Kurare nima?

Shunday bir manzarani ko’z oldingizga keltiring. Jazirama tush vaqti. Yaylovda kiyiklar podasi o’tlab yuribdi. Bir qarashda ularga hech narsa xavf tug’dirmayotganga o’xshaydi. Ammo to’satdan kiyiklardan bir gurs etib yerga qulaydi, talvasa ichida bir-ikki marta pitirlab jon beradi, poda esa qo’rquvdan tirqirab ketadi. Chakalakdan allaqanday uzun naylarini quvnoq silkitgan holda bir guruh hindular yugurib chiqadi. Ulardan biri yerda yotgan kiyikning tanasidan kichik nayzani sug’urib oladi. Nahotki, shu nayza jonivorni til tortmay o’ldirgan bo’lsa? Axir, u yoydan emas, naydan otilgan ediku! Shuning uchun ham u kiyikning tanasiga chuqur botmagan. Ma’lum bo’lishicha, kiyikni til tortmay o’lishi sababi nayzada emas, aksincha, uning uchiga surtilgan kurare zaharida ekan. Yevropaliklar ilk marta hindularning dahshatli kurare zahari haqida XVII asrning boshlarida ingliz zodagoni ser Uolter Releydan eshitgan edi. Angliya qiroli Yakov I uni Janubiy Amerikaning shimoli-sharqidagi mamlakat Gvianaga hindularning afsonaviy, ertaklardagiday boyliklari behisob Eldorado shahri (yoki mamlakati) ni izlab topish uchun yuboradi. U Janubiy Amerikadan quruq qo’l bilan qaytadi. Mabodo, Reley o’z sayohati to’g’risidagi axborotida hindular ishlatadigan tez ta’sir qiluvchi kurare zahari (uning «urare» va «voorali» degan nomlari ham bor) ni eslatmaganida, odamlarning yodidan chiqib ketgan bo’lar edi. U hindular kurare surtilgan nayzani o’z naylarining bir uchidan tiqib, ikkinchi uchidan katta kuch bilan puflaganini, nayza esa 100 metr naridagi nishonni bexato urganini ko’radi. Ammo u kurare nimadan olinishini (hozirgi til bilan aytganda, uning reseptini) aniqlashga muvaffaq bo’la olmaydi. Bu yevropalik olimlar uchun bir asr davomida sirligicha qolib ketadi. Faqat nemis botanigi Robert Shomburg 1830 yili Gvianaga sayohati chog’ida bu sirdan voqif bo’ldi. Yo’lboshlovchi hindu unga kurare olinadigan o’simlikni ko’rsatdi. Shomburg bu fanga ma’lum bo’lgan «Strixnos» o’simligi (hindular uni «urari» deb ataydi) — liana ekanini ko’rdi. Strixnosning boshqa bir turidan yana bir dahshatli zahar — strixnin olinadi. Robert Shomburg kurarening tayyorlanishini ko’ra olmadi. Oradan o’n yil o’tgach, uning ukasi bu jarayon bilan tanishgan ilk yevropalik bo’ldi. U Yevropa faniga bu jarayonni tavsiflab qoldirdi: suvi qaynayotgan qozonga urari po’stlog’i solinadi. Kuzatuvchining fikricha, unga har yarim soatda sehr kuchiga ega bo’lgan allaqanday moddalar qo’shib turiladi. Qozondagi suv bir oz quyuqlashgach, suzib olinadi va unchalik chuqur bo’lmagan tuvakka quyiladi, so’ngra suvi bug’lanib ketishi uchun kungayga qo’yiladi. Keyinchalik qaynatmaga shinniday cho’zilishi uchun «murame» daraxti ildizining sharbati qo’shiladi. Kurareni tayyorlash uchun bir kecha-kunduzga yaqin vaqt ketadi.