Sovet hokimiyatining O’zbekistonda amalga oshirgan siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-madaniy tadbirlari va ularning mustamlakachilik mohiyati

Oktyabr to’ntarishi chorizmning mustamlaka Turkiston iqtisodiyoti va Xalq ommasini imperiyaga ekspluatasiya qilishdan iborat talonchilik amaliyotiga va’da qilingan o’zgarishlarni kiritmadi. Aksincha, mustabid hokimiyat idora usuli bilan qo’shilib ketgan bozordan tashqari «sotsializm» degan o’ta yaroqsiz markscha andoza «Sovet O’zbekistoni» sharoitida o’zining eng so’nggi nuqtasiga yetib, milliy iqtisodiyotni izdan chiqardi. Hozirgi kun nuqtai nazaridan qaraganda, sobiq sovet davlatida amal qilgan «ittifoq mehnat taqsimoti» avval boshidan ishlab chiqaruvchi kuchlarni joylashtirish sohasida chorizmning mustamlakachilik andozasi asos solgan buyuk davlatchilik mantig’iga tayanganligini yaqqol ko’rsatadi. Bu andoza O’zbekiston xo’jaligi majmuining haddan tashqari ixtisoslashuvini, uning iqtisodiy rivojlanishining bir tomonlama xususiyatini belgilab berdiki, u o’lkaning tabiiy boyliklarini talash va mehnat resurslaridan vaqtincha foydalanish, respublikani tayyor mahsulotni sotish bo’yicha keng ko’lamli bozor sifatida saqlab turish sohasida markazning imkoniyatlarini oshirishga butunlay bo’ysundirilgan edi.

O’lka xalqlari bilan kommunistik metropoliya o’rtasida iqtisodiy sohadagi mustamlakaviy-imperiyacha munosabatlarning yangi shakli tayanch asoslarini yaratishning belgilovchi omili xususiy mulkni mustabidchasiga davlat mulkiga aylantirish siyosati, ishlab chiqarish vositalarini keng miqyosda jadallik bilan umumlashtirish bo’ldi. «Ijtimoiy adolat»ni ta’minlash niqobi ostida amalga oshirilgan mazkur harakatlar haqiqatda hukmron markaz tomonidan qattiq nazorat o’rnatishning moddiy muhitini va xalq xo’jaligini boshqarishning mustamlakachilik tizimini shakllantirishga yordam berdi. Oktyabrdan keyingi dastlabki yillarda ko’zga tashlangan boshqa sabablarni ham aytib o’tish muhimdir. Uning yorqin ifodasi lenincha kommunistik rahbariyatning sovet hokimiyatining zo’rlik bilan singdirishda mamlakat iqtisodiy salohiyatidan zo’r berib foydalanishga intilishdan iborat bo’ldi. Xalqning yot sosialistik davlatchilikni kuch bilan joriy etishga qarshilik ko’rsatish ortib borishi tufayli bu sabab ayniqsa kuchaydi. Chorizmning avvalgi mustamlakachilik iqtisodiy siyosati oktyabrdan keyingi sharoitda yangi omil bilan to’ldirildi. Bu omil inqilobni «eksport qilish», o’lkaga kommunizmni yoyishning strategik vazifalarini ta’minlash, shu jumladan, Rossiya kommunistik ishtirokining bosh rahnamosi sifatida namoyon bo’layotgan imperiya qurolli kuchlarini resurslar bilan ta’minlash uchun Turkistonning iqtisodiy salohiyatini jalb qilishdan iborat edi.

Qurolli qarshilik niqobi ostida favqulodda iqtisodiy choralar ko’rish bolshevistik rahbarlarga tobora avj olib yalpi norozilik va iqtisodiyotning inqirozga sabab bo’layotgan «harbiy kommunizm» degan tarqoq atamani ishga solishlariga bahona bo’ldi. Keyinchalik «harbiy kommunizm» siyosatining Kreml rahbarlari talabi bilan rasmiy ravishda «vaqtincha chora» sifatida baholanishi, unga «inqilob dushmanlariga qarshi kurash olib borish zarurligi» sabab bo’layotir, deyilishi bejiz emas edi. «Harbiy kommunizm» siyosati quyidagilarni nazarda tutardi: sanoatni keng miqyosda davlat mulkiga aylantirish, unga rahbarlik qilishini sovet davlati qo’lida markazlashtirish (bundan maqsad, sanoat salohiyatini qurol-yarog’ va armiyani moddiy ta’minlash uchun mahsulot ishlab chiqarishga safarbar etish edi); g’alla monopoliyasini o’rnatish, xususiy savdoni ta’qiqlash va oziq-ovqat razvyorstkasini qo’llash; «ishlamagan tishlamaydi» degan sinfiy holat asosida majburiy va yalpi mehnat majburiyatini joriy etish. Partiyaning ushbu mustabidlik yo’nalishi Turkiston xalqi hayotiga salbiy ta’sir qildi, mahalliy aholi mustaqil huquqlarga ega emas, o’z manfaatlarini himoya qilishga bo’lgan urinishlar esa «millatchilik» deb baholanib, qatag’ongacha olib kelingan. 1921 yilning bahoriga kelib sovet hokimiyati oldida vayron bo’lgan qishloq xo’jaligini tiklash vazifasi ko’ndalang bo’lib turdi. Buning asosiy sababi esa dehqonlarning ko’plab ko’tarilishlari bo’ldi. Bu esa siyosatni qaytadan ko’rib chiqish, sanoat bilan qishloq xo’jaligi o’rtasida ta’sirchan iqtisodiy aloqalarni yo’lga qo’yish zaruratini keltirib chiqardi. O’zbekistonda qishloq xo’jaligi respublika milliy daromadining asosiy qismini berganligi, dehqonlar esa aholining 80 foizini tashkil etganligi tufayli sovet hokimiyatining dastlabki yillarida agrar masala markaziy o’rinni egallardi.

Markazdan farqli o’laroq, O’rta Osiyo respublikalarining 20-yillardagi siyosatida nisbatan keskin choralar ko’rilgan. 1920-1921 yillardagi yer-suv islohotining amalga oshirilishi Yangi iqtisodiy siyosat (NEP) bilan birga olib borildi. Yangi iqtisodiy siyosatdan ko’zlangan maqsad mahsulot ishlab chiqaruvchi yakka dehqonlarning manfaatini oshirish, uning yerga egalik qilishini ta’minlash, imtiyozli soliq olish va bozor iqtisodiyoti, tovar-pul munosabatlariga o’tish edi. Uning asosiy bo’g’inlarini oziq-ovqat razvyorstkasining oziq-ovqat solig’i bilan almashtirilishi, erkin savdo, sanoatda xususiy tashabbuskorlik va tadbirkorlikning joriy qilinishi tashkil etdi. Oziq-ovqat razvyorstkasining soliq bilan almashtirilishi qishloq xo’jalik ishlab chiqarishni ko’paytirishning iqtisodiy rag’batlarini vujudga keltirdi hamda dehqon hosilning qat’iy belgilangan qismini topshirgach, unga o’z mehnati mahsulotini o’zi istaganicha tasarruf etish huquqi berildi. Yangi iqtisodiy siyosat yo’lining o’ziga xos xususiyati tovar-pul munosabatlarining jonlanishi, savdo va ayirboshlashda cheklashlardan ozod bo’lish edi. Erkin savdoning sog’lomlashuviga 1922-1924 yillarda o’tkazilgan pul islohoti ma’lum darajada yordam berdi. Muomalaga kursi oltinga tenglashtirilgan valyuta – chervonesning chiqarilishi bozor rolining tiklanishida muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Yer-suv islohotini amalga oshirishdan ko’zlangan asosiy maqsad mahalliy hamda Turkistondagi boy rus dehqonlarining yer va suvga bo’lgan huquqlarini tenglashtirish edi. Chunki chor ma’murlari tomonidan rus dehqonlariga eng yahshi va hosildor yerlar ajratilgan edi. Yer-suv islohotining harakteri 1920 yil sentyabrda bo’lib o’tgan Turkiston Sovetlar IX qurultoyining qarorlarida aks etdi. Ushbu dastur asosida mehnat bilan shug’ullanmaydigan boy-quloq xo’jaliklarini tugatish va ko’chmanchilarni o’troq hayotga o’tkazish, yersiz va kam yerli dehqonlarni yer bilan ta’minlash va eng asosiysi rus kelgindilarining ortiqcha yerlarini musodara qilish orqali chor Rossiyasi mustamlakachilik sarqitlarini yengish yotar edi. Vaqt o’tishi bilan ko’chirib keltirilgan ruslardan yerlarni musodara qilish bilan bir qatorda vaqf yerlari tortib olindi, boylar, mannoplar, savdogarlar, diniy xizmatchilar va qishloq hamda ovullarning «mehnat bilan shug’ullanmaydigan yuqori tabaqalari» degan boshqa vakillarining yerlari kamaytirildi. Yer va suvni taqsimlash jarayoni bir tomondan yersiz va kam yerli dehqonlarni yer bilan ta’minlagan bo’lsa, ikkinchi tomondan qishloqdagi siyosiy vaziyatni o’ta keskinlashtirib, sinfiy ziddiyatlarni kuchaytirdi. Islohotni o’tkazishning inqilobiy zo’ravonlik usullari Turkiston qishloqlarida ijtimoiy va millatlararo tanglikni vujudga keltirdi.

Islohotni amaliy jihatdan ro’yobga chiqarishga 1921 yilning bahorida kirishildi. Islohot o’tkazish uchun dastlab Yettisuv, Sirdaryo, Farg’ona viloyatlari olindi. Islohotning birinchi bosqichida asosiy vazifa ko’chirib keltirilgan ruslarning yerlarini tortib olishdan iborat siyosiy «foydali» ishni amalga oshirish bo’ldi. Ko’chirib keltirilganlarning asosiy qismi quloqlar deb e’lon qilindi, ularning o’z manfaatlarini himoya qilishga urinishlari «quloq-mustamlakachiligi unsurlarini qarshilik ko’rsatishi» deb baholandi. Yer-suv islohoti favqulodda tadbirlar shaklida o’tkazildi. Islohotning asosiy vositasi – ma’muriy tazyiq o’tkazishdan iborat bo’ldi. Vaqt o’tishi bilan islohotning strategik vazifalariga muvofiq ko’chirib keltirilgan ruslardan yerlarni musodara qilib olish bilan bir qatorda vaqf yerlarini tortib olish, boylar, mannoplar, savdogarlar, diniy xizmatchilar va qishloq hamda ovullarning «mehnat bilan shug’ullanmaydigan yuqori tabaqalari» degan boshqa vakillari yerlarini kamaytirish yuzasidan jiddiy ishlar qilindi. Bunda «Qo’shchi» ittifoq «agrar hujum»ning zarbdor kuchi bo’lib maydonga chiqdi, bu ittifoq 90 mingdan ortiq qishloq aholisini birlashtirgan bo’lib, uning a’zolari tortib olingan yerlarni birinchi navbatda o’zlariga olishardi. Ular «mehnat bilan shug’ullanmaydigan xo’jaliklar»ni aniqlar, badavlat xo’jaliklarning yer, chorva mollari, mehnat qurollarini hisobga olishar, «yashirib qo’yish»ga urinishlarni fosh etishardi. Umuman olganda, Turkiston Respublikasida «Qo’shchi» ittifoqi yordami bilan «mehnat bilan shug’ullanmaydigan» 8034 ta xo’jalik tugatilgan edi. 1921-1922 yillardagi yer islohoti har xil jarayonlarni keltirib chiqardi. Bir tomondan, u ma’lum ma’noda yer masalasini hal qilishga yordam berdi. Biroq yersizlarni yer bilan ta’minlash sohasida ko’rilgan bu tadbirlar Turkiston xo’jaliklarining, ayniqsa, uning o’zbeklar yashaydigan qismiga nihoyatda kam manfaat keltirdi, chunki ularga berilgan yerlar qishloq xo’jalik mahsulotlari yetishtirilgan barcha yerlarning 0,7%ini tashkil etar edi, xolos. Jami bo’lib butun O’zbekiston bo’yicha o’tkazilgan «yer-suv islohoti» natijasida 4801ta xo’jalik quloq xo’jaligi sifatida tugatildi, 23036 ho’jalikning ortiqcha yerlari tortib olindi, yer jamg’armasiga 474393 desyatina yer qo’shildi. Yerlar bilan birga ot-ulov va asbob-uskunalar ham musodara qilingan edi. Mazkur Turkiston o’lkasiga asosiy hom ashyo bazasi sifatida qarab kelganligi bois o’lka qishloq xo’jaligining bosh sohasi hisoblangan paxtachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgan. Hususan, RKP (b) MKning 1922 yil 11 yanvardagi «Turkiston Kompartiyasiga», deb nomlangan xatida Turkiston Kompartiyasining qishloq xo’jaligi sohasidagi faoliyatida birinchi o’ringa sug’oriladigan yerlarda ekin maydonlarini tiklash, paxtachilikni rivojlantirish hamda mavjud sug’orish tizimini tuzatish masalalari hal etilishi lozimligi ta’kidlangan edi. Paxtachilikni tiklash va rivojlantirish ishlariga rahbarlik qilish uchun 1920 yilda Bosh Paxtachilik ko’mitasi va paxta yetishtiruvchi respublikalarda unga bo’ysunuvchi paxtachilik qo’mitalari tuzildi. Turkiston respublikasidagi barcha haydaladigan maydonlar, seleksiya stansiyalari, irrigasiya inshootlari paxtachilik qo’mitasi ixtiyoriga o’tkazildi. Bosh Paxtachilik qo’mitasi katta vakolatlarga, ya’ni boshqa qishloq xo’jalik ekinlari hisobiga chigit ekiladigan maydonlarni kengaytirish, paxta xarid narxlarini belgilash, markaziy davlat organlarining ruxsatisiz maxsus qaror qabul qilish huquqlariga ega edi. Paxtaning narxi hukumat tomonidan belgilanishi uning bu masalada yakkahokimligidan dalolat berar edi. Turkistonlik ko’pgina arboblar paxtachilikda davlat monopoliyasini tugatish zarurligini bir necha marotaba ko’tarib chiqqan edilar.

1923 yilning yanvarida SSSR Mehnat va Mudofaa Kengashi qabul qilgan qarorda «Respublika ichida paxtani xarid qilish davlat monopoliyasi bekor qilinsin» deyilgan edi. Shu bilan bir vaqtda paxtaning qat’iy narxi bekor qilindi. Sug’orish ishlarini tiklashni tezroq amalga oshirish, dehqonchilik uchun yaroqli yerlarni suv bilan ta’minlash va qishloq xo’jaligini, birinchi navbatda esa paxtachilikni rivojlantirish uchun suvdan to’g’ri foydalanishni yo’lga qo’yish maqsadida 1921 yilning fevralida TASSRdagi barcha suvlarni respublika mulki deb e’lon qilgan suv to’g’risida qonun qabul qilindi. Qonunda, suvni taqsimlash odat (boy va ruhoniylarga beriladigan imtiyozlar) bo’yicha emas, balki, birinchi navbatda dehqonlar manfaatini ko’zlangan holda berilishi kerak, deb aytilgan edi. 1921 yilning noyabrida aholining daromadlarini sug’orish ishlarini tiklashga safarbar qilish maqsadida suv solig’i joriy qilindi.

Shu yilda TASSR sug’orma yer maydoni 1920 yildagi ko’rsatgichga qaraganda 300 ming desyatinaga ko’paygan edi. Paxta ekin maydonlari esa deyarli 100 ming desyatinaga ortdi. Ittifoq hukumati avval boshdanoq yosh O’zbekiston respublikasi rahbariyati oldiga «Sovet O’zbekistoni»ni SSSRning asosiy paxta bazasiga aylantirish strategik vazifasini qo’ydi. «Oq oltin»ning aksariyat qismi, ya’ni 90%dan ko’prog’i «Sovetlar mamlakati»ning to’qimachilik markazlariga yuborildi. O’zbekistonda paxta yetishtirishni ko’paytirish sovet hukumati har yili chetdan paxta sotib olinishga sarflanadigan 100 mln. rubl oltinni tejash imkonini bergan edi. O’zbek paxtakorlarining mashaqqatli mehnati evaziga sovet davlati paxtani chetdan sotib olmay, paxta yetishtirish bo’yicha jahonda ikkinchi o’ringa chiqdi. Mana shu tariqa sobiq SSSR paxta mustaqilligiga erishdi. Paxta yakkahokimligini ta’minlash maqsadini amalga oshirish oqibatida qishloq xo’jaligining boshqa tarmoqlari, xususan, chorvachilik inqirozga uchradi, g’alla tayyorlash keskin kamayib ketdi. Hosildor yerlar miqdori kamaydi. Don, poliz ekinlarining hosildorligi qisqardi. Yangi iqtisodiy siyosat tufayli qishloq xo’jaligida kooperativ va shirkatchilik harakati avj oldi. 1923 yilda Turkiston respublikasida qishloq xo’jaligi va kredit kooperasiyalar tizimi tashkiliy jihatdan tugal ravishda shakllandi deyish mumkin. Davlatning kooperativ qurilish siyosati ikki yo’nalishda olib borildi. Bir tomondan, kooperasiya mayda tovar xo’jaligini sotsializmga jalb qilish vositasi, shaxsiy va jamoa manfaatlarining kelishuv shakli sifatida baholansa, ikkinchi tomondan, kooperasiyaga xususiy sektorni siqib chiqaruvchi ijtimoiy qurol deb qaraldi. 1923 yilda Turkistonda 1169ta kredit-kooperativ shirkati bo’lib, kreditdan foydalanadigan xo’jaliklar soni 28 mingta edi.

Milliy rahbarlarning vatanparvarlik chiqishlari Markazning keskin noroziligiga sabab bo’ldi. Markaz ularga qarshi siyosiy quvg’inni avj oldirdi. Q. Otaboyev va A. Rahimboyevlar «qo’pol xatolari» uchun o’z lavozimlaridan bo’shatildi. Lekin sovet hukumati biroz vaqt o’tgandan so’ng, ularga «o’z xatolarini tuzatish» imkoniyatini berib, rahbarlik lavozimlarida ishlashga ruxsat bergan edi. Biroq milliy rahbarlar o’lkaning taraqqiyotini uning mustaqilligida ko’rdilar va o’z qarashlarida mustahkam turishda davom etdilar. Ko’pgina milliy rahbarlar qatorida Nazir To’raqulov ham qatag’onlik to’lfonidan qutulib qolmadi va 1939 yilda otib tashlandi. Yuqorida aytib o’tilgandek, 20-yillarning boshlarida o’lka partiya-davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga milliy kadrlar jalb qilingan edi. Ular orasida taniqli davlat va jamoat arbobi Qayg’usiz Otaboyev (1887-1937) ham bor edi. O’z siyosiy faoliyati davomida K. Otaboyev Markazning ayirmachilik, shovinistik siyosatiga qarshi bir necha bor o’zining dadil fikrlari bilan chiqdi. U Markaz tomonidan yuborilgan emissarlarning mahalliy xalqlarga nisbatan qo’llayotgan usullarini tanqid qilib, Rossiyadan kelgan hodimlar tub aholining o’lkani mustaqil boshqara olish qobiliyatiga ishonmayotganliklari, o’zlari esa Turkistonning turmush sharoitlarini yaxshi bilmasdan turib, hokimiyatning ma’sul lavozimlariga da’vogarlik qilishlari haqida TKP Sovetlarining II qurultoyi minbaridan turib gapirgan edi. Q. Otaboyev milliy rahbarlardan birinchilar qatorida «bosmachilik» harakatiga to’g’ri baho bergan. Q. Otaboyev bu harakatga «harbiy yo’l bilan yo’q qilib bo’lmaydigan xalq qo’zg’oloni», deb baho beradi va bosmachilar bilan siyosiy va iqtisodiy usullarni qo’llab, tinch muzokaralar olib borish taklifini kiritadi. Shundan so’ng 1922 yilning sentyabrida Samarqand viloyatida bolsheviklar tuzumiga qarshi kurashayotgan Bahromboyev qo’rboshi bilan teng asoslarda tinchlik shartnomasini imzolagani uchun Q. Otaboyev, A. Rahimboyev, A. Serg’oziyevlar lavozimlaridan bo’shatildi. Qayg’usiz Otaboyevning qismati ham o’sha yillardagi millatparvarlarniki singari ayanchli tugadi, u 1937 yilda mustabid tuzum tomonidan nohaq qatag’onga uchrab, otib tashlanadi.

Yana bir millatparvar rahbarlardan biri yetuk davlat arbobi Inomjon Hidiraliyevdir (1891-1928). Inomjon Hidiraliyev ham ham mahalliy aholining manfaatlarini himoya qilgan milliy rahbarlardandir. U 1922 yilning oxirida Butunrossiya MIKga mahsus xat bilan murojaat qilib, «Mahalliy aholining qatlamlarini sovet ishlariga jalb qilishga, bu ishlarni aholining milliy turmush tarziga moslashtirilgan holda amalga oshirishga, Turkistonda ish yuritishni mahalliy aholi tiliga o’tkazishga» e’tiborni qaratgan edi. I.Hidiraliyev fikricha, oktyabr to’ntarishidan so’ng deyarli 5 yil o’tgan bo’lsa ham, quyidan yuqorigacha boshqaruv apparatlarida asosan yevropalik kishilar o’tirganligi mahalliy aholida chorizm mustamlakachilik siyosati sovetlar davrida ham davom etmoqda degan xulosani keltirib chiqarishga asos bo’ldi. Boshqaruv idoralarida o’tirgan yevropaliklar asosan Rossiya sharoitidan kelib chiqqan kishilar bo’lib, mahalliy aholi tili, urf-odatini bilmaydigan, dehqonchilik va chorvachilikda mashg’ul bo’lgan ko’plab aholi hususiyatiga mos mafkuraviy qarashlarni tushunmaydigan shahslardir. Bu esa o’z navbatida chorizm davridagi byurokratik davlat apparatiga o’xshab qolgan boshqaruv apparatini tez orada mahalliy xalqlar ruhiyati va turmushiga moslashtirishni taqozo qiladi. Hidiraliyevning ushbu takliflari bilan markaz qisman bo’lsa ham hisoblashishga majbur bo’ldi. 1923 yildan boshlab ish yuritish tub millatlar tillarida olib boriladigan bo’ldi. I. Hidiraliyevning hayoti 1928 yilda fojiali tugaydi. SSSR tashkil etilgandan keyin Ittifoq rahbariyatining jahon sostialistik inqilobini va «chekka milliy o’lkalar»ning xalqlarini muntazam ravishda kommunistik mustamlaka qilib olishni rag’batlantirish sohasidagi strategik maqsadlari o’ziga hos ravishda «O’rta Osiyoning milliy-hududiy chegaralanishi» harakatida o’z ifodasini topdi. Uni o’tkazish to’g’risidagi qaror faqat hukmron tabaqaning siyosiy manfaatlaridan kelib chiqqan va mahalliy xalqlarning siyosiy irodasini to’la-to’kis inkor qilar edi. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad O’rta Osiyo xalqlariga birlashish imkonini bermaslik. Ularning birligi, madaniyati, tili va urf-odatlarini parchalash, markazga qaramligini oshirish, ruslashtirishni tezlashtirish va milliy ozodlik harakati kuchlarini parokandalashdan iborat bo’ldi. Shu maqsad yo’lida O’rta Osiyoni qayta taqsimlash masalasini birinchi bo’lib 1920 yilning boshida «Turkkomissiya» raisi M. Rudzutak ko’taradi. Rahbariyat uni ma’qullab, «O’zbekiya», «Kirgiziya», «Turkmeniya» xaritasini tuzish vazifasini topshiradi.

Buni amalga oshirish uchun faol firqaviy targ’ibot, tashviqot va taz’yiq boshlanadi. Bunga javoban Turkiston birligi uchun kurashayotgan jadid ziyolilari O’rta Osiyo federasiyasini tashkil etish taklifini o’rtaga tashlaydilar. Xorazm komfirqasining mas’ul kotibi Q. Odinayev markaz fikriga qarshi bo’lgani uchun ishdan olinadi. Markaz hohish-irodasi firqa orqali mahalliy xalq «hohish-irodasi»ga aylantirilib, uning «talabi»ni qondiruvchi qarorlar qabul qilinadi. O’rta Osiyoda O’zbekiston SSR, Turkmaniston SSR, Qora-Qirg’iz (Qirg’iziston) muhtoriyati, O’zSSR tarkibida Tojikiston muhtoriyati, shuningdek, Qoraqalpoq muhtoriyatini tashkil etish, Turkistondagi qirg’iz (qozoq)larni Qozog’iston SSR tarkibiga qo’shish rejasi ishlab chiqiladi. Ularning hududi va mulkini aniqlash RKP(b) Markaziy Qo’mitasi O’rta Osiyo byurosining mahsus komissiyasiga topshiriladi. Bu komissiya O’rta Osiyoni avvaldan belgilangan reja bo’yicha milliy-hududiy jihatdan bo’lib chiqadi. Shu asosda O’zbekiston SSR tashkil topganligi O’zSSR Sho’rolarining birinchi qurultoyida 1925 yil 17 fevralda e’lon qilinadi. U 1925 yilning 13 mayida «mustaqil» (suveren) davlat sifatida SSSRga, ya’ni soxta Sho’ro tarixida ko’rsatilganidek, «tenglar tengi» tarkibiga kiradi. Aslida esa SSSR Kommunistik mustabidlikka asoslangan, tenglar ichida teng bo’lmagan ittifoqi edi. O’zbekiston SSRning tashkil etilishi munosabati bilan 1925 yil 8 fevralda Buxoro shahrida chaqirilgan 1-qurultoyda O’zbekiston Komfirqasi tashkil etildi. Bu qo’g’irchoq firqaning mas’ul kotiblari etib V. I. Ivanov va A. Ikromovlar saylandilar. Bolsheviklarning milliy-hududiy chegaralanishiga qarshi o’z fikrlarini ilgari surgan, «Buxoro inqilobi tarixiga doir» asarida Fayzulla Ho’jayev jadidchilikka holis baho berishga harakat qilgan. Ushbu asardagi jadidchilikning ijtimoiy mohiyatiga ijobiy munosabati va jadidchilikni ijtimoiy-inqilobiy harakat sifatidagi qarashlari xato deb baholandi. Tariximizda o’chmas izini qoldirgan buyuk siymo bu – Fayzulla Ho’jayevdir (1896-1938). 1920 yili inqilobchi «Yosh Buxoroliklar» Turkiston Markaziy byurosi raisi, 1920-1924 yillarda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Nozirlari Kengashining raisi (shuningdek, xorijiy-tashqi ishlar noziri) bo’lib ishlagan. Fayzulla Ho’jayevning faoliyati nihoyatda murakkab siyosiy vaziyatda o’tgan. O’zbekistonda yuz berayotgan o’zgarishlardan qoniqmaganligini u o’zining bir qancha tanqidiy chiqishlarida bildiradi.

Fayzulla Ho’jayev ham mustabid tuzumning qatag’on qurbonlaridandir. U 1937 yil Moskvada «Xalq dushmani» sifatida qamoqqa olinib, 1938 yilda otib tashlangan.
20-30 yillarda ko’zga ko’ringan milliy yetakchi – Abdulla Rahimboyevdir (1896- 1938). Abdulla Rahimboyevning siyosiy faoliyati nihoyatda serqirra bo’lib, mustabid tuzum siyosatiga qarshi dalil chiqishlari buning yorqin ifodasidir. Masalan, u 1921 yilning dekabrida bo’lib o’tgan RSFSR Sovetlarining IX qurultoyi minbaridan turib, Rossiya hukumatiga ochiqdan-ochiq «Turkistondagi sovetlarning jazolash siyosati har qanday chegaralardan o’tib tushdi. Farg’ona viloyatidagi jazo otryadlari esa mutlaqo muhtor holatda, hech kim bilan, partiya organlari bilan ham, sovet organlari bilan ham hisoblashmasdan, turli shubhali shaxslarni xizmatda olib harakat qilmoqdalar» degan bayonot bilan chiqdi. Lekin bunday tarzda sovetlar siyosatini tanqid qilish kechirilmas edi va 1922 yilda ishda yo’l qo’yilgan «qo’pol xatolari» uchun TASSR MIK raisi A. Rahimboyev lavozimidan chetlashtirildi. Biroq vaqt o’tishi bilan Markaz unga «o’z xatolarini tuzatish» imkonini beradi va yana rahbarlik ishiga jalb qiladi. A. Rahimboyev RKP (b) MK O’rta Osiyo byurosi a’zosi hamda TKP MKning mas’ul kotibi sifatida milliy-hududiy chegaralanish o’tkazishning tepasida turdi. 1924 yilning fevralida u Buxoroga yuboriladi va bu yerda BHSR rahbar hodimlarining kengashida milliy-hududiy chegaralanish to’g’risida ma’ruza qildi. 1924 yilning 10 martida Turkiston Kompartiyasi MK va Turkiston MIK rahbar hodimlarining kengashida ham ma’ruza qilib, milliy-hududiy chegaralanishni «… nisbatan ma’qul tarzda, og’riqsiz usullar» bilan o’tkazish kerakligini uqtirdi. Abdulla Rahimboyevning qismati ham milliy yetakchilarniki kabi qatag’on to’fon avj olgan paytda hal qilindi. U 1938 yilda qurbon
bo’ldi.
Shunday qilib, 1924 yilning oxiri bolshevizmning O’rta Osiyoni milliy-hududiy chegaralash borasidagi siyosati amalga oshirilishi bilan, nihoyasiga yetdi. Bu bolshevizmning asosiy mafkuraviy va siyosiy dushmani bo’lgan turkizmga qarshi kurash manfaatlari taqozosi bilan mohirona o’ylab topilgan harakat edi. Mintaqa Xalqlariga majburan tiqishtirilgan bu siyosatni amalga oshirish uchun vaqt va mablag’ bilan bir qatorda katta kuch-g’ayrat sarflash talab qilindi. Birinchi davrda – milliy chegaralanish g’oyasi paydo bo’lgan 1920 yildan 1924 yilgacha, uni amalda ro’yobga chiqarish boshlangan paytgacha, uning mafkuraviy, siyosiy, madaniy-ma’naviy asoslash va shundan keyingi harakatlar uchun zamin tayyorlash mehanizmi ishga tushirildi. «Yagona turkiy millat bo’lmaganidek, yagona madaniyati va yagona turkiy til ham yo’q» degan shiorlar ostida to’rt yil mobaynida dastlab Turkiston, keyinroq Buxoro va Xorazm respublikalari Xalqlari ongiga keng miqyosda tazyiq o’tkazildi, milliy o’xshash tuzilmalarning shakllanish jarayonidagi integratsiya sun’iy ravishda jadallashtirildi. Ikkinchi davr, 1924 yilda bevosita milliy chegaralanish o’tkazildi, uni boshdan ohirigacha RKP (b) MK rahbariyati va uning muhtor vakillari rahbarligida O’rta Osiyo partiya tashkilotlari amalga oshirdilar. Mahalliy Xalqlarning hohish-irodasi mutlaqo hisobga olinmadi va ularni o’rganish mehanizmi ishlab chiqilmadi. Xalqlarni milliy chegaralash g’oyalarini amalga oshirish bolsheviklarning taktik ustamonligi bilan muvaffakiyatli ro’yobga chiqarildi. Avvalo, bu g’oyaning dastlabki vazifasi hal etildi – turkiylar birligi mafkurasiga va amaliyotiga sezilarli zarba berildi. Milliy tuzilmalar tashkil etilishi, ularga «milliy davlatchilik» maqomi berilishi bilan Markaz mintaqa Xalqlarining diqqatini tashqi dushmandan (ular uchun tashqi dushman Markazning o’zi edi) ichki muammolarga yo’naltirishga muvaffaq bo’ldi. Lekin bu eng asosiysi bo’lib, bolsheviklar bu harakat bilan o’zlarining strategik niyatlarida ham muhim yutuqlarni qo’lga kiritdilar. RSFSRning Turkiston Avtonom Respublikasi bilan bir qatorda milliy-hududiy chegaralanishiga huquqiy jihatdan mustaqil Buxoro va Xorazm respublikalarining ham jalb qilinishi, ularning qismlarga bo’linishi va ular asosida yangi milliy tuzilmalarning tashkil topishi, ularning SSSR tarkibiga kiritilishi natijasida O’rta Osiyoning bu ikki qadimgi davlati dunyoning siyosiy xaritasidan butunlay yo’q qilindi. O’rta Osiyo davlatchiligining ming yillik rivojlanish tarixiga putur yetkazildi. Hukmron sulolalarning tez-tez almashishiga, makon-hudud mezonlarining o’zgarishiga qaramay, O’rta Osiyo davlatchiligining asosini tashkil qilgan muhit – uning aholisi tarixan turli etnik guruhlardan tashkil topganligi va uning tarqoq holda joylashganligi, uning o’ziga xos bo’lgan xo’jalik, maishiy, diniy, ma’naviy-madaniy hayotining mushtarakligi o’zgarmay qolaverdi. Har bir etnik guruh o’zining muayyan joyiga ega bo’lgani holda bu mushtaraklikning tarkibiy, o’zgarmas teng qiymatga ega bo’lgan qismi bo’lib turaverardi. Endi esa, ittifoqdosh, muhtor respublikalar va viloyatlarning tashkil topishi bilan millatlarni farqlash, tabaqalash joriy etildi. Bu farq faqat ularning tashkil topish maqomi bilangina emas, balki uning ichidagi mazkur tuzilmaga nom bergan etnosning nomi va «oz sonli millatlar» bilan ham yaqqol ko’zga tashlanar edi.

Shunday qilib, millatning bir qismi o’z ota-bobolari yerida yashab, mehnat qilsada, rasmiy ta’rifga ko’ra, «oz sonli millat»ga aylanib qolgan edi. 1924 yilda milliy-hududiy chegaralanish natijasida O’rta Osiyo xaritasida ittifoqchi respublikalar bilan birga muhtor tuzilmalar ham paydo bo’ldi. Shular orasida Qoraqalpog’iston muhtor viloyati ham bor edi. Ushbu viloyat Qirg’iziston (Qozog’iston) ASSR tarkibida bo’lib, unga volostlardan iborat To’rtko’l, Chimboy, Ho’jayli va Qo’ng’irot okruglari kirdi. 1925 yil 12-19 fevralda viloyat markazi To’rtko’l shahrida bo’lib o’tgan Qoraqalpog’iston avtonom viloyati Sovetlarining birinchi qurultoyi «Qoraqal-pog’iston avtonom viloyati tashkil topganligi to’g’risida Deklaratsiya» qabul qildi va «Qoraqalpoq milliy davlatchiligi» tashkil etilganligini qonuniy rasmiylashtirdi. Qoraqalpog’iston avtonom viloyati ijroiya qo’mitasining raisi etib A. Qudaboyev saylandi. Ushbu qo’mitaning rais o’rinbosarlari qilib A. Ayteshov va T. Nepesov, a’zolari qilib O. Dustnazarov, I. Bekimbetov, Q. Avezov va boshqalar saylandi. Qoraqalpog’istonda yashaydigan asosiy elatlar Qoraqalpoqlar – 38,5%, o’zbeklar – 28,7%, qozoqlar – 28,6% dan iborat edi. Qoraqalpog’iston muhtor viloyati tashkil etilgandan so’ng sovetlar bu yerda ham sotsialistik qurilishni avj oldirib yubordilar. Jumladan, ovul va qishloqlarni sovetlashtirish keng miqyosda olib borildi. Sovetlarga batrak va kambag’allar saylanib, ularning asosiylarini kommunistik va komsomollar tashkil qildi. Mamlakatda vayron bo’lgan sanoatning turli sohalari, qishloq xo’jaligi va sug’orish ishlarini tiklash amalga oshirildi. Qoraqalpog’iston iqtisodiyotining taraqqiyoti bir tomonlama xususiyatga ega bo’lib, SSSRning markaziy mintaqalari sanoatini rivojlantirish ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan edi. Masalan, 1933 yilning 3 oktyabrida SSSR Yer ishlari Xalq Komissarligi Qoraqalpog’istonni mamlakatga beda urug’i yetkazib beruvchi asosiy baza deb tan olgan edi. Buning asosiy sababi mamlakat Xalq xo’jaligida ittifoqdosh respublikalar o’rtasidagi mehnat taqsimotida Qoraqalpog’istonga oliy sifatli paxta, beda hamda baliq bilan ta’minlab turish yuklatilganligida edi. Muxtor viloyat sanoatining yetakchi tarmoqlarini paxta tozalash va baliq-konserva zavodlari tashkil etar edi. Sanoatni yuksaltirish bilan bir qatorda qishloq xo’jaligining barcha sohalarini rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratildi va bu yerga ko’p miqdorda qishloq xo’jalik anjomlari keltirila boshlanib, boy va ruhoniylardan tortib olingan yerlar hisobiga yersiz va kam yerli dehqonlar yer bilan ta’minlandi. 1930 yilda Qoraqalpoq muhtor viloyati RSFSR tarkibiga kiritildi. 1932 yilning 20 martida esa SSSR MIK Rayosati «Qoraqalpog’iston avtonom viloyatini Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasiga aylantirish va uni RSFSRga kiritish to’g’risida» qaror qabul qildi. O’sha yilning may oyida avtonom respublika Sovetlarining I Ta’sis qurultoyi hukumatni tuzdi. Unda QQASSR MIK raisi etib KOPTLEU Nurmuhamedov, Xalq Komissarlari Kengashi raisi etib esa K. Avezovlar saylandilar. 1936 yilda SSSRning yangi Konstitusiyasi qabul qilindi va unga ko’ra QQASSRning O’zbekiston SSR tarkibiga kiritish ko’zda tutilgan edi. Buning asosiy sababi hududiy yaqinlik, yagona tarixga ega bo’lganligi deb e’tirof etildi. 1937 yil 12 fevralda O’zSSRning yangi Konstitusiyasi qabul qilindi. O’sha yilning 6 martida esa QQASSRning yangi Konstitusiyasi e’lon qilinadi. Qoraqalpog’iston O’zbekiston tarkibiga kirgach, o’zbek va Qoraqalpoq Xalqlari o’rtasidagi do’stlik yanada mustahkamlandi.

Har qanday milliy mustaqil davlat yashashining asosiy sharti o’sha mamlakatning zamonaviy rivojlangan sanoatga, og’ir industriyaga ega bo’lishligiga bog’liqdir. Buni yahshi tushungan bolsheviklar Sho’ro Rossiyasini sanoati rivoj topgan ilg’or mamlakatlar qatoriga olib chiqish vazifasini qo’ydi. Ammo O’zbekiston singari mustamlaka mamlakatlarga nisbatan bu siyosat mutlaqo boshqacha maqsadlarda – Markaz manfaati asosida amalga oshirildi.

1925-1940 yilda O’zbekistonda amalga oshirilgan sanoatlashtirish siyosati sho’ro hukumati va komfirqa mustamlakachilik siyosatining tarkibiy va ajralmas qismi edi. Bunday siyosatni oqlash maqsadida «SSSR yagona xo’jalik kompleksi» g’oyasi ilgari surildi. Ushbu g’oyadan kelib chiqqan holda O’zbekistonda Xalq xo’jaligining qaysi tarmog’ini rivojlantirish masalasini Moskva – markaz hal qildi. Bu «taraqqiyot yo’nalishlari» stalincha besh yilliklarda o’z aksini topdi va ular Komfirqa qurultoylarida tasdiqlandi. Ana shu direktivalar asosida O’zbekiston taraqqiyotining 1925-1940 yillardagi ahvoli tahlil etiladigan bo’lsa, shu davr mobaynida respublikada sanoat mahsulotlarini mustaqil o’zi ishlab chiqara oladigan birorta industriya gigantining bunyod etilmaganligiga guvoh bo’lamiz. Chunki O’zbekistonda bunday yirik sanoat gigantlarini qurish Sho’rolarning milliy mustamlakachilik manfaatlariga javob bermas edi. Mustamlakachilik siyosati yuritishning bunday tartib-qoidasi dunyodagi Angliya, Amerika Qo’shma Shtatlari, Fransiya, Germaniya va boshqa mamlakatlar tarixiy tajribalarida ham tarix sinovidan o’tgan. Mustamlakachi davlatlar (shu jumladan Sho’rolar ham) o’zlari bosib olgan hududlarda tez foyda bera oladigan, o’z milliy manfaatlariga javob beradigan va mustamlakachilikka xavf tug’dirmaydigan siyosat olib boradilar. Sho’rolar ham «ixtisoslashtirish» bahonasida Rossiyaning o’zida Ukraina, Belorussiya va boshqa asosan slavyan respublikalarida og’ir sanoat korxonalarini qurishga asosiy diqqat-e’tiborni qaratdilar. O’zbekistonda esa asosan paxtachilikning rivojlanishi bilan bog’liq bo’lgan sanoat tarmoqlari, aholining yashashi va turmush kechirishi bilan bevosita aloqador bo’lgan oziq-ovqat, kiyim-kechak va hokazolar ishlab chiqaradigan yengil sanoat korxonalari bunyod etildi. 1925-1940 yillarda qurilib ishga tushirilgan bunday korxonalar jumlasiga Bo’zsuv GESi, Samarqand, Buxoro, Qo’qon, Termiz, Asaka shaharlaridagi issiqlik elektrostansiyalari, Toshkent, Samarqand, Farg’ona va Buxorodagi to’qimachilik fabrikalari, Toshkent qishloq xo’jalik mashinasozligi zavodi, Farg’ona konserva, Hilkovo sement zavodlari, Toshkent «O’rtoq» tamaki fabrikasi, Samarqand, Buxoro va Marg’ilon ipak yigiruv fabrikalari, «Chimyon» va «Santo» neft konlari bazasida tashkil etilgan neft zavodlari, «Toshtram», «Qizil Sharq» va «Birinchi may ustahonalari», ko’plab paxta tozalash, sutyog’ tayyorlash, sovun pishirish kabi zavodlarni kiritish mumkin.

Hullas, 20-30-yillarda O’zbekistonda amalga oshirilgan sanoatlashtirish siyosatining bosh maqsadi respublikani istiqbolda mustaqil taraqqiyot yo’lidan borishini ta’minlaydigan iqtisodiy poydevordan mahrum qilish va sho’rolar xo’jalik mexanizmining bir tarmog’iga aylantirishdan iborat edi. Jamoalashtirish ham «lenincha sotsializm qurish rejasi»ning tarkibiy qismidir. Taniqli olima Rahima Aminova bu mudhish jamoalashtirishga baho berib shunday degan edi: «Kollektivlashtirish – ishlab chiqqarishga davlat monopoliyasi o’rnatilishining naq o’zginasidir. Tabiiyki, moddiy manfaatdorlik bo’lmagan joyda tashabbuslar ham so’nadi. Tashabbus, izlanish bo’lmagan joyda esa ish orqaga ketadi. Buning ustiga hayotning o’zi kollektivlashtirish muammosini ko’tarib chiqmagan edi. Zo’ravonlik bilan o’tkazilgan siyosat ko’plab ishbilarmon, tadbirkor odamlarning ishga, yerga bo’lgan munosabatini sovitdi. Sho’ro hukumati va komfirqa mustamlaka asoratidagi o’lka xalqlarini qul o’rnida ishlatib, hisobsiz foyda va daromad olishning eng maqbul shakli bo’lgan kommunistik jamoalashtirish siyosatini amalga oshirish uchun ayyorlik va ustamonlik bilan tayyorgarlik ishlarini olib bordi. Bu borada amalga oshirilgan «yer-suv islohoti» muhim o’rin tutadi.

O’zbekistonda amalga oshirilgan «yer-suv islohoti» ikki bosqichda amalga oshirildi. Birinchi bosqich 20-yillarning boshlarida o’tkazildi va o’lkada amalga oshirilgan «milliy davlat chegaralanishi» munosabati bilan ma’lum muddatga to’xtab qoldi. Ikkinchi bosqich esa 1925-1929 yillarni o’z ichiga oladi. 1920 1921 yillarda o’tkazilgan «yer-suv islohoti»ning asosiy maqsadlaridan biri o’lkaga ko’chirib keltirilgan rus zamindorlarining yerlarini mahalliy dehqonlarning yerlari bilan tenglashtirish edi. Kelgindi rus mujiklari chor ma’murlaridan juda katta hajmdagi serunum yahshi yerlarni olgan edilar. Sho’ro hukumati bu bilan o’zini go’yo mahalliy mehnatkash Xalqning «g’amho’ri» va «mehriboni» qilib ko’rsatmoqchi bo’lgan edi. O’lkada «yer-suv islohoti» Sho’ro hukumatining «Yer to’g’risida»gi dekreti asosida amalga oshirildi va uning bosh maqsadi qishloqda tabaqalanishni kuchaytirishdan iborat edi. Sho’ro va komfirqa korchalonlari bu yerda ham «bo’lib tashla, hokimlik qil» qabilida ish yuritdilar, qishloq aholisini boy va kambag’allarga bo’lib, ularning «sonini o’zidan chiqarib» bir-birlariga qarshi gij-gijladilar. 1921 yilda tashkil etilgan «Qo’shchi» uyushmasi huddi ana shu maqsadda tuzildi. 20-yillarning o’rtalaridayoq uning saflarida 160 ming nafarga yaqin a’zo bor edi. Bu uyushmaga asosan yersiz va kam yerli kambag’al dehqonlar uyushtirildi. 1921-1922 yillarda o’tkazilgan «yer-suv islohoti» natijasida Sirdaryo, Farg’ona, Yettisuv viloyatlari, Turkman viloyatining Marv uyezdida 1.722.626 desyatina yer musodara qilindi. Ana shu yerlardan 117.512 desyatina yersiz va kam yerli o’zbek dehqonlariga berildi va 3 ming xo’jalik tashkil etildi. Dehqonlarga yer bilan birgalikda 1.517ta ot, 87ta tuya, 1042ta sigir va 133ta eshak ham taqsimlab berildi. «Yer-suv islohoti» davrida ko’chirib yuborilgan oilalardan 250 ming botmondan ortiq don tortib olindi va shundan atigi 12,8 ming botmoni mahalliy kambag’al batraklarga bo’lib berildi. «Yer-suv islohoti»ning 1925-1929 yillarda o’tkazilgan navbatdagi bosqichi O’zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo’mitasining 1925 yil 2 dekabrdagi «Yer va suvni natsionalizasiya qilish» to’g’risida va «Yer va suv islohoti» to’g’risidagi dekretlari asosida amalga oshirildi. O’tkazilgan «islohot» davomida faqat Toshkent, Farg’ona, Samarqand va Zarafshon viloyatlarida tortib olingan yerlar evaziga 254,2 ming desyatina yer jamg’armasi hosil bo’ldi. Bu yerlarning 70 foizi «boylar» deb hisoblangan o’rta hol dehqonlaridan tortib olingan edi. Ana shu o’rta hol dehqonlar esa 1918-1922 yillarda sho’ro hokimiyatidan yer olib o’z xo’jaliklarini tiklab olgan edilar.

Markazning «tanqidiy xulosalari» asosida O’zbekiston Sho’ro hukumati va komfirqasi respublikada jamoalashtirishni yuqori sur’atlarda va «safarbarlik» asosida olib bordi. Natijada 1932 yilda butun O’zbekistondagi boy va o’rtahol hamda sho’ro davrida yer olgan dehqonlarning 91,7 foizi jamoalashtirildi – jamoa va davlat xo’jaliklariga birlashtirildi.

Butunittifoq komfirqa Markaziy Qo’mitasi qarori bilan jamoalashtirishga yordam ko’rsatish uchun qishloq xo’jaligi ishidan behabar «25 mingchilar» nomini olgan ishchilar, shuningdek, texnik xodimlar qishloqlarga yuborildi. Shu «yordam» bahonasida O’zbekiston qishloqlariga ham Rossiyadan 433ta, O’zbekistonning o’zidan 250ta rus ishchisi yuborildi. Ular firqa ko’rsatmasi bilan rahbar lavozimlarga tayinlandilar. Ularga Markaz siyosatini amalga oshirish uchun katta huquq va imkoniyatlar berildi. Ularga qarshi bo’lgan ko’pgina mahalliy rahbarlar ishdan olinib, javobgarlikka tortildi.

Dunyodagi barcha mustamlakachi davlatlar singari sho’rolar davlati ham O’zbekistonni o’zining hom ashyo yetkazib beruvchi o’lkasiga aylantirish siyosatini yuritdi, og’ir sanoatni rivojlantirishga ataylab yo’l bermadi. Urushdan O’zbekiston butunlay holdan toyib, har tomonlama qiyinchiliklar girdobiga botgan holda chiqdi.

Sovet davlati O’zbekistonda hech qanaqa yirik sanoat korxonasini qurmadi va qurishi ham mumkin emas edi. O’zbekiston tuprog’ida qurilgan va ma’lum darajada ahamiyatliroq bo’lgan sanoat korxonalarining 30 foizi Ittifoq tasarrufida, 60 foizi Ittifoq-Jumhuriyat tasarrufida bo’lib batamom Markazga bo’ysunar edi. Faqat 10 foizgina sanoat korhonasi bevosita O’zbekistonga bo’ysungan va bu respublika iqtisodiyotida hal qiluvchi o’rin tutmagan. 1946-1985 yillarda O’zbekistonda elektroenergiya sanoati rivojlantirildi. Yengil va oziq-ovqat sanoatining bir qator korhonalari qurilib ishga tushirildi. O’zbekistonda sho’rolar hukumatining rangli va qora metallurgiya, ko’mir ishlab chiqarish, gaz va neft mahsulotlarini qazib olish, transport va aloqa tarmoqlarini rivojlantirish, kapital qurilishini hamda shaharsozlik kabi sohalarga e’tibor berganligi to’g’risida keragidan ortiqcha yozilgan.

Hullas, sovetlar davrida O’zbekiston og’ir vaziyatga tushib qoldi. Respublikadan chetga chiqarilayotgan mahsulotning 2/3 qismi hom ashyo hissasiga to’g’ri keldi. O’zbekistonga chetdan keltirilayotgan narsalarning 60 foizini esa mashinalar, asbob-uskunalar, yengil sanoat va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari tashkil etdi. Milliy nafsoniyatga qattiq tegadigan jumboq ko’zga yorqin tashlanib qoldi. Respublika o’zi ter to’kib yetishtiradigan va Markazga yetkazib beradigan juda qimmatli hom ashyo mahsulotlari – paxta, nitron, kaprolaktam va boshqalarni o’zida tayyor mahsulot tarzida ishlab chiqarish imkoniyati bo’lmaganligidan, uni tayyor mahsulot tovarlari shaklida bir necha barobar qimmat narhlarda Markazdan sotib olishga majbur bo’ldi. Natijada hayot uchun g’oyat zarur va qimmatli hom ashyolarni ishlab chiqarayotgan O’zbekiston bu mahsulotlarni yetishtirishda foyda emas, zarar ko’rdi, Markazdan dotatsiyalar olib yashaydigan «boqimanda» respublikaga aylandi, va aksincha, bunday hom ashyo mahsulotlarini o’zi yetishtirmasa-da, uni o’zida qayta ishlab tayyor sanoat mahsulotlari tarzida sotuvchi Rossiya bundan behisob boyliklar olib, foyda orttirdi. Paxtachilikni rivojlantirish maqsadlarini ko’zlab bu sohaga juda katta hajmdagi mablag’larni sarfladi va paxtachilikning moddiy-tehnika bazasini mustahkamladi. 1940 yilda O’zbekiston paxta dalalarida 23 ming traktor ishlagan bo’lsa, 1985 yilda 188,9 ming traktor ishladi. Paxta terish mashinalarining soni ham yil sayin ortib bordi.

O’zbekistonda 1986 yili (1940 yil bilan taqqoslaganda) aholining o’sish sur’atlariga qaraganda paxta tayyorlash bir necha barobar o’sgani holda sigirlar, qo’y va echkilarning o’sish sur’ati keskin orqada qolgan. Paxta ekin maydonlari kengayishi Amu va Sirdaryo suvlarining Orol dengiziga oqishini keskin kamaytirdi natijada, Orol fojiasi kelib chiqdi.

Sho’rolar hukumati aholi uchun nihoyatda zarur bo’lgan sohalar: don mahsulotlari, kartoshka, sabzavot kabi tarmoqlarga ikkinchi darajali soha deb qaradi. Buning oqibatida jannatmakon o’lkamizning qaramligi va tobeligi yanada oshdi. Sho’rolar tuzumining inqirozi iqtisodiy sohani ham chetlab o’tmadi. Bu jarayon 50-yillarning oxiri va 60-yillarda avj oldi. Buni biz 1956-1960 yillarga mo’ljallangan besh yillik va 1959-1965 yillarga mo’ljallangan yetti yillik rejalarining bajarilmay qolganligida ko’ramiz. Bu jarayon ayniqsa 80-yillarda keskin tus oldi. Mehnat unumdorligi bo’yicha O’zbekiston Ittifoq darajasining sanoatda atigi 40 foiziga teng edi. Qishloq xo’jaligida esa mehnat unumdorligi umumittifoqning o’rtacha ko’rsatgich darajalaridan ikki baravar kam bo’lgan. Bu shunga olib keldiki, ishlab chiqarish sur’atlari ilgarilash o’rniga orqaga ketdi. 1976-1984 yillarda Jizzax, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog’iston Respublikasi qishloq ho’jaligiga davlat 8 milliard so’m mablag’ sarflandi. Maydonning hajmi jihatidan bu respublikada ishga tushirilgan qo’riq yerlarning yarmiga teng bo’ldi. Ammo bu mintaqalarda paxta yetishtirish ko’payish o’rniga kamayib ketdi. 1985 yilda jami bo’lib respublikadagi tumanlarning yarmi, 11 ming brigada paxta tayyorlash yillik rejalarini bajarmadi. 1986 yilda 424 davlat va 22 jamoa xo’jaligi yilni zarar bilan yakunladi. Qishloq xo’jaligining boshqa sohalaridagi davlat rejalari ham bajarilmadi. Iqtisodiy turg’unlik ayniqsa chorvachilikka halokatli ta’sir ko’rsatdi. Iqtisodiy inqiroz va turg’unlikning bosh sababi va uning asosi adolatsizlik, haqsizlik, tengsizlik va mustamlakachilikka asoslangan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy tuzumda edi. Ikkinchi asosiy sabab «lenincha adolatli milliy siyosat»ni niqob qilib olib Kommunistik firqaning yuritgan byurokratik yakkaboshchilikka, buyruqbozlikka va zo’rlikka tayanuvchi siyosatida edi. Uchinchi asosiy sabab Ittifoq «yagona ho’jalik kompleksi» niqobi ostida ishlab chiqarish va rejalashtirishning haddan tashqari Moskva qo’lida markazlashtirilishi va unga bo’ysundirilishi edi. Hullas, O’zbekiston xalqi 80-yillarning oxirlariga kelib sobiq Ittifoqida eng og’ir va nochor iqtisodiy ahvolga tushib qolgan edi. Mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy ahvolning og’irligi va muttasil ishsizlar sonining oshib borishi aholi turli tabaqalari, xususan, yoshlar o’rtasida jinoyatchilikning ko’payishiga sabab bo’lgan omillardandir. Og’ir iqtisodiy turmush sharoiti mamlakatda fojeali tus olgan ekologik buhton bilan birga qo’shilib aholi o’rtasida turli xildagi kasalliklarni keltirib chiqardi. O’zbekistonda 80-yillar davomida rak kasali bilan og’rish 16,5 foizga ortgan. Bunday og’ir ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat O’zbekistonda uzoq davom etishi mumkin emas edi. Insoniy haq-huquq va adolat uchun milliy mustamlakachilik zulmiga qarshi hal qiluvchi kurash pallasi yaqinlashmoqda edi.