Tomat bilan pomidor o’rtasida qanday farq bor?

Gapning po’stkallasini aytganda, ular o’rtasidagi farq vaqtdangina iborat. Biz aynan bir xil o’simlik — polizlar qiroli xususida so’z yurityapmiz. Keling, gapni bir boshdan boshlay qolaylik. Kimdir meva, boshqa birov esa reza meva deb ataydigan bu o’simlikning vatani kartoshkaniki bilan bir xil: Janubiy Amerika qit’asidagi Peru va Chilining shimoli hamda Galapagos orollaridir. Ular bugungi kunda ham o’sha yerda yovvoyi holda uchraydi. Hindular, inklar va asteklar uni «Tomatl», ya’ni «katta reza meva» deb atashgan. Bu nom ham o’simlikka, ham uning mevasiga taalluqlidir. Pomidorlarning o’z vatanida ham bir yillik, ham ko’p yillik turlari bor. Ular orasida butalar, tikka o’sadiganlari, yerda sudralib o’sadigan egri-bugri poyalilarini ham ko’rish mumkin. Hatto bo’yi besh metrlik ulkan «tomat daraxti» ham bor. U pomidorning uzoq qarindoshidir. Ispanlar XVI asrning o’rtalarida Yevropaga pomidorni «pomi del Peru» — «Peru olmasi» nomi bilan olib kelishdi. Ispaniyada pomidordan manzarali, ayrim hollardagina dorivor o’simlik sifatida foydalanilgan. Italiyada esa u tez orada yangi va suyumli sabzavotga aylandi. Ba’zida u goh hazil, goh chin sinor — janob deb atalgan. Pomidor tasviri tushirilgan ilk surat «Poma Amoris» («muhabbat olmasi») degan nom olgan. Bu nomni fransuzlar bergan, degan taxmin bor. Ammo barcha nomlar ichidan italyancha «pomo d ‘ora» («oltin olma») yashab qoldi. U sal o’zgargan holda bizning kunlarimizgacha yetib keldi. Yana bir qiziqarli dalilga murojaat qilaylik: pomidor Shimoliy Amerikaga keyinroq o’z vatani qolib, Yevropadan kirib borgan. Uni Yevropadan bu yerga ko’chib kelgan italyanlar o’zi bilan olib kelishgan. U uzoq vaqt zaharli meva deb hisoblangan, odamlar yeb ko’rishga qo’rqishgan. 1870 yilning yozida Italiyadagi rus elchisi qirolicha Yekaterina II ga ancha meva-cheva jo’natadi, ularning aksariyati pomidor edi. Pomidorning tashqi ko’rinishi ham, notanish mevaning ta’mi ham saroy a’yonlariga yoqib qoladi va Yekaterina pomidorni muttasil keltirib turishni va dasturxonga tortishni buyurdi. Qirolicha «muhabbat olmasi» deb nomlangan pomidor ko’p yillardan beri o’z saltanatining Qrim, Astraxan, tavrida va Gurjiston kabi chekka o’lkalarida o’stirilayotganidan bexabar edi. Pomidor tez orada Rossiya polizlarining qiroliga aylandi. Pomidor ekilgan maydonlar miqdori bo’yicha dunyoning hech bir mamlakati hali-hanuz Chor Rossiyasiga teng kela olgani yo’q. Vaholonki, o’sha vaqtdan beri pomidor ekiladigan maydonlar miqdori o’n barobar oshdi.