziy kabilar katta hissa qo’shganlar. Sharq xalqlari tafakkurini asrlar davomida nurafshon etib ma’naviyatimiz va ma’rifatimizga chuqur ta’sir o’tkazgan tasavvuf(sufizm) ta’limoti VIII o’rtalarida payso bo’gan. Dastlab u zoxidlik (tarkidunyochilik- bu dunyo orzu xavaslaidan voz kechish) harakati ko’rinishida bo’lib Bog’dod, Basra, Kufa, Damashq shaxarlarida keng yoyilgan. Asli tasavvuf so’zi “so’fiy” so’zidan, “so’fiy” so’zi esa arabcha “So’f” so’zidan yasalgan. So’f deb arablar jundan bo’lgan matoni aytadilar. Dastlabki davrlarda so’fiylik yolini tutgan kishilar boshqa oddiy kishilardan ajralib turish uchun jundan to’qilgan chakmon yoki po’stin kiyib yurishni odat qilganlar. Shuning uchun ularni jun chakmon kiyib yuruvchilar, yani so’fiylar deb ataganlar. Biz ajdodlarimiz qoldirgan buyuk merosni IX-XII asrlarda mamlakatimiz hududida yuz bergan chuqur ijobiy o’zgarishlar, ilm-fan, madaniyatning rivojlanishini o’rganar ekanmiz, ularning yaratilishida o’zlarining buyuk hissalarini qo’shgan buyuk allomalar, olimu fuzalolarining jahon tsivilizasiyasi rivojlanishiga qo’shgan ulushlarini alohida ta’kidlaymiz. Jahon madaniyati rivojida ularning o’rinlarini aniqlab olishimiz va ko’rsatishimiz vaqti keldi. Ularning hammasi mustaqil O’zbekistonda yosh avlodni milliy g’oya, milliy mafkura, Vatanga muhabbat, sadoqat, g’urur ruhida tarbiyalashda katta rol o’ynaydi. Ko’rinadiki, IX-XII asarlarda Markaziy Osiyoda madaniy taraqqiyotning barcha sohalarida yuqori darajada rivojlanish yuz bergan. Bu jarayonni esa «uyg’onish» renessans deyishga asos bor. Uning muhim xislati insonparvarlik bo’lgan va markazida doimo inson, insoniy aql, histuyg’u, inson ma’naviy boyligini egallash, uni yuksaltirish masalalari turgan. Tarixiy sharoitning va davrning bu chaqirig’iga vatandosh donishmandlarimiz va mutafakkirlarimiz talab darajasida javob bera olganlar. Xulosa shuki, uyg’onish madaniyati, birinchi navbatda feodal munosabatlarning tez rivojlanishi, yerli mustaqil davlatlarning yuzaga kelishi bilan bog’liq. U yangi davr ehtiyojlari asosida shakllandi. Yana uyg’onish madaniyati shahar madaniyatining yuksalishi, shaharning jamiyat hayotidagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-ma’naviy rolining kuchayib borishi bilan bog’liqligini ham e’tibordan chetga qoldirmasligimiz lozim.