Muz davrida hayvonlarga nima bo’lgan?

Shimol tomondan ulkan muz tog’lari surilib, yer yuzining keng mintaqalarini bosib olgan davrni — muz davri deyishadi. O’sha paytlarda Shimoliy Amerika, Yevropa va G’arbiy Sibirning kattagina qismi qalin muz qatlami tagida qolgan. Bu qachon ro’y bergan? Juda uzoq cho’zilgan bu jarayon taxminan million yil burun boshlangan. Muz davri qachon tugagan? Yer yuzining turli mintaqalarida turli davrlarda. Yevropa shimolida, Rossiyada, masalan, bir necha ming yil ilgari. Aytgancha, ba’zi mintaqalarda hozirga qadar davom etmoqda: Grenlandiya shu kunlarda ham butunlay muz bilan qoplangan. Muz sahrolari million-million kvadrat kilometr maydonlarga yoyilgan. Yevropada uning chegarasi hozirgi Angliya, Germaniya, Ruminiya, Rossiyaning Janubiy hududlaridan o’tgan. Qudratli muztog’lar yaqinlashishi bilan aksariyat jonivorlar janub sari surilishga majbur bo’lgan. Yangi sovuq iqlimga moslasha olmagan hayvonlar yo issiq o’lkalarga ko’chgan yo nobud bo’lgan. O’sha yerlarda yashayotgan hozirgi yovvoyi hayvonlar ana shunday shafqatsiz sinovga duchor bo’lgan, muz davri boshlanishidan avvalgi boy hayvonot olamining nochor qoldiqlaridir. Inson o’zgarayotgan iqlimga moslashishga muvaffaq bo’ldi. Havoning sovishi uning aqliy qobiliyatini rivojlantirishda muhim o’rin tutgan bo’lsa ajab emas. Chunki yanayam og’ir sharoitlarda hayot kechirishi uchun u tadbirkorlik va izlanuvchanlik qilishiga to’g’ri kelgan. O’simliklar ham yopirilib kelayotgan sovuq tufayli boshqa joyga, janub tomonlarga ko’chgan. Ularning bir qismi muztog’lar erishi bilan iziga qaytgan, ammo ko’plari yer yuzidan sidirilib ketgan.