Kartoshka dastlab qayerda paydo bo’lgan?

Kartoshka deganda ko’pchilikning ko’z oldiga Irlandiya keladi. Buning muayyan sababi bor. Kartoshka Irlandiya tarixida katta rol o’ynagan. Bu mamlakat aholisining hayoti yuz yillar muqaddam ma’lum ma’noda asosiy oziq-ovqat mahsuloti kartoshkaga bog’liq bo’lgan. 1846 yili butun kartoshka hosili yo’q qilib tashlangani uchun 600 000 kishi ochlikdan qirilib ketgan. Ammo Irlandiyada suyukli sabzavot sifatida qadrlangan kartoshkaning asl vatani boshqa joy, ya’ni Ekvador va Perudagi baland tog’liklardir. Hatto bugungi kunda ham u yerlarda yovvoyi holda o’sayotgan kartoshkani uchratish mumkin. Ispanlar Peruga kelishganida, kartoshkaga duch kelishgan va uni o’zlari bilan XVI asrning boshlarida Ispaniyaga olib qaytishgan. U Ispaniyadan butun Yevropaga tarqalgan va hamma xush ko’rib iste’mol qiladigan sabzavotga aylanib qoldi. Ayrim kishilarning fikricha, ispanlar kartoshkani dastlab Shimoliy Amerikaga olib borishgan. Ammo u 1719 yili Nyu-Hempsherga Irlandiyadan olib kelingani to’g’risida ma’lumotlar bor. Kartoshka ituzumgullilar oilasiga mansub. Kartoshka yo’g’onlashgan ildizdir. Uning «ko’zchalari» esa rivojlanmay qolgan kurtaklardir. Bugungi kartoshka o’zining Janubiy Amerikadagi ajdodidan keskin farq qiladi. Undagi o’zgarishlar turli ishlov berish usullari yordamida vujudga kelgan. Kartoshka o’stirgan har bir kishi uning sifatini oshirish ustida tinmay ish olib boradi. Odamlar hamisha kartoshkaning hosildor, kasalliklarga chidamli, uzoq saqlanadigan, rangi ta’bga o’tiradigan turlarini ishlab chiqarishga intilib kelgan. Shuning uchun ham kartoshkaning eng yaxshi tuganaklari urug’likka tanlab olingan. Kartoshka urug’dan emas, tuganaklardagi «ko’zchalar» — kurtaklardan ko’payadi. Bu kurtaklar nishga aylanadi. Kartoshkaning oq yoki binafsharang nishlari bo’ladi. Kartoshka butasining bo’yi 30 — 90 sm. ga yetadi. Uning poyasi so’lib qolgach, hosilini yig’ishtirib olish mumkin. Kartoshka ovqatga ishlatiladi, undan kraxmal ishlab chiqarish va spirt olishda foydalaniladi.