Pukakbop eman nima?

Baliq oviga ketayotgan bolakay po’kakdan yasalgan suzgichi nima uchun suvga cho’kib ketmasligini o’ylab o’tirmaydi. Ammo po’kakning suvga cho’kmaslik xususiyati qadim zamonlardan beri ma’lum, undan yasalgan qutqarish moslamalaridan esa bundan ming yillar muqaddam foydalanilgan. Po’kak suvdan ancha yengil. Buning sababi shundaki, suv uning havo to’la ichiga o’ta olmaydi. Bu po’kakni suvga bo’kib qolib, cho’kib ketishdan saqlaydi. Po’kak po’kakbop eman po’stlog’ining tashqi qismidan tayyorlanadi. Po’kaklarning uchdan ikki qismi po’kakbop eman o’stiriladigan Portugaliya va Ispaniyada ishlab chiqariladi. Po’kakbop emanning bo’yi 6 — 12 metr, yo’g’onligi esa 1 metrgacha boradi. Daraxtning po’stlog’i ilk marta u yigirma yashar bo’lganida qirib olinadi. Bu daraxtga hech handay ziyon yetkazmaydi, quritib qo’ymaydi, aksincha, foyda keltiradi. Taxminan, yana to’qqiz yildan so’ng po’stloq qayta qirib olinadi. Bu ikki marta qirilgan po’stloqdan tayyorlangan po’kak dag’al va g’adir-budur bo’ladi. Keyinchalik har to’qqiz yilda po’stloq qirilishidan olinadigan po’kak ancha sifatli bo’ladi. Shunday qilib, bir daraxtdan yuz yilga yaqin po’kak olinadi. Qirib olingan po’kak bir necha hafta quritiladi, so’ngra tarkibidan tanin kislotasini chiqarib yuborish uchun pishiriladi. Pishirilgan po’kak yupqa va egiluvchan varaq holida yoyiladi, quritiladi va boshqa mamlakatlarga jo’natish uchun taxlab qo’yiladi. Po’kak xom ashyosining ikki turi bor. Ulardan biri po’kak daraxti deb ataladi. Bu materialdan po’kak, suzgich va qutqaruv jiletlari tayyorlashda foydalaniladi. Po’kak xom ashyosining boshqa bir turi yanchilgan po’kak deb ataladi. U dastlab yanchiladi, so’ngra ma’lum bir biriktiruvchi materiallar bilan birga pishiriladi. Bunday materialdan quvurlarga qoplama, oyoq kiyimlarning tagcharmi to’ldirg’ichlari, avtomobil prokladkalari, shuningdek, shishalarning qopqog’i ostidagi tiqinlari tayyorlanadi. Binolarni tovush o’tkazmaydigan qilib qurishda, ombor, muzlatgich xonalar va refrijeratorlarni izolyatsiyalash po’kak qo’llanadigan sohadir.