TANJER

TANJER (Arabcha Tanja) — Marokashning shimol qismidagi shahar, Gibraltar bo’g’ozi sohilidagi port. Tanjer provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 525 ming kishidan ziyod (1990 yillar oxiri). Shimoliy Marokashning savdo-transport va tranzit markazi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Chetga tsitrus mevalar, sabzavot, baliq va meva konservalari chiqariladi. Oziq-ovqat, to’qimachilik, tsement sanoati korxonalari mavjud. Tanjerga miloddan avvalgi 2-ming yillik oxirida finikiyaliklar tomonidan asos solingan. Miloddan avvalgi 1 asrdan boshlab Rim hukmronligi ostida bo’lgan. 5-asrda vandallar, 6-asrda Vizantiya egallagan. 8-asr boshlaridan arablar qo’l ostiga utgan. Mamlakat shimol qismining muhim iqtisodiy va madaniy markazlaridan. 1471 yilda Portugaliya, 1661 yilda Angliya hukmronligi ostiga o’tgan. 1684 yildan Marokash tarkibida bo’lib, Marokashning bo’linib ketishi natijasida maxsus rejimdagi zona qilib ajratilgan. Marokash mustakillikka erishgach (1956), yana uning tarkibiga kirdi.