Spektr koinotni o’rganish uchun qanday yordam beradi?

Ma’lumki, spektrning o’zinigina o’rganish ham munajjimlarga bizdan milliardlab millar narida bo’lgan yulduzning tarkibini, unda qanday elementlar mavjudligini bilib olish, yulduz temperaturasini o’lchash, harakat tezligini hisoblab chiqish va bu harakat yerga tomon yoki yerdan nariga yo’nalganini aniqlash imkonini beradi.

Spektr oq nurning prizmadan o’tayotib, sinishi natijasida hosil bo’lgan chiziqlardir. Spektrda turli ranglar hosil bo’lishidan tashqari, yuzlab parallel chiziqlar joylashgan bo’ladi. Ular «Fraungofer chiziqlari» deb ataladi. Bu chiziqlarni Fraungofer kashf etgan.

Gaz yoki bug’ holatidagi har bir kimyoviy element spektrda o’z chiziqlari birikmasiga ega. Nurlanish darajasiga qadar qizitilgan element bu chiziqlarni yorug’likdan yutib oladi. Buning ma’nosi shuki, mutaxassis har qanday moddaning, u qanchalik masofada bo’lishidan qat’i nazar, tarkibini aniqlay oladi. Har bir element boshqa bir elementning spektridan farq qiladigan o’z «qoramtir chizig’i» yoki yutish spektriga ega. Fizik o’rganilayotgan material spektrini ma’lum elementlarning spektri bilan solishtirib, u nimadan iborat ekanini aniqlashi mumkin. Boshqacha aytganda, har bir elementning yorug’lik surati ko’rinishidagi «barmoq izlari» bor. Munajjimlar, temperatura elementning spektr chiziqlari holatini o’zgartirishi mumkinligini hisobga olib, bizdan milliardlab millar olisda bo’lgan yulduzlar temperaturasi haqida ham ko’p narsani aytib berishlari mumkin. Yulduzlar biz tarafga qarab harakatlanayotganda, spektr chiziqlari spektrning binafsharang qismiga tomon o’zgara boradi. Agar yulduz bizdan uzoqlashayotgan bo’lsa, chiziqlar spektrning qizil rangi tomon o’zgara boradi. Olimlar ranglar o’zgarishiga qarab, ayrim yulduzlar fazoda sekundiga 150 mil tezlik bilan harakat qilishini hisoblab chiqishdi.