Omela nima?

Iso payg’ambarning tavalludi nishonlanadigan kunlar Yevropa va AQShdagi millionlab uylarga omela osib qo’yiladi. Mavjud urf-odatga ko’ra, omelaning ostida turgan qizni erkak kishi o’pishi ham mumkin. Qizigi shundaki, omeladan bayram va tantanali marosimlarda foydalanish tarixi qadim zamonlarga borib taqaladi. Rimliklar Britaniya va Galliya (hozirgi Fransiya) ni bosib olishganida kelt xalqiga duch kelishgan. Keltlar druidlar deb atalmish kohinlar rahnamoligida uyushgan xalq bo’lgan. Druidlar, inson joni hech qachon o’lmaydi, deb ta’lim berishgan. Ko’pgina marosimlar daraxtlarni ilohiylashtirish bilan bog’liq bo’lgan. Ularning fikricha, daraxtda o’sadigan har bir narsa falakning in’omidir. Bunday «in’omlar» ichida eng muhaddasi omela bo’lgan. Druidlar omelani oltin pichoq bilan kesib olishib, yovuz ruhlardan himoyalanish uchun uylarning eshigi tepasiga osib qo’yishgan. Ular, faqat baxt omelaning ostidan o’tib uyga kiradi, deb o’ylashgan. Omela ostida o’pishish an’anasi tarixi shu bilan bog’liq. Skandinavlar ham omelani omad ramzi deb bilishgan. Ular qishki bayramlar chog’i omelani yig’ishgan va har bir oila uyga kiraverishga ilib qo’yish uchun bittadan shoxcha olgan. Bu oilani balo-qazolardan himoya qiladi, deb hisoblangan. Omelaning muhaddasligi sabablaridan biri yerda ildizi yo’qligidir. U boshqa daraxtlarning shoxida o’sadi. Unayotgan omelaning urug’ida nishchalar paydo bo’ladi. Bu nishchalar urug’ tushgan shoxning po’stlog’ini teshib o’tadi. Shu tariqa u daraxtning ichiga kirib oladi va gurkirab o’sib ketadi. Shunday qilib, u daraxtda mavjud namlik va ozuqa moddalarini so’ra boshlaydi. Bu moddalar va namlik bilan oziqlanayotgan yosh omela so’ngra boshqa o’simliklar singari unib o’sadi. Shunday qilib, omela va tuproq o’rtasida bevosita aloqaning o’zi yo’q, qolaversa, u bunga muhtoj ham emas. Omela gurkirab ketishi natijasida o’zi so’rayotgan daraxtni quritib ham qo’yadi. Omela Yevropa va AQShdagi eman va boshqa daraxtlarda o’sadi. Uning mevasini qushlar yaxshi ko’radi. Ular mevani cho’qigan vaqtida yelimshak urug’lar tumshug’iga yopishib qoladi. Qushlar urug’lardan xalos bo’lish uchun tumshug’ini boshqa daraxtlarga ishqaydi va shunday qilib, urug’larni tarqatadi.