O’simliklar qanday oziqlanadi?

Qizig’i shundaki, o’simliklarning ham ozuqa ishlab chiharadigan «fabrikasi» bor. Yashil barglar ana shunday «fabrika»dir. Olma va shaftoli mevalari shirinligini hammamiz yaxshi bilamiz. Demak, ularning tarkibida qand moddasi bor. Ammo u qayerdan paydo bo’ladi? Ularni shaftoli va olma daraxtlarining yaproqlari ishlab chiqaradi. Ular buning uchun zarur mahsulotlarni tuproq va havodan oladi. Shunday komponentlardan biri bo’lmish karbonat angidrid, gazini yaproqlar havodan yutib oladi. Namlikni esa daraxt ildizlari tuproqdan oladi. Bu ikki modda o’simliklarga qand ishlab chiqarish uchun yetarlidir. Shuni ham qayd etish kerakki, yaproqlarda ozuqa Quyosh nurlari ta’sirida sintezlanadi. Ayrim o’simliklarning esa shirin mevalari yoki sharbati bo’lmaydi. Ammo bu, ularning yaproqlari qand ishlab chiqarmaydi, degan gap emas. Bunday o’simliklarda ishlab chiqarilgan qand zudlik bilan ta’msiz kraxmal yoki oqsilga aylanib ketadi.

Albatta, o’simliklarning oziq-ovqat «fabrikasi»ga ham mashinalar kerak bo’ladi. Yaproqlarda mashina vazifasini yashil tanachalar xloroplastlar o’taydi. Ular tarkibida yashil modda — xlorofill mo’l bo’lgani uchun ham yashil rangda ko’rinadi. Quyosh nuri «mashinalar»ni harakatga keltiradigan quvvat vazifasini o’taydi.

Umuman olganda, ozuqa ishlab chiqarish jarayoni quyidagicha kechadi: o’simliklarning ildizi tuproqdagi namni so’rib oladi; suv undan o’tib poyaga, poyadan o’tib shoxlarga, shoxlardan o’tib esa yaproqlardagi tomirlarga tushadi; so’ngra u tomirdan har tomonga oqib, hujayralarga tushadi va xloroplastlarga yetib boradi.

Yaproqlarga suv bilan birgalikda ilgari o’simliklarning o’zi ishlab chiqargan, ammo ozuqa moddalari to’planadigan joy — ildizlar, mevalar va urug’larga tushmagan ozuqa ham yetib keladi. Yaproqlar bir vaqtning o’zida tarkibida karbonat angidrid gazi bo’lgan havoni yutadi. Gaz va suv o’rtasida Quyosh nurining ta’sirida kimyoviy reaksiya yuzaga keladi hamda kraxmal yoki qand hosil bo’ladi. So’ngra hosil bo’lgan ozuqa moddalari tomirlar bo’ylab butun o’simlik tanasiga tarqaladi. Bundan tashqari, o’simliklar ozuqa ishlab chiqarish jarayonida yutilgan keraksiz moddalar va ajralib chiqqan mahsulotlardan qutulishi ham kerak bo’ladi. Shuning uchun havoning foydalanilmay qolgan katta qismi fotosintez jarayonida kislorod bilan boyigan holda yaproqning ostki qismida joylashgan hujayralar o’rtasidagi kichik teshikcha — og’izchadan atmosferaga ajralib chiqadi.