Nega daryolar toshadi?

Kuchli jalalar yoki uzoq yoqqan yomg’irlar daryolardagi suv miqdorini ko’paytiradi. Natijada ularning o’zani suvni sig’dira olmay qoladi. Shunda jilg’a yoki katta ariq o’z qirg’ogidan toshib, atrofdagi hududlarni bosadi. Suv toshqini katta talofatlar keltiradi. Ko’pincha suv o’zi bosgan yerlarning hosildor qatlamini yuvib ketadi. O’sha yerlar keyinchalik ishlash va mo’l hosil yetishtirishga tob bermay qoladi. Ba’zida toshqin ayrim aholi punktlarini butunlay yer yuzidan yuvib ketadi. Afsuski, ko’plab odamlar va jonivorlar suv toshhini qurboni bo’lishadi. Inson suv toshqinlariga qarshi dambalar va daryolardagi suv miqdorini tartibga solib turadigan to’g’onlar quradi. Ammo suv toshqinlari, masalan, Nilning toshishi zarar barobarida foyda ham keltirishi mumkin. Ko’klam chog’lari Misrda ko’p yomg’ir yog’ishi natijasida Nil deltasini suv bosadi. Suv o’zi bilan birga loyqa ham olib keladi va yerlarni, biz dalalarga go’ng yoki mineral o’g’itlar sepganimiz kabi, o’g’itlaydi. Shunday qilib, qumloq yerlarga ozuqa moddalariga boy bo’lgan hosildor tuproq qatlami tushadi va dehqonchilik uchun qulaylik tug’diradi. Bugungi kunda Nil toshqini Asvon to’g’oni yordamida tartibga solinadi. Uning deltasini endilikda suv bosmaydi. Qimmatli loyqha esa ko’l tubiga cho’kadi. Fermerlar bundan tashvishga tushishmoqda, chunki ko’l tubiga cho’kib qolayotgan loyqadan qishloq xo’jalik ekinlari: paxta, mevalar va don yetishtirishda foydalanilmayapti.