Nima uchun yaproqlar kuzda har xil rangga bo’yaladi?

Yozda barcha daraxtlarning rangi bir xil — yashil bo’ladi. Albatta, yashil rangning ham nozik turlari bo’ladi, ammo barcha yaproqlarga bitta cho’tka bilan bo’yoq surilganga o’xshaydi. Kuzga borib esa yashil yaproqlar turli ranglarga bo’yaladi. Bu ranglar qaerdan paydo bo’ladi? Yaproqlarning rangi yashil bo’lishiga sabab ularning tarkibidagi xlorofill moddasi ekanini esga olaylik. Xlorofill har bir yaproqdagi ozuqa ishlab chiqaruvchi haqiqiy qurilmadir. Yaproqlarning rangi (pigmentasiyasi)ning 2/3 qismi ularning tarkibida mavjud xlorofill bilan bog’liq. Yaproqlarda rangning boshqa nozik turlari ham bor, ammo ular xlorofill miqdori ko’pligi uchun ko’zga tashlanmaydi. Ular qanaqa rang turlari ekan? Masalan, uglerod, vodorod va kisloroddan tarkib topgan ksantofil moddasi yaproqlarga sariq tus beradi. U yaproq rangining, taxminan, 23% ini tashkil qiladi. Sabziga rang beradigan karotinning yaproqlardagi miqdori 10% ga yaqindir. Qandli zarang va qizil emanga yorqin qizil tus beradigan antonisianin ham bor. Yozda bu pigmentlar ko’zga tashlanmaydi. Biz faqat yashil xlorofillni ko’ramiz. Sovuq tushishi bilan yaproqlarda yig’ilgan ozuqa moddalar daraxt shoxlari va tanasiga o’tadi. Qishda ozuqa moddalar ishlab chiqarilmagani uchun xlorofill qurilmasi yopiladi, xlorofillning o’zi esa parchalanib ketadi. U yo’qolishi bilan yaproqda mavjud bo’lgan, ammo ko’zga tashlanmagan pigmentlar ko’rinib holadi va biz daraxtlarning turli rangga bo’yalganini ko’rib quvonamiz. Yaproqlar xazon bo’lishidan oldin uning bandida hujayralarning yupqa qatlami hosil bo’ladi. Shamol yaproqlarni yulqiydi. Novdaning yaproq uzilib tushgan joyida chandiq qoladi. Ko’pgina doimiy yashil daraxtlar sovuq tushishi bilan ham o’z barglarini to’kmaydi. Bu jarayon ularda yil bo’yi, navbatma-navbat kechadi va shuning uchun ham hamisha yashil tusdaligicha qolaveradi.