To’tilar qayerdan kelgan?

To’tilar mavjud qushlarning eng qadimiy turlaridan biri hisoblanadi. To’tilarning tarixgacha bo’lgan davrga tegishli tosh qoldiqlari topilgan, minglab yillar o’tishiga qaramay ular o’z qiyofasini saqlab qolgan. Hozirgi paytda to’tilarning 600 dan ziyod turi bor, ular yashaydigan mintaqa esa tropik hududlarga to’g’ri keladi. To’tilar Janubiy Osiyoda, Shimoliy Afrikada, Avstraliya va Malayya orollarida keng tarqalgan. To’tilar ancha sabotli qush va uzoq yashaydi. Ular har qanday sharoitga tez moslashadi. Mana shu sababdan dengizchilar ularni o’zlariga hamroh qilib olganlar. Bu qushlarning tusi yorqin va alomatli, agar ularning gapira oladigani bo’lsa, atrofdagilarning anchagina vaqtini xushlaydi. To’ti garchi tropik qush sanalsa-da, tutqunlikda ham, sovuq ob-havoda ham o’zini juda yaxshi his etadi. To’tilar o’z vatanlarida gala-gala bo’lib, o’rmonlarda yashaydi. Shu narsa ma’lumki, to’tilar juda jasur va ishonchli qushlardir. Xavf tug’ilgan chog’lar ular darrov birlashib, xavfni bartaraf etishga kirishadi. To’tilar et emas hush bo’lib, mevalar, kurtaklar, palma va anjir yong’oqlari bilan oziqlanadi. Ular maymunlar kabi shoxdan-shoxga qo’nib ovqat izlaydi. Shoxdan-shoxga sakrayotganda ular tumshuqlari va oyoqlaridan ham foydalanadi. Agar siz biror gal to’tining ovqatlanganini ko’rgan bo’lsangiz, u oyoqlaridan qo’l sifatida foydalanishini bilasiz. U tanlagan ovqatini tirnoqlarida changallab, lazzat qilib yeydi. To’tilar o’z uyalarini daraxtlar kavagiga qo’yadi. Ularning tuxumi oq bo’ladi. Ota-onalari polaponlariga juda g’amxo’r bo’ladi va ovqat topish ilinjida juda uzoqlarga sayrga chiqadi. To’tilar yurishni xohlamaydi, ammo ular juda yaxshi sakraydi va uchadi. Eng qobiliyatli «gapiruvchi» to’ti — Afrika kulrang to’tisidir, buning ustiga u eng aqlli qushlardan hisoblanadi. Odamlar to’tining gapirishiga mahliyo bo’lishadi: axir bu o’ziga xos ermak-da. Ammo hozirga qadar bizga bu qushning odam nutqini qay tariqa o’xshatishi noma’lum bo’lib qolmoqda! Ayrimlar to’tining tili uzunligi va qalinligi hamda uning o’ziga xos tuzilishi tufayli gapira oladi, deb hisoblaydilar. Balki, tilining aynan shundayligi uning gapirishiga imkon berar, ammo bular gapirish uchun majburiy sharoitlar emas. Boshqa «gapiradigan» qushlar, masalan, tropik chug’urchiq-mayna, qarg’alar unikiday qalin va katta tilga ega emas. Qirg’iylar va lochinlarning esa tili unikiga o’xshaydi, ammo gapira olmaydi! Balki uning gapirishiga boshqa qushlardan ko’ra «hissiy» qobiliyati yuksakligi sababchidir? Bizningcha, bu ham uning gapirishiga sabab bo’la olmaydi. Aytgancha, ko’p biologlar to’tilar va boshqa gapira oladigan qushlar o’zlari aytgan so’zning farqini bilmaydilar, muayyan ifodalar va harakatlar o’rtasidagi aloqalarni fahm etadilar, deb hisoblaydilar. To’tilarning «gapirishiga» ularning eshitish va ovoz mexanizmlari boshqa qushlarnikidan ko’ra sekinroq ishlayotgani sababchidir. Odamning tovushi tabiat to’tilarga bergan ovozga o’xshashligi va bu uning odam tovushini o’xshata olishiga imkon berishi ham mumkin. To’tilarning eng yirigi kakapo yoki boyo’g’li to’tidir. Uning tik holatdagi bo’yi 60 santimetrga yetadi. Kakapo deyarli uchmaydi, 20 — 30 metrga pastlab uchishi mumkin. Yangi Zelandiyada yashaydigan kakapolar hozirgi paytda kamayib bormoqda. Ulardan bor-yo’g’i 40 ta qolgan, ularning ham 12 tasi makiyondir. Parrandashunos olimlar ayni paytda boyo’g’li to’tiqushi sonini oshirish ustida ish olib bormoqdalar.