Qanday qilib mais makkajo’xoriga aylanib qoldi?

Kolumb Karib dengizidagi orollar kashf etilganidan bir necha yil o’tib, Yevropaga ma’lum bo’lmagan bir o’simlik, shuningdek, Kuba aholisining undan foydalanish usuli to’g’risida bir yozuv bitib qoldirdi. Hindular uni mais deb atashgan va ishlov berish yo’llarini puxta egallashgan. Ularning mehnatsevarligi va tadbirkorligi ko’hna mais ekilgan dalalarni sug’orishda o’z ifodasini topgan. Peruda ulkan sug’orish tizimi qoldiqlari saqlanib qolgan. Faqatgina eni 4 metr bo’lgan bosh kanalning uzunligi 750 km. ga etadi. Ayrim joylarda kanal yer usti yoki ostidan o’tgan va tosh plitalar bilan qoplangan. Yaqin-yaqin vaqtlargacha yovvoyi holda o’sadigan maisni topish imkoni bo’lmagan. Shuning uchun ham olimlar uning kelib chiqishi to’g’risida turli farazlarni o’rtaga tashlashgan. Ammo Meksikada qazish ishlari olib borilayotgan payt 70 metr chuqurlikdan yovvoyi maisning gulchangi topildi va yoshi 60 ming yilga teng ekani aniqlandi. Kolumbning ikkinchi safaridan so’ng Yevropaga kelib qolgan bu o’simlik yangi yerlarga tezda moslashib ketdi. U dengiz yo’li orqali Old va sharqiy Osiyoga ham etib keldi, u yerlardan Yevropaga goh Osiyo bug’doyi, goh turk bug’doyi nomi bilan qaytar edi. Serblar uni «kukuruza» deb atagach, uni bolgarlar, ruminlar, ruslar va ukrainlar ham o’zlashtirishdi. Ammo dunyoning ko’pgina mamlakatlarida u o’zining hindular bergan qadimiy mais nomi bilan ataladi. Makkajo’xori — issiqsevar, shu bilan birgalikda injiq bo’lmagan o’simlik. U iqlimi mo’tadil mintaqalar bilan birgalikda tropiklarda ham o’sadi va bo’yi 6 metrgacha boradi. Uning yog’ochsimon katta poyasi turarjoylar qurishda ishlatiladi. Makkajo’xori qurg’oqchilik sharoitida ham yashab qoladi va yaxshi hosil beradi. Hatto And tog’larining boshqa o’simlik o’smaydigan noqulay iqlim sharoitida ham mais 70 kun ichida o’z umrini yashab qoladi. Makkajo’xori popugidan tibbiyotda keng foydalaniladi. U so’ta pishayotgan vaqt yig’iladi, ekstrakt va kukun, tabletka yoki choy sifatida ichiladi. Uning asosiy foydali narsalari doni va yashil massasidir. Makkajo’xorining tilla donidan italyanlar polenta, ruminlar va moldavanlar mamaliga, gruzinlar ichadi, o’zbeklar bodroq tayyorlaydi. Yashil massa esa hayvonlar uchun yaxshi yemishdir.