Nega Yulduzlar o’zidan yorug’lik chiqaradi?

Yulduzlar, nurini o’zida aks ettiradigan va shu tufayligina yorug’ bo’lib ko’rinadigan sayyoralar va ularning yo’ldoshlaridan farqli o’laroq, o’zidan nur tarqatadigan katta gaz sharlaridir. Masalan, Oy shu’lasi Quyosh nurining aksidan boshqa narsa emas. Yana bir farq shundaki, bizga yulduzlar miltillayotganga o’xshab ko’rinadi, ammo sayyoralar yorug’ligi miltillamaydi. Yulduzlar miltillashiga sabab bo’lgan narsa Yer atmosferasida turli moddalarning mavjudligidir.

Quyosh ham, unchalik katta yoki yorqin bo’lmasada, yulduzdir. Boshqa yulduzlar bilan taqqoslaganda, u o’rtacha kattalikdadir. Millionlab yulduzlar Quyoshdan kichik bo’lishi barobarida yana shunchasi undan ancha kattadir. Shunday yulduzlar ham borki, ular Quyosh o’rnida bo’lganida Yer, Mars, hatto, Yupiter orbitasini ham o’z ichiga qamrab olishi mumkin edi. Ammo ular bizdan juda olisda joylashgani uchun ko’zimizga kichik bir nuqta bo’lib ko’rinadi. Qadimgi yunon munajjimlari zamonidan beri yulduzlar kattaligiga qarab, bir necha guruhlarga bo’linadi. “Kattalik” deganda, yulduzlarning katta-kichikligi emas, aksincha, ularning yorqinligi ko’zda tutiladi. Bundan tashari, yulduzlar o’z spektrlariga ko’ra ham, boshqacha aytganda, o’z yorug’lik to’lqinlari uzunligi bilan ham bir-biridan farq qiladi. Munajjimlar u yoki bu yulduzning spektrini o’rganayotganda, o’sha yulduzning o’ziga xos xususiyati, temperaturasi va hatto kimyoviy tarkibi to’g’risida ham qimmatli ma’lumotlar yig’ishadi.

Sokin tun. Ko‘k yuzida oy va yulduzlar charaqlab turibdi. Faqat bu sokinlik qo‘ynida daraxtlarning shitirlashi-yu anhordan oqayotgan suvning sharqirashi eshitilib turardi. Hamma shirin uyquda. Tongga yaqin uyqusi qochgan Gullola oy va yulduzlarni deraza ortidan kuzatib turar edi. U qishloqda yashaydi. Tog‘ bag‘rida joylashgan qishloq so‘lim tabiati bilan barchani o‘ziga maftun etadi. Uning toza havosi-yu, betakror tabiati, katta anhordan sharqirab oqqan suvlari qizni o‘ziga maftun etadi. Gullolani ko‘pincha uyidagilar hazillashib “buyuk xayolparast” deyishadi. Bunga sabab uning goh qushlar kabi samoda uchgisi, bulut bo‘lib yomg‘ir yog‘dirgisi, oyning yoniga borib unga guldasta taqdim etgisi kelaverganidan.  Osmonini g‘uj-g‘uj bo‘lib bezab turgan mitti chiroqlar qizaloqning hamisha e‘tiborini tortardi. Ayniqsa, sahar chog‘ida hamma yulduzlardan ajralib porlab turadigan Zuhro yulduzi uning, faqatgina Gullolaning yulduziga aylangan. Har tongga yaqin go‘yo qizaloqni yangi kuni bilan qutlayotgan Zuhro yulduzi bilan xayolan suhbatlashgan Gullola asta hovli sahniga tushdi. Supada shirin uyquda yotgan opasi Mushtariyning quchog‘iga kirib ohista uni turtib, bolalarcha so‘z boshladi.

– Opajon, huv anavi mening yulduzim. Ko‘rdingizmi, u hamma yulduzlardan chiroyli va porloq. Siznikichi?- singlisining kutilmagan savolidan Mushtariy, erinibgina savoliga javob berdi.

– Meniki Mushtariy,– deya singlisiga yuzlanib.

– Voy, Mushtariy yulduzi ham bormi? – hayratlanib so‘radi Gullola.

– Ha, u chiroyli yulduz hisoblanadi.

– Ammo baribir, mening yulduzim siznikidan chiroyli va porloq.  U meni hamisha saharda kutib oladi.

 Opa-singillarning shirin va beg‘ubor suhbati anchaga cho‘zildi. Go‘yo samodagi “Gullolaning yulduzi” Zuhro qizaloqlarning ajib sirlashishidan boxabardek yana ham yorqinroq porlardi.

Tong ham otdi. Qishloq esa allaqachon uyg‘ongan. Gullola o‘zgacha hayajon ila maktabga borib, o‘zining “yulduzi” haqida dugonalariga so‘zlab berdi.

Gullola har sahar shu yulduz bilan uyg‘onar, u bilan xayolan samo kengliklarida uchardi. Shu yulduz hamrohida uyni erta tongdan saranjonlash  qizaloqning kundalik yumushiga aylanib qolgan.  

Qizaloqning bolalik osmonida, ko‘nglida porlagan Zuhro go‘yo uning yo‘lchi yulduzidek. U ham hayotda shu Zuhro misoli porlashni chin dildan xohlardi.

Malika TO‘YCHIYEVA,

Toshkent shahar, Sergeli tumani, 284-maktab o‘quvchisi. Manba: sog’lom.uz

Yulduzlar haqida nima bilasiz?

Yulduzlar qanday paydo bo’lgan?