TANK

TANK (inglizcha tank — tsisterna, bak) — zanjirli (gusenisali) zirxlangan jangovar mashina. Turli nishonlarni yo’q qilish, ekipajni ishonchli himoyalash, turli xil to’siklardan bemalol o’tish xususiyatiga ega. Zirxli jangovar mashinalar (keyinchalik Tank deb ataldi) ning birinchi loyihalari 1911 — 15 yillarda rus muhandislari D. I. Mendeleyev, N. A. Poroxovshchikov, A. Vasilevlar, Angliyada Demol (1912), Avstriya-Vengriyada G. Burshtin (1913) tomonidan taklif qilingan. Inglizlar 1916 yilda «Marka 1» Tanklarini ishlab chiqib, shu yili ularni birinchi marta Somma daryosi bo’yidagi jangda qo’lladi. Hozir juda takomillashgan turli rusumdagi Tanklar ishlab chiqariladi. Tankning asosiy qismlari: zirxli korpus, minora, qurolyarog’kompleksi (asosiy va yordamchi qurollar, o’qdori), kuzatish asboblari, mo’ljalga olish va boshqa moslamalar, kuch (motor) qurilmasi, kuch uzatkichi (transmissiya), yurish qismi, elektr jihozlar, aloqa tizimi, yong’inga qarshi jihozlar, ommaviy qirg’in qurollarining shikastlovchi omillarga qarshi himoya tizimlari va boshqalar. Korpus va minora Tankning barcha tarkibiy qismlarini birlashtiradi hamda ekipaj, agregatlar va yonilg’ini shikastlanish va zararlanishdan saqlaydi. Minora qo’lda, elektr yoki elektrgidravlik yuritmalar yordamida aylantiriladi. Tankning korpusi va minorasi legirlangan zirh po’lati listlarini bir-biriga payvandlab yasaladi, ba’zan, yaxlit quyma korpusli Tank ham uchraydi. Minora, odatda, quyma holda bo’ladi (ba’zi hollarda payvandlab) yasaladi. Tanklar snaryadga qarshi (faqat yengil Tank — o’qqa qarshi) zirhlanadi. Hozirgi Tanklar korpusining ichki qismi boshqaruv bo’lmasi (unga mexanikhaydovchi joylashadi), jangovar bo’lma (unga Tank komandiri, to’p otuvchi, o’qlovchi joylashadi, agar o’qlovchi avtomat mavjud bo’lsa, o’qlovchi bo’lmaydi), shuningdek motortransmissiya bo’lmasiga ajraladi. Yonilg’i, odatda, hamma bo’lmalarga o’rnatilgan baklarda, ba’zan korpusdan tashqaridagi baklarda saqlanadi. Tankning asosiy quroli maxsus to’p, yordamchi quroli pulemyot va Zenit pulemyota hisoblanadi. Asosan, Tankga o’yiq yoki silliq stvolli to’plar o’rnatiladi. O’qdorilar komplektiga zirh teshar, kumulyativ (nishonga yo’naltirilgan), odsiy snaryadlar va plastik portlovchi moddali snaryadlar (inshootlarni buzish va jonli kuchlarga shikast yetkazish uchun) kiradi. Aniq o’q (snaryad) otish kurol stabilizatorlari, ballistik hisoblagichlar, otish uchun ma’lumotlarni avtomatik suratda taierlaydigan kurilmalar, tunda otish asboblari yordamida amalga oshiriladi. Tank ichidagi havo filtrventilyasiya qurilmasi bilan tozalab turiladi. Tank ning kichik, yengil, o’rtacha va og’ir turlari bo’ladi. Ular joyiga va maqsadiga qarab ishlatiladi. Tanklarga 4 yoki 2 taktli, porshenli; suyuklik yoki havo bilan sovitiladigan maxsus dvigatel o’rnatiladi. Burish mexanizmlari sifatida katta tezlikda ketayotgan Tankning burilishni osonlashtiradigan ko’p radiusli mexanizmlardan, transmissiya apparatlarini boshqarish moslamalari sifatida — servoyuritma (ayniqsa gidroyuritma) lardan foydalaniladi. Tank yuqori tezlikda ham bir maromda ketishi uchun kuchli gidravlik dempfer (amortizator) lar o’rnatilgan. Tank germetiklanganligi uchun 2 metrgacha chuqurlikdagi kechuvlardan o’ta oladi (agar Tank suv tagida yurish uchun mo’ljallangan maxsus moslamalar bilan jihozlansa, 4-5 metr chuqurlikdagi suvlardan o’ta oladi). Tankda elektronhisoblash yo’l ko’rsatuvchi va avtomatik yo’l topuvchi apparatlardan iborat navigatsiya tizimidan foydalaniladi. Tank raketa, to’p qurollarini qo’llash, boshqariladigan snaryad (raketa) lardan foydalanishni hisobga olgan holda ishlab chiqariladi: zirh detallari qalinlashtiriladi, snaryad tegish ehtimoliga qarab korpusning tegishli joylariga qalin zirxlar o’rnatiladi; harakat tezligi oshiriladi, quvvati kuchaytiriladi va yonilg’ini birmuncha tejab sarflashni ta’minlaydigan dizel dvigatellaridan foydalaniladi. Tankning ekipaji -3 -4 kishi, tezligi -40 -70 km/soat, massasi 3555 tonna (2004).

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.