TANGA

TANGA, tangalar (turkiy «tamg’a» so’zidan) — metall (oltin, kumush, mis; hozirgi vaqtda misning turli qotishmalari, nikel va alyuminiy)dan yasalgan pul birligi, muomala va to’lov vositasi. Tuxumsimon yoki dumaloq shakli foydalanish uchun qulay. Tangalar aversi (yuzi) va reversi (orqa tomoni) va gurti (cheti) orqali bir-biridan farqlanadi. Tangalar deyarli bir vaqtda (miloddan avvalgi 8— 7-asr) Lidiya davlati (kichik Osiyo)da va Egina oroli (Yunoniston)da paydo bo’lgan. Tanga pul-tovar munosabatlarining rivojlanishi bilan yuzaga kelgan va tovar ayirboshlashda ekvivalent rolini o’ynagan boshqa buyumlar (chorva mollar, don, chig’anoq, mato va boshqalar) dan farq qilib, universal to’lov vositasi vazifasini bajargan. Qadimgi Tangalar tasvir (hukmdorning tasviri, unvoni, ismi, gerbi) va izohlar (tanga chiqqan davlat va shaharning nomi, yili) bilan zarb qilingan. O’zbekiston hududida dastlabki metall Tangalar miloddan avvalgi 6-asrda Doro I davrida zarb etilgan, og’irligi.8,4 grammni tashkil etgan «darik» deb nomlangan tilla tangalar, deb taxmin qilinadi. Miloddan avvalgi 3— 1-asrlarda va undan keyingi davrda zarb etilgan Tangalar namunalari hrzirgacha saqlanib qolgan. Ular jumlasiga Antiox 1 (miloddan avvalgi 281-261 yillar), Evtidem 1 (miloddan avvalgi 235-200 yillar), Demetriy I (miloddan avvalgi 200-185 yillar), Evkratid I (miloddan avvalgi 171 -155 yillar), Mitridat 11 (miloddan avvalgi 124-88 yillar) va Germey (miloddan avvalgi 75-55 yillar) Tangalari kiradi. 8-asrning o’rtalarida O’rta Osiyoda arablar hukmronligi boshlanganidan so’ng savdo muomalasini amalga oshirish uchun vazni 4,3 gramm bo’lgan oltin dinor, maosh va soliqlar to’lovi uchun vazni 2,8 gramm bo’lgan kumush dirhamlar va kundalik savdosotiq uchun mis tangalar — fuluslar zarb etilib, muomalaga chiqarilgan. Amir Temur davrida Samarqandda Tangalar zarb etiladigan maxsus zarbxonalar tashkil etilgan, birinchi marta turkiy nom, ya’ni «tanga» deb atalgan, vazni 4,5—4,7 gramm bo’lgan kumush Tangalar, vazni 2 grammni tashkil etgan oltin dinorlar va vazni 1,8 gramm bo’lgan va kumushdan tayyorlangan mirilar zarb etila boshlagan. 1. Amir Temur mis fulusi. Samarqand, 1383 yil, og’irligi 4, 132 gramm. 2. Amir Temur va Sulton Mahmud kumush miri, 1388 yil, og’irligi 1,59 gramm. 3. Sulton Shoxruh kumush tangasi, Samarqand. 1435 yil, og’irligi 5,06 gramm. 19-asrning 2-yarmida Xiva, Buxoro, Qo’qon xonliklarida oltindan «tilla», kumushdan «tanga», misdan «pul» (chaqa) deb ataladigan Tangalar zarb qilingan. Qog’oz pullar paydo bo’lishi bilan muomalada Tanganing roli keskin pasaydi, asosan, 20-asrdan boshlab Tanga qog’oz pullarni maydalash va mayda to’lov vositasi yoki mamlakat asosiy pul birligining muayyan qismini (dollaraa tsent, lirada chentezimo, dlila tiyin va boshqalar) ifodalaydigan pul birligi vositasi sifatida ishlatila boshladi, oltin va kumush Tangalar chiqarilishi to’xtatildi (maxsus esdalik va yubiley oltin, kumush, platina Tangalar bundan mustasno). O’zbekiston Respublikasi o’z milliy valyutasi — so’mni muomalaga kiritgandan keyin jezdan yasalgan va qiymati 1, 3, 5, nikel bilan qoplangan 10, 20, 50 tiyin bo’lgan Tangalar chiqarildi. Respublika tarixidan muhim sanalarga bag’ishlab esdalik va numizmatik ahamiyatga ega bo’lgan ko’plab yubiley Tangalar zarb etildi. Dastlab 1994 yilda Mustaqillikning 3 yilligiga bag’ishlab 10 so’mlik, Ulug’bek tavalludining 600 yilligiga bag’ishlab 1 so’mlik, 1996 yil 1 sentyabrda Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan oltin va kumushdan 100 so’mlik hamda 1998 yilda Alisher Navoiy, keyinchalik esa, Abu Ali Ibn Sino, Ahmad Farg’oniy, Abu Rayhon Beruniy, Muso al-Xorazmiy kabi buyuk allomalar portretlari tushirilgan yubiley Tangalar zarb etildi. Tangalarni numizmatika fani o’rganadi. O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki muomalaga chiqargan tangalar: 1. Qiymati 50 tiyinlik; 2 . 5 so’mlik; 3. Yuso’mlik; 4. 50 so’mlik tangalar. 1 .O’zbekiston Respublikasida Ulug’bekning 600 yillik yubileyiga chiqarilgan yubiley tangasi, qiymati 1 so’m, oltin suvi yuritilgan; 1994. 2. O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining 5 yilligiga chiqarilgan yubiley tangasi; qiymati 50 so’m, oltin suvi yugurtirilgan; 1996.3. Amir Temurning 660 yillik yubileyiga chiqarilgan yubiley tangasi, qiymati 100 so’m, oltin suvi yugurtirilgan; 1996. Ad.: Zograf A.N., Antichnie moneto’, M.—L., 1951; Fedorovdavo’dov T.A., Moneto’rasskazo’vayut, M., 1963; Rtveladze E.V., Drevnie moneto’ Sredney Azii, T., 1987; Numizmatika Uzbekistana, T., 1990; Rtveladze E.V., Velikiy shelkovo’y put, T., 1999; Rtveladze E.V., Drevnie i rannesrednevekovie moneto’ istorikokulturno’x oblastey Uzbekistana, T., 2003; Temuriylar sulolasi tangalari, T., 1996. Fayzulla Mullajonov.