Nafis san’atlar nima?

Hozirgi dunyoda deyarli hamma joyda san’atning u yoki bu shakli namoyon bo’lishiga duch kelamiz. Sizning uyingizdagi mebellar, uyning o’zi, Sizning soatingiz yoxud kiyim-kechagingiz — bularning barchasini u yoki bu ma’noda san’atga taalluqli deb bilsa bo’ladi. Keltirilganlardan istalganida kimdir sizga tegishli narsani yanada jozibaliroq qilishga uringan holda uni bezagan va sayqallagan bo’lib chiqadi. Garchi shunday bo’lsa-da, amaliy san’at deb ataluvchi muntazamlik ikkinchi darajali mavqe kasb etadi: u faqatgina odam bolasi belgilangan maqsadiga ko’ra to’g’ridan-to’g’ri foydalanadigan buyumni chiroyli bezashga xizmat qiladi, xolos. Nafis san’atlar (zamonamiz tilida shunchaki san’at) esa tamomila boshqasi, ya’ni ularning nomlanishidan ko’rinib turganidek, — o’z-o’zicha «nafis» bo’lganlari bilan shug’ullanadi.

Rassomchilik, haykaltaroshlik, adabiyot, teatr, raqs va me’morchilik «nafis» san’atlar sirasiga kiritiladi. Hozirgina sanab o’tilgan san’at turlaridan atigi me’morchilikkina «amaliy foydalilik» kasb etadi. Me’morlar nafaqat o’zlari qurayotgan inshootlarning go’zalligi, qolaversa ularning foydaliligi xususida bosh qotirishga majbur bo’ladilar.

Shundaylikka shundayku-ya, biroq, yaratuvchi rassomning ulkan mehnati va izlanishi natijasida yaratilgan san’at asari umuman hech bir amaliy foydaga ega bo’lmasligi ham mumkin. Ular Sizning go’zal va nafis narsalarga bo’lgan ehtiyojlaringizni qanoatlantirish uchun yaratiladi, — bor gap shu, xolos. Demak, haykal, kuy, pesa, kitob va hokazolar ijodning pirovard natijasiga aylanishi mumkin ekan.

Hozirgi zamon san’atining barcha turlarida g’oyatda qiziqarli va maroqli tajribalarga misol bo’la oladigan izlanishlarga duch kelishimiz muqarrar. Shunday bo’lsa hamki, baribir badiiy ijodning barcha turlariga oid asarlardagi an’anaviy uslublar qandaydir mushtaraklik va umumiylik kasb etadi. O’sha qandaydir — asarlarda gavdalantiriladigan timsol-obraz sanaladi. Bu timsol tovushlar, toshlar, so’zlar, qurilish materiallari, chizmalar va bo’yoqlar yordamida gavdalantiriladi. Har bir timsolda marom, mutanosiblik va uyg’unlik deb ataladigan doimiyliklar ishtirok etadi. Marom tovushlar, ranglar, shakllar va harakatlarning ko’proq yoxud kamroq darajada tartibli takrorlanishidan hosil bo’ladi. Mutanosiblik — bu rassom niyatining o’lchamdosh bo’laklarda bizga to’g’ri ifodalangandek tuyuladigan bir tarzda aks ettirilishi. Uyg’unlik esa timsol qismlarining bir biriga tabiiy ravishda mos kelishi va mutanosiblikning saqlanishidir. Aytib o’tilganlarning bari, shubhasiz, faqatgina badiiy ijod va nafis san’atlar sohalariga oid eng umumiy tushunchalardir, xolos.