Sholi qanday o’stiriladi?

Sholi eng ko’hna va ko’p tarqalgan oziq-ovqat mahsulotlaridan biridir. U yer yuzasining bepoyon hududlarida o’stiriladi. Sholi dastlab bundan ko’p ming yillar oldin Janubiy Hindistonda paydo bo’lgan. 5 ming yil muqaddam u yerdan Sharqqa, Xitoyga tarqalgan. Bu ekin Shimoliy Amerikada XVII asrgacha ma’lum bo’lmagan. Sholi yetishtirish uchun issiq va namlik yuqori iqlim kerak. Shuning uchun ham u, asosan, tropik mamlakatlarda yetishtiriladi. Sa’y-harakatlar ayalmasa, u subtropik mintaqalarda ham o’sishi mumkin. Xitoy, Hindiston, Indoneziya, Osiyo va Janubiy Amerikaga bag’ishlangan kitoblarning barchasida o’sha mintaqalarda sholi ekilishi to’g’risida ma’lumotlar uchraydi. Sholi o’t o’simlikdir. Uning tashqi tuzilishi daryo va ko’l bo’ylarida o’sadigan qamishga o’xshaydi. Sholi ekish boshqa ekinlarni ekishdan farq qiladi. Ishni boshlash oldidan yer balchiqqa aylanishi uchun sholizor suv bilan to’ldiriladi. Mana shu balchiqqa sholi ko’chati o’tqaziladi. Sholizordan suv arimaydi va u murakkab kanallar tizimi, uvatlar va dambalar yordamida saqlab turiladi. Bu yumushni osonlashtirish uchun sholi tog’ yonbag’irlariga ekiladi. Suv doimo zinapoyaga o’xshagan chellarning biridan ikkinchisiga oqib tushib turadi. Bir vaqtlar sholizorlarni sug’orish uchun ko’zalarda suv tashilgan yoki maxsus suvni yuqoriga haydaydigan mashinalardan foydalanilgan. Bunday mashinalar qadim zamonlarda paydo bo’lgan, ammo ayrimlari hozirgi kunda ham ishlab turibdi. Shulardan biri charxpalakdir. Uning asosiy qismi katta g’ildirakka bog’langan ko’zachalardan iborat. Bizdan farqli o’laroq, boshqa mamlakatlarda charxpalakni suvning o’zi emas, hayvonlar aylantirgan. Pastda suvga to’lgan ko’zalar tepaga chiqishi bilan tarnovga to’kilgan. Ot yoki eshak soatlab ma’lum bir aylana bo’ylab yurib turgan, suvni ko’tarib beradigan g’ildirak esa sekin aylanavergan. Sholi pishgach, don tugadi. Don qobiq bilan qoplangani uchun ham oq emas, malla tusda bo’ladi. Sholi yaxshi pishishi va chiroyli ko’rinishi uchun maxsus mashinalarda oqlab olinadi. Oqlangan guruchning yuzasi silliq va rangi oq bo’ladi. Oddiy silliqlangan guruchdan tashqari, yana boshqa bir guruch turi ham bor. U silliqlangan guruchga nisbatan qoraroq bo’ladi. Bunday guruch tarkibida B darmondorisi va mineral tuzlar ko’proq. Yanada ishlov berish uchun bu guruch harorati qaynash nuqtasidan bir oz past bo’lgan suvda ivitiladi, so’ngra bosim ostida bug’ bilan quritiladi. Bu jarayon parlash deyiladi. Bunday ishlov berish jarayonida darmondorilar donning po’stlog’idan ichkarisiga o’tadi. Garchi guruchning qobig’i juda foydali, tarkibida oziq moddalar ko’p bo’lsa-da, tashlab yuboriladi yoki hayvonlarga yemish sifatida beriladi. Odamlar hamisha oq guruchni suyib iste’mol qilishadi, uni shoirlar hatto duru marvaridlar bilan qiyoslashadi. To’g’ri, Yaponiyada qizil guruchga ham talab katta, bunday guruch pushti rangga kirishi uchun maxsus bakteriyalar ishga solinadi. Qadim zamonlarda bunday guruch muqaddas hisoblangan va faqat imperatorlarning dasturxoniga tortilgan.