Turkistonda mustabid sovet hokimiyatining o’rnatilishi va unga qarshi qurolli harakat

1917 yilning boshlarida Sankt-Peterburgda bo’lib o’tgan voqealar ta’sirida Turkistonda ham yangi jamiyatni shakllantirish uchun harakatlar boshlanib ketdi. Yuz minglab «mudrok» odamlar uyg’onib, siyosiy faoliyatga kirishdilar. Hukumat tuzilmalarini kayta kurishga kirishildi. Hamma joylarda ijtimoiy-siyosiy tashkilot va partiyalar tuzila boshladi. Siyosiy manfaatlarni ancha erkin ifoda kilish imkoniyati paydo bo’ldi. Fevral inqilobi Turkiston aholisi tomonidan zo’r hayajon bilan kutib olindi. Inqilobiy Qo’mita tomonidan e’lon qilingan «Ozodlik, Tenglik, Birodarlik» shiorlari Rossiyaning mustamlakachilik siyosatidan ezilgan musulmonlar kalbida yorkin kelajakka umid uyg’otdi. Biz so’z erkinligi, matbuot erkinligiga egamiz. Endilikda haqiqatni aytgan va yozgan paytlarimizda og’zimizni yopishmaydi. O’z huquqlarimizni talab qilgan paytda qulok solishadi».

Ko’pgina shahar va kishloklarda tartibsiz ravishda miting va norozilik yig’ilishlari boshlandi. Ularda turli demokratik jamoat tashkilotlarini yuzaga keltirish haqida qarorlar qabul qilindi. Orzu-umidlar hademay amalga oshadiganday edi. 3 martda e’lon qilingan bayonnoma va 6 martda e’lon qilingan «Rossiya fuqarolariga murojaatnoma»da Muvaqqat hukumat markaziy hokimiyatning organi sifatida demokratik o’zgarishlarning dikkatini tortuvchi dasturini bayon etdi. U siyosiy erkinliklar – so’z, matbuot, uyushmalar tashkil kilish, yig’ilishlar o’tkazish, halkka o’z siyosiy irodasini ifodalash huquqini berish, barcha tabaqaviy, diniy va milliy cheklanishlarni man etish; boshqarish shakli va mamlakat Konstitusiyasini qabul qilish lozim bo’lgan ta’sis Majlisini hamda, mahalliy o’z-o’zini boshqarish organlarini umumiy, teng, to’g’ridan-to’g’ri va yashirin ovoz berish asosida saylovlar o’tkazish, polisiyani halk milisiyasi bilan almashtirish; to’lik siyosiy amnistiya hakida tantanali ravishda bayon etdi.

Tadqiqotlarda 1917 yil mart kunlarida musulmon aholisining siyosiy harakati haqida ayrim ma’lumotlargina kiritildi, milliy ziyolilarning, eng avvalo, jadidlarning vatanparvarlik faoliyati buzib ko’rsatildi, mahalliy aholini mustamlakachilikning saltanat tuzilmalariga qarshi kurashi, Turkistonning milliy uyg’onishdagi safarbarlik roli kamsitildi. Holbuki, chor samoderjaviyasi apparatini tugatish va yangilanish jarayonlarini yanada chukurlashtirishda milliy tashkilot va harakatlar faol ishtirok etgan edi. Ta’kidlash kerakki, Turkiston mahalliy xalqlarining inqilobiy o’zgarishlarga qo’shilishi birhil kechmagan. O’lkaning hozirgi kuni va kelajagiga turlicha qaraydigan xilma-xil kuchlar mavjud edi. Umumiy jihatdan olganda ikki muqobil oqim – o’nglar va so’llarni ajratib ko’rsatish mumkin. O’nglar konservativ feodal-diniy mafkura vakillari sifatida maydonga chiqishdi. Ular mahalliy ma’muriyatda mansabga ega bo’lgan va tegishli imtiyozlardan foydalangan amaldorlar, feodallar va ruhoniylar manfaatlarini ifoda etardilar. So’llar ijtimoiy tuzumning tubdan o’zgarishidan, mustamlaka-feodal siyosiy va iqtisodiy institutlarni tugatishdan o’ta manfaatdor bo’lgan ijtimoiy guruh va qatlamlar manfaatlarini o’zida aks ettirgan edi. O’nglar chor hokimiyati yillarida mustamlakachilik ma’muriyati va samoderjaviya siyosatini to’la-to’kis quvvatlab kelishgandi. Ular fevralgacha bo’lgan davrda qurolli qo’zg’olon yo’li bilan ozodlik va mamlakat mustaqilligiga erishish, xon hokimiyati va shariat qonunlari, zamindorlar va musulmon ruhoniylarining yo’qotilgan imtiyozlarini tiklash, o’lka xalq ommasini yevropacha madaniyat va ahloq ta’siridan saqlash g’oyalarini ilgari surishdi. O’lka mahalliy aholisi ushbu qismining aksari qarashlarini «Sho’roi Ulamo» siyosiy tashkiloti o’zida aks ettirdi. So’llar harakatidagi boshqa yo’nalishda radikal kayfiyatdagi milliy ishchi, dehqon, hunarmand va boshqa mehnatkashlar bor edi. Fevralgacha bo’lgan davrda ular chor samoderjaviyasiga qarshi qurolli chiqishlarda faol ishtirok etishdi. Chor tuzumi ag’darilgandan so’ng ularning bir qismi hokimiyatni zo’rlik bilan egallashni maqsad qilib qo’ydi va jumladan, «ishchi-musulmon va kambag’allar huquqlarini qo’lga kiritish»ga va’da bergan bolsheviklashgan sovetlarning g’oyaviy ta’siri ostida bo’ldi. Ko’pchiligi esa Muvaqqat hukumat, so’ngra sovet hokimiyati siyosatidan kattik norozi bo’lib, keyinchalik keng quloch yozgan, mustakillik uchun kurashgan ommaviy harakat – «istiqlolchilik harakati»ning asosini tashkil etdi.

Fevral inqilobidan keyingi sharoitlarda «Sho’roi Islomiya», «Turk odami markaziyati» firqasi, «Alash o’rda» va boshqalar musulmon «markazchilari»ning eng ko’zga ko’ringan siyosiy tashkilotlari edi. «Musulmon mehnatkashlari Ittifoqi» – «Ittifoq» mahalliy aholi siyosiy kuchlarining joylashuvida alohida o’rin tutgandi. Siyosiy yo’nalish bo’yicha «Ittifoq» a’zolari asosan «kelishuvchi» partiyalar qarashlariga yaqin turgan, bu partiyalar podshoh ag’darilgandan so’ng dastlabki oylarda hokimiyatni egallashni o’z oldiga maqsad qilib qo’ymadi, balki milliy demokratlar kabi jamiyatni qayta qurishning muammolarini hal etishda tsivilizasiyaviy usullarini taklif etdi. Ko’rsatilgan siyosiy tashkilotlar yetuk tuzilma va g’oyaviy birlashmalar emas edi. Ularning har birida izchil siyosiy tabaqalanish jarayoni ro’y berardi, yangi yo’nalishlar ajralib chiqardi. Ijtimoiy shart-sharoitlar ta’sirida ularning qaysidir qismi kurashning keskinroq yo’lini tanlar, boshqasi, aksincha, ancha mo’tadil va hatto konservativ, qoloq munosabatlarga o’tardi. Biroq inqilobning boshlariga kelib, g’oyaviy kelishuvchiliklarga qaramay, yangilanishdan manfaatdor bo’lgan barcha siyosiy guruh va musulmon jamiyati qatlamlari chor mustamlaka ma’muriyatini tugatishga intilishda birdamlik namoyish etdilar. Mart oyining dastlabki kunlarida yevropalik siyosiy harakatlar tashabbusni ko’p jihatdan o’z qo’llariga oldilar. Jumladan, 2 martdayoq O’rta Osiyo temir yo’li Bosh ustaxonalari ishchilarining deputatlari soveti tuzildi. 3 martda Toshkent ishchi deputatlari soveti 4 martda Toshkentda soldat deputatlari Soveti tashkil etildi. Mart oxirlarida bu ikki Sovet birlashtirildi. Shundan keyin dehqon deputatlari Sovetlari ham tuzila boshladi. O’zining milliy tarkibiga ko’ra tashkil etilayotgan Sovetlar o’lka aholisining ko’proq yevropaliklar qismi vakillari bo’lib, ularning manfaatlari ko’p jihatdan mahalliy turkistonliklar manfaatlariga to’g’ri kelmasdi. Shuni aytish kerakki, boshida Sho’rolar ham yevropalik, ham musulmon aholisining ko’pchiligi tomonidan ruhlanib kutib olindi. Ko’pchilik ularda chinakkam halqchil, chor boshqaruv tuzilmalariga muqobil bo’lgan demokratik hokimiyat organlarini ko’rdi. O’lka aholisining ijroiya qo’mitalariga turli iltimos, shikoyat kabilar bilan murojaat qilishi ham shunga guvohlik beradi. «Sho’roi Islom» yaratilishining o’zi ham Sovetlar g’oyasining obro’si yuqoriligini ko’rsatib turibdi. Biroq sof musulmon sho’rosini shakllantirish haqidagi qaror Toshkentda dastlabki sovetlarni tashkil qilish chog’ida namoyon bo’lgan aholining yevropalik qismning etnosentrizmi va buyuk davlatchilik da’volariga javobi bo’lgan edi. Mahalliy aholi yevropaliklarning sovetida keng musulmon vakolati yo’qligi, musulmonlarga ishonchsizlikning ifodalanishi ularning milliy huquqlari kamsitilishini ko’rdilar. Ular «Sho’roi Islom»ni tashkil etish bilan fevral inqilobidan so’ng ham qolayotgan ijtimoiy tengsizlikni bartaraf etish xoxishini namoyish etdilar. Yangi organ yevropalashgan Sovetlardan farqli ravishda islom diniga e’tiqod qiluvchi mahalliy aholidan saylangan deputatlar Sho’rosi (ya’ni Sovet) deb qaralgan. «Sho’roi Islomiya», ya’ni «Musulmonlar sho’rosi» nomi ham shundan olingan.

1917 yilning 14 martida bo’lib o’tgan «Sho’roi Islom» majlisida 15 kishidan iborat boshqaruvni tashkil etish haqida qaror qabul qilindi. Boshqaruv tarkibiga Abdulvohid qori o’g’li, Munavvar qori Abdurashidxon o’g’li, Kattaxo’ja Hidoyatboy o’g’li, Ubaydulla Ho’jayev va boshqalar kirdi. «Sho’roi Islom» va uning boshqaruvi tarkibi bu tashkilot saflarida musulmon birligi g’oyasi birlashtirgan turli dunyoqarashdagi vakillar mavjudligi haqida guvohlik berdi. Biroq Ubaydulla Ho’jayev, Munavvar qori, Abdulla Avloniy kabi jadidchilik harakatining taniqli yo’lboshchilari «Sho’roi Islom»ning yuragi, uning faol kuchi edilar. 15 martda Munavvar qori honadonida bo’lib o’tgan tashkilot boshqaruvining birinchi yig’inida qabul qilingan vaqtinchalik Nizomda «Sho’roi Islomiya»ning asosiy maqsad va vazifalari quyidagicha keltirildi: Turkiston musulmonlari orasida zamonaviy ruhdagi ilmiy va ijtimoiy islohotchilik g’oyalarini tarqatish; g’oyalar maqsadlar birligi asosida Turkiston musulmonlarini jipslashtirish bo’yicha ishlarni kuchaytirish: horijiy yurtlardagi davlat hokimiyati tizimi haqida axborot yig’ish va Ta’sis majlisiga tayyorgarlik ko’rish: targ’ibot maqsadlarida shahar, qishlok va ovullarda namoyishlarni muttasil o’tkazish: eski ma’muriyatni iste’foga chiqarish va yangisini tayinlash zaruriyatini tushuntirish: o’lkadagi turli milliy qo’mitalar va partiyalar bilan aloqalarni yo’lga qo’yish, musulmon aholisining ehtiyojlari haqida o’z vakillari orqali ma’lumotlar yetkazish va zaruriyat tug’ilganda ulardan yordam so’rash va hokazolar. 25 martda «Sho’roi Islomiya»ning 4-umumiy majlisi bo’lib o’tdi. Unda 15 aprelga mo’ljallangan Umumturkiston musulmonlari syezdini o’tkazish bo’yicha mahsus dasturni tayyorlash bilan bog’liq bir qator muhim masalalar ko’rib chiqildi; musulmon bayroqlari kunlarini belgilash va ularni o’tkazish tartibini tuzish; rus vatandoshlar ushbu siyosiy tashkilotning maqsad va dasturi haqida axborot olish imkoniyatiga ega bo’lishlari uchun rus tilida gazeta nashr etish; Toshkent shahrining ruslar yashaydigan qismida «Sho’roi Islomiya»ning bo’limini ochish («Najot», 1917, 23 mart). «Sho’roi Islomiya», «Najot» va «Kengash» gazetalari uning nashr organlari sifatida faol chop etila boshladi. Bu gazetalar sahifalarida ma’rifiy harakterdagi materiallardan tashqari mahalliy turkistonliklarning siyosiy ongi va ijtimoiy faolligini uyg’otishga yo’naltirilgan maqolalar ham e’lon qilindi. «Sho’roi Islomiya»ning tashkil etilishi umumturkiston miqyosida mahalliy aholining g’oyaviy-siyosiy va tashkiliy jipslanishi uchun muhim shart-sharoitlar yaratdi. Jumladan «Sho’roi Islomiya» tashabbusi bilan 16-21 aprelda 1-Umumturkiston musulmonlari syezdi o’tkazildi faqat shuni aytib o’tish lozimki, mazkur siyosiy yig’inda o’sha davrning asosiy masalalari: urushga, Muvaqqat Hukumatiga munosabat, Ta’sis majlisiga tayyorgarlik, Rossiya va o’lkada boshqarishning bo’lg’usi shakllari, oziq-ovqat taqchilligini yengib o’tish yo’llari va boshqa masalalar diqqat markazida turdi.

1917 yilda Toshkentda jadidchilik harakati yo’lboshchilarining tashabbusi bilan Turkiston musulmonlari Qurultoyi chaqirildi, unda o’lka musulmonlari Sho’rosi saylandi. Uning tarkibiga o’sha davrning mashhur siyosiy arboblari Mahmudho’ja Behbudiy, Ubaydulla Ho’jayev, Nosirxon To’ra, Muhammadjon Tinishbayev, Mustafo Cho’qayev va boshqalar kirdilar. Shunday qilib, o’lkaning siyosiy hayoti tobora tezkor sur’atlarda rivojlana bordi. Bunda musulmon tashkilotlari harakatlarining ta’siri kundan-kunga kuchaya bordi. Ular hususan, chor ma’muriyatining eng chidab bo’lmaydigan institutlarini butunlay tugatishda sezilarli hissa qo’shdilar. Biroq g’oyaviy kelishuvga erishish mumkin bo’lmasdi. Butunrossiya miqyosida ham, Turkistonda ham turli musulmon siyosiy oqimlari o’rtasida ziddiyatlar saqlanib qoldi.

Shunday qilib, «fevral yangilanishi» jarayonlari turli-tuman natijalarga olib keldi. Fevral inqilobi Turkiston aholisida o’lkani boshqarish bo’yicha demokratik o’zgarishlar qilish, yetilgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy muammolarni hal etish, mustamlaka zulmini tugatish borasida katta umidlar uyg’otdi. Chor yakkahokimligi (samoderjaviyasi)ning barham topishi bilan ijtimoiy hayotni demokratlash, siyosiy-iqtisodiy munosabatlarning yangi tuzilmalarini tarkib toptirish bo’yicha muayyan shart-sharoitlar yaratildi. Butun mamlakatda bo’lgani kabi, Turkistonda ham yangi partiya va siyosiy harakatlar jadal tashkil etildi, vakolatli ijtimoiy tashkilotlar yuzaga keldi, hokimiyat vazifalarining bir qismini o’ziga olishga intilgan sovetlar shakllandi. Fevral inqilobi tufayli, ijtimoiy hayotda yuz bergan demokratik jarayonlar tufayli Turkistonning mahalliy aholisi orasida tarixiy taraqqiyotning o’z yo’lini taklif etgan ko’p sonli milliy-siyosiy tashkilotlar yuzaga keldi. O’lkaga milliy-hududiy muhtoriyat berish pozitsiyalarida turgan O’lkamusho’rosi ana shunday tashkilotlardan biridir. O’lkamussho’rosi va uni qo’llab quvvatlovchi milliy-demokratik partiya va birlashmalar muhtoriyat g’oyasini targ’ib etish va muhtoriyatchilik harakatiga musulmon aholisining keng qatlamlarini jalb etish bo’yicha katta ishlarni olib bordi. Suverenitet va milliy turmush tarzini muhofaza kilish, asriy an’analar va islomning ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash kabilarni o’ziga jamlangan muhtoriyat g’oyalari Turkiston jamiyatida tobora keng tarqaldi. Biroq o’lka aholisining musulmon qismini siyosiy jipslashtirish jarayoni ziddiyatli tarzda kechdi. Mahalliy aholi esa mustaqil milliy rivojlanish huquqini ta’minlashga intildi. Fevraldan keyingi davrda mahalliy turkistonliklarning siyosiy faolligi tez o’sib, ularning ijtimoiy hayotdagi ta’siri kuchaydi. Birinchi navbatda, jadidchilik yo’nalishidagi siyosiy tashkilotlar musulmon aholining erkparvarlik orzu-umidlari ifodasi sifatida maydonga chiqdi.

«Oktyabr to’ntarishi» Rossiya davlati va Turkiston tarixida yangi sahifani ochdi. Ma’lumki 1917 yil 25 oktyabrda Petrograda qurolli qo’zg’olon amalga oshirildi. O’sha kuni kech soat beshda Toshsovet ijroqo’mining yashirin majlisida o’lkada qurolli chiqish rejasi muhokama etildi. 28 oktyabr ertalab soat oltida yangragan bosh temiryo’l ustahonalari gudogi Toshkentda oktyabr to’ntarishi boshlaganidan darak berdi. Shundan so’ng butun hokimiyat Toshsovetga o’tdi. 1 noyabrda Toshsovet temiryo’l liniyasi orqali quyidagi telegrammani yo’lladi: «Sovet butun hokimiyatni qabul qildi. Hokimiyatni o’z qo’lingizga olingiz».

Petrogradda bolshevistik qo’zg’olonning g’alabasi va sovet hokimiyatining dastlabki hujjat va dekretlari Turkiston siyosiy hayotida murakkab jarayonlarga sabab bo’ldi. Bu paytga kelib uch asosiy yo’l ajralib chiqdi. Birinchisi mahalliy aholining keng qatlamlari manfaatlarini o’z ichiga olgan bo’lib, bu milliy o’z taqdirini o’zi belgilashga oid huquqini ta’minlashda o’z ifodasini topdi. Rus eserlari va mensheviklari manfaatlarini ifodalovchi ikkinchi siyosiy yo’l Rossiya tarkibida cheklangan muhtor huquqlarni beruvchi demokratik jarayonlarni kengaytirishga qaratilgan edi. Uchinchi yo’l – yagona sovet imperiyasi makonida hayoliy kommunistik jamiyatni barpo etishga yo’naltirilgan bo’lib, biroq dastlabki paytda lenincha rahbariyat o’zining asl maqsadlarini turli vositalar yordamida niqoblashga intilgan edi. Milliy chet o’lkalar keng xalq ommasining siyosiy qo’llab-quvvatlanishini ta’minlashga harakat qilgan yangi sovet hukumatining boshlig’i oktyabr to’ntarishining dastlabki kunlaridayoq milliy masalani keskin hal qilishning serva’da istiqbollarini bayon etishga shoshildi. 1917 yil 2 noyabrda V. I. Lenin va I. V. Stalin imzosi bilan «Rossiya xalqlarining huquqlari deklaratsiyasi» e’lon qilindi. Unda alohida ta’kidlash bilan xalqlar irodasini bajara borib, «Xalq Komissarlari soveti Rossiya millatlari haqidagi masala bo’yicha o’z faoliyatida quyidagilarga asoslanishini qaror qildi: 1. Rossiya xalqlarining tengligi va suverenligi. 2. Rossiya xalqlarining ajralib chiqish mustaqil davlat barpo etishgacha bo’lgan o’z taqdirini o’zi erkin belgilash huquqi. 3. Har qanday milliy, milliy-diniy imtiyozlar hamda cheklanishlarni ma’n etish…» ayni paytda, Xalq Komissarlari Soveti (sovnarkom) Tatariston, Boshqirdiston, Turkiston, Kavkaz va Qrim musulmon xalqlarining Rossiya tarkibida siyosiy loyalligini ta’minlash va saklashning favqulodda muhimligini hisobga olib, 1917 yil 20 noyabrda «Murojaat» bilan chiqdi, unda shunday deyiladi: «Biz sizga, Rossiya va Sharqning mehnatkash va mazlum musulmonlariga murojaat qilmoqdamiz. Rossiya musulmonlari, Volgabo’yi va Qrim-tatarlari, Sibir va Turkiston qirg’izlari va sartlari, Kavkazorti turklari va tatarlari, Kavkaz chechenlari va tog’liklari, Rossiya podshohlari tomonidan masjid va ibodatxonalari vayron qilingan, e’tiqod va urf odatlari toptalgan. Bundan buyon sizning e’tiqod va urf-odatlaringiz, sizning milliy va madaniy muassasalaringiz erkin va dahlsiz deb e’lon qilinadi. O’z milliy hayotingizni erkin va to’siqsiz barpo eting. Siz bunga haqlisiz. Siz o’z mamlakatingizga o’zingiz xo’jayin bo’lmog’ingiz lozim». Biroq keyingi voqealar ishonarli ko’rsatilganidek, yangi hokimiyat o’ziga hos milliy rivojlanish imkoniyatini so’zlarda bayon etib, amalda ularga to’sqinlik qildi. Jumladan, Boshqardiston, Tatariston, Qrim va Kavkazning musulmon xalqlari hukumat «murojaati» bilan to’liq kelishgan holda o’zlarining mustaqil musulmon davlatlarini tashkil etishlarini e’lon qilganda, ularning hammasi qurol kuchi bilan Rossiya tarkibiga qaytarildi. Bolshevistik markaziy rahbariyat ulug’ davlatchilik siyosatini davom ettirdi. Bu hol mahalliy kommunistlarning ochiqdan-ochiq shovinistik harakatlari tufayli yanada chuqurlashdi. Biroq oktyabrning dastlabki kunlarida yangi hokimiyatning xalqqa qarshi munosabati hali ochiqdan-ochiq ko’rinmagandi. Aksincha, ozodlik haqidagi va’dalar ezilgan xalqlarda mustamlakachilik zulmidan qutulish umidini uyg’otdi. Mahalliy aholi asosiy ommasining orzu-umidlari Rossiya imperiyasining mustamlakachilik zulmidan ozod bo’lish, mustaqil demokratik milliy davlat barpo etish, asriy urf-odatlar, an’analar, butun musulmon turmush tarzini saqlab qolishdan iborat edi. Birok «Inqilob» to’lqinida hokimiyat tepasiga kelgan bolsheviklar va ularning vaqtinchalik ittifoqchilari bo’lgan so’l eserlar Turkiston xalqlarining irodasi va istaklari bilan mutlaqo hisoblashmadilar. Lenin hukumati va o’lkada uning siyosatini amalga oshiruvchi turkistonlik bolsheviklar o’lkaning mustamlaka holatini o’zgartirishni va uning xalqlariga yengillik berishni mutlaqo istamas edilar. Boshqa partiyalardan farqli o’laroq, mahalliy bolsheviklar turli bahonalar bilan hokimiyatni aholining 95%ni tashkil etuvchi mahalliy aholiga berishni, hatto ular bilan bo’lishib olishni ham hohlamas edi. Turkistonlik bolsheviklarning tutgan bu buyuk davlatchilik yo’li Toshkentda 1917 yil 15-22 noyabrda bo’lib o’tgan sovetlarning III o’lka syezdida ayniqsa yaqqol namoyon bo’ldi.

Hukumat, birinchi galda bolsheviklar, mohiyatan chorizm mustamlakachilik siyosatiga amal qildilar. Shu bilan birga oktyabr to’ntarishidan keyin Rossiyada bo’lgani singari, Turkistonda ham inqilobiy aqidalarga, eng avvalo sinfiylik tamoyillariga amal qilindi. Asosiy inqilobiy kuch-proletariat va kambag’al dehqonlar, aholining boshqa qatlamlari esa reaksion va ekspluatatar guruhlar deb e’lon kilindi. Mulkdorlar-ekspluatatorlar, ezuvchilar, milliy ziyolilar, o’qimishli, obro’-e’tiborli xalq vakillari-milliy burjuaziya korchalonlari va malaylari; islom dini rahnamolari-reaksion oqim deb, ularga qarshi ayovsiz kurash boshlab yuborildi.

Turkiston o’lkasidagi dastlabki sovet hukumatining ziddiyatli tarkibi mintaqada yevropalik aholi hukmronligini mustahkamlashga qaratilgan edi. Mahalliy millatlarning siyosiy jarayonga aralashtirilmaganligi o’lka xalqlarining sovet hokimiyatiga bo’lgan ishonchsizligini yanada kuchaytirdi.

Hokimiyat bolsheviklar qo’liga o’tishi bilan o’lkada Muvaqqat hukumatning barcha bo’g’inlari tugatilib, o’rniga avvalo jazo organlari va sovet boshqaruv tizimi o’rnatildi. Shu vaqtning o’zida Butunrossiya Favqulodda komissiya (cheka) organlari va inqilobiy tribunallar tashkil etildi. Proletariat diktaturasining bu jazo organlari ozodlik va demokratiyani bo’g’ishda, o’zgacha fikrlaydigan kishilarni qatag’on qilishda muhim qurol bo’ldi. Turkiston bolsheviklari va so’l eserlari musulmon aholisining o’lkani boshqarishga bo’lgan huquqini inkor qilib, hokimiyat to’g’risidagi masalani kelishib hal kilish imkoniyatini yo’qqa chiqardilar va shu bilan o’lka siyosiy hayotidagi kuchlarning kelgusida muholifatga aylanishini oldindan muqarrar qilib qo’ydilar.

1917 yil 26 noyabrda Qo’qon shahrida O’lka musulmonlarining IV favqulodda syezdi ish boshladi. Unda o’lkaning barcha mintaqalari va ko’pgina jamoat tashkilotlaridan 200 nafardan ortiq vakil hozir bo’ldi. Kun tartibiga o’lkani boshqarish shakli, Turkiston Markaziy musulmonlar sovetini qayta saylash, Turkiston Ta’sis majlisi, militsiya, moliya va boshqa masalalar qo’yildi.

Syezdda Farg’onadan – 100, Sirdaryodan – 22, Samarqanddan – 21, Buxorodan – 4 va Kaspiyortidan – 1 vakil qatnashayotgan edi. Shuningdek, viloyat vakillaridan tashqari syezda «Sho’roi Islom», «Sho’roi Ulamo», musulmon harbiylari kengashi, O’lka yahudiylar jamiyati (Paoley Sion), mahalliy yahudiylar vakillari qatnashdilar. Muhokamadan keyin 13 kishidan iborat hay’at saylashga kelishib olindi. Ochiq ovoz bilan hay’at a’zoligiga quyidagilar saylandilar: M.Cho’kayev, U.Ho’jayev, Yu.Agayev, S.Gersfeld, O.Mahmudov, A.O’razayev, I.Shoahmedov, Kigichinboyev, Kamol Qozi, Abdul Badin, Tiliyev, Karimboyev. Syezdda uch kunlik munozaradan so’ng vakillar Turkistonning bo’lg’usi siyosiy tuzumi to’g’risida qat’iy bir fikrga yakdillik bilan kelishib oldilar. 27 noyabr kuni kechasi soat 12da 2 kishi qarshi bo’lib qabul qilingan qarorda, jumladan, shunday deyiladi: «Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya inqilobi da’vat etgan xalqlarning o’z huquqlarini o’zlari belgilash xususidagi irodasini namoyon etib, Turkistonni federativ Rossiya respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muhtor deb e’lon qiladi, shu bilan birga muhtoriyatning qaror topish shakllarini Ta’sis majlisiga havola etadi». Shundan keyin syezd «Turkistonda yashab turgan milliy ozchilik aholi huquqlarining muttasil himoya qilinishini tantanali ravishda e’lon qiladi».

28 noyabrda tashkil topayotgan mazkur davlatning nomi «Turkiston Muhtoriyati» deb ataladigan bo’ldi. Hokimiyatni esa Ta’sis syezdi chaqirilgunga qadar Turkiston muvaqqat Kengashi va Turkiston Halk (Milliy) Majlisi ko’lida bo’lishi ta’kidlandi. Shuningdek, syezdda Muvaqqat Kengash tarkibiga 12 kishidan iborat a’zolar saylash taklif etildi. Xalq majlisi tarkibiga saylanadigan 54 o’rindan 18 o’rin o’lkadagi turli yevropalik aholi tashkilotlarining vakillari uchun ajratildi. Bu esa uchdan bir o’rin yevropalik aholi vakillariga tegishini bildirar edi.

Muvaqqat hukumat tarkibiga quyidagi a’zolar saylanadi:

1. M.Tanishbayev – bosh vazir, ichki ishlar vaziri, 2 chakirik Davlat Dumasining a’zosi, Muvaqqat hukumat Turkiston komitetining a’zosi, muhandis.

2. Islom Sulton Shoahmedov (Shaahmedov) – bosh vazir o’rinbosari, Butunrossiya musulmonlari kengashi Markaziy qo’mitasining a’zosi, huquqshunos.

3. Mustafo Cho’qayev – tashqi ishlar vaziri, Turkiston Musulmonlar Sho’rosi Markaziy ko’mitasining raisi, huquqshunos.

4. Ubaydullo Ho’jayev – harbiy vazir, Butunrossiya musulmonlar kengashi MK a’zosi, huquqshunos.

5. Yurali Agayev – yer va suv boyliklari vaziri, agronom.

6. Obidjon Mahmudov – oziq-ovqat vaziri, Qo’qon shahar dumasi Raisning o’rinbosari, tog’-kon sanoati muhandisi.

7. Abdurahmon O’razayev – ichki ishlar vazirining o’rinbosari, huquqshunos.

8. Salomon Abramovich Gersfeld – moliya vaziri, huquqshunos.

Muvaqqat hukumat tarkibiga 12 a’zo o’rniga 8 kishi saylanganligining sababi yana to’rt kishi – yevropalik aholi vakillari ichidan nomzodlar ko’rsatilgach, qayd etilishi ko’zda tutilgan edi.

Syezdda, shuningdek, Xalq Majlisi a’zolari ham saylandi. Umummusulmon syezdining 27 noyabrda Turkiston Muhtoriyatini tashkil qilganligi haqidagi qarori o’lka xalqlarini ruhlantirib yubordi. Turkiston xalqlari muhtoriyatni qo’llab-quvvatlab mitinglar, yig’inlar uyushtirdilar. Turkiston xalqining muhtoriyat uchun olib borgan kurashida 1917 yil 13 dekabrda bo’lib o’tgan fojiali voqealar muhim o’rin tutadi. O’sha kuni Toshkentda eski shahar aholisi «Muhtor Turkiston uchun!» shiori ostida tinch bayram namoyishini o’tkazdi. Ammo Toshkent Sovetidagi bolsheviklar shaharda qurolli kuch bilan tartib o’rnatishga buyruk beradilar. Oqibatda tinch namoyish qatnashchilari pulemyotdan o’qqa tutildi, eski shaharlik 16 kishi ana shu to’qnashuv qurboni bo’ldi. Muhtor hukumatning xalq o’rtasidagi obro’-e’tibori va nufuzi bolsheviklarni tashvishga solib qo’ydi. 1918 yil 19-26 yanvar (yangi hisob bilan 1-8 fevral) da Toshkentda bo’lgan Turkiston o’lkasi ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlarining favqulodda IV syezdida muhtoriyat masalasi asosiy o’rinda turdi. Syezd Turkiston Muhtoriyati hukumati va uning a’zolarini qonundan tashqari holatda deb, hukumat a’zolarini qamoqqa olish to’g’risida qaror chiqardi. Bolsheviklar o’zlarining bu qabih va mudhish «hukmi»ni amalga oshirishga zudlik bilan kirishdilar. 30 yanvar (yangi hisob bilan 12 fevral) da Turkiston HKS muhtoriyat hukumatini tugatish uchun harbiy harakatlarni boshladi. Turkiston bolsheviklari buning uchun qizil askarlardan tashqari armanlarning «Dashnoksutyun» partiyasi a’zolaridan tuzilgan qurolli to’dalardan ham keng foydalandi. Ularga qarshi dastlabki jangda muhtoriyatning milliy qo’shinidan qashkari Qo’qonlik tinch aholi vakillari ham qatnashdi. Asosan, bolta, cho’kich, tayoq ko’targan haloyiqning soni 10000 kishiga yetdi. Shunga qaramay, qurolsiz bu kishilar qizil askarlarning Qo’qon shahriga hujumini uch kun davomida mardonavor qaytardilar. Shahar ustiga uch kun davomida to’plardan yondiruvchi snaryadlar otildi. Muhtoriyat qo’shinining tirik qolgan qismi Kichik Ergash Qo’rboshi boshchiligida shahardan chiqib ketdi. Turkiston Muhtoriyati hukumati qizil askarlar va dashnoklarning qonli hujumlari oqibatida ag’darib tashlandi. Ammo Qo’qon va uning atrofidagi tinch aholini talash, o’ldirish avjiga chiqdi. Faqat Qo’qonning o’zida uch kun davomida 10000 kishi o’ldirildi. Shahar butkul vayronaga aylantirildi.

Hukumat boshlig’i Mustafo Cho’kay shaharni tark etib, yashirinishga majbur bo’ldi. Vazirlarning ayrimlari halok bo’ldi. Ba’zilarini bolsheviklar ko’lga olishdi. «Ulug’ Turkiston» gazetasi xabar berganidek, «20 (eski hisob bilan 7) fevral Ko’kand (Qo’qon) tarixining eng dahshatli kuni edi. Armanilar ayricha faoliyat ko’rsatganlar». Gazetadagi ushbu maqola «Ho’qand hozir o’liklar shahri», degan dahshatli ibora bilan tugaydi.

Turkiston respublikasi HKS va MIK ichida hokimiyat uchun o’zaro kurashlar, mojarolar va janjallar avjiga chiqdi. Oktyabr oyida Turkiston HKS raisi F. Kolesov va boshqa ayrim amaldorlar egallagan lavozimdan bo’shatildi. 1919 yil 19 yanvarda harbiy komissar K. Osipov boshchiligida Toshkentda isyon ko’tarildi. K. Osipovning buyrug’i bilan 14 komissar otib tashlandi. Isyonchilar tomonidan sovet hokimiyati ag’darildi, hokimiyat masalasi Ta’sis Majlisida hal qilinadi, deb e’lon qilindi. Biroq isyon Toshkent temir yo’l ustahonalari ishchilari va boshqa harbiy qismlar tomonidan tezda bostirildi. K. Osipov avval Farg’ona vodiysiga, so’ngra Buxoro amirligiga qochib ketdi. Bu isyon bahonasida bolsheviklar 1919 yil mart oyi boshida so’l eserlarni hukumatdan siqib chiqarib, yakka o’zlari hukmron bo’lib oldilar.1919 yil 8 oktyabrda Moskvada Turkkomissiya (Rossiyaning Turkiston ishlari bo’yicha komissiyasi) tashkil qinilinib, u Toshkentga jo’natildi. Turkkomissiya, keyinchalik tuzilgan Turkbyuro va O’rta Osiyo byurosi kabi turli komissiya va byurolar muntazam ravishda Rossiya Markazidan Turkistonga jo’natib turildi. Markaz o’zining bu favqulodda organlari orqali Turkiston mintaqasi boshqarishga, mahalliy xalqlarni mustamlakachilik asoratida ushlab turishga intildi.

Bu paytda butun Rossiyada bo’lgani singari Turkiston respublikasida ham «harbiy kommunizm» siyosati joriy kilindi. Bu siyosat o’z mohiyatiga ko’ra xalqqa qarshi qaratilgan edi. U xususan dehqonlarga katta zarba bo’lib tushdi. Turkistonda ham sovet rejimi bir qator dekretlar chiqarib, ozik-ovqat razvyorstkasi (taqsimoti)ni joriy qildi. Aslini olganda, dehqondan u yetishtirgan mahsulotning deyarli hammasi tortib olindi. Bozorlar yopildi, savdo-sotiq taqiqlandi. 16 yoshdan 55 yoshgacha bo’lgan barcha erkak va ayollar uchun mehnat majburiyati joriy kilindi. «Qo’qon fojiasi» shu haqiqatni yaqqol tasdiqladiki, Lenin boshchiligidagi bolsheviklar hukumati va Turkistonda bolshevik F. I. Kolesov rahbarligidagi o’lka Xalq Komissarlari Kengashi (HKK) so’zda «millatlarning o’z taqdirini o’zi belgilash» huquqi uchun jonbozlik ko’rsatsalarda, amalda «yagona va bo’linmas Rossiya» uchun kurash olib bordi va bu borada chorizmning mustamlakachilik siyosatini ochiqdan-ochiq davom ettirdi. Ularni har qanday muhtoriyat emas, balki RSFSR tarkibida sovet muhtoriyati shaklidagi, bolsheviklarga ma’qul bo’lgan va ular homiyligida tashkil etiladigan muhtoriyatgina qanoatlantirar edi. Bolsheviklar «millatlarning o’z taqdirini o’zi belgilash» tushunchasiga o’ta sinfiy mazmunni singdirib, o’z taqdirini o’zlari belgilaydigan millatlar irodasi bilan va mavjud mahalliy voqelik bilan mutlaqo hisoblashmadilar. 1918 yil 20 aprelda Toshkentda sovetlarning V o’lka syezdi ochildi. Uning ishida 263 delegat, shu jumladan, mahalliy millatlardan 50 delegat ishtirok etdi, bu esa delegatlarning bor yo’g’i 20 foizidan ko’prog’ini tashkil etardi. Ko’rinib turibdiki, mahalliy millat vakillari syezdda mutloq ozchilikni tashkil qilgan. Ulardan ikki nafari – Husayn Ibrohimov va Sa’dulla Tursunho’jayev syezd hay’ati tarkibiga saylandi. Delegatlarning aksariyati bolsheviklar va so’l eserlar edi. Bolsheviklar 86, so’l eserlar 70 kishi edi. Binobarin, ular syezd ishining yo’nalishini belgilab berdilar. Syezd kun tartibida quyidagi masalalar turardi: Xalq Komissarlari Kengashining ma’ruzasi, sanoatni natsionalizasiya qilish, ocharchilikka va ishsizlikka qarshi kurash, hozirgi sharoit, Turkiston sovet Muhtoriyatining e’lon qilinishi munosabati bilan komissarliklarni, hokimiyatni qayta tashkil etish va boshqalar. Syezdning asosiy vazifasi Turkiston sovet Muhtoriyatini e’lon qilish edi. Moskvadan kelgan hujjatda o’lka muhtoriyatining qanday bo’lishi haqida aniq ko’rsatma mavjud bo’lib, syezd delegatlariga RSFSR hukumati Turkistonning har qanday muhtoriyatini ham qo’llab-quvvatlamasligini, faqat Markazga ma’qul keladigan sovet muhtoriyatini qabul qilishini ochiqchasiga bildirib qo’ygan edi. Delegatlar uchun Moskvaning bunday ko’rsatmasidan keyin Turkistonning sovet muhtoriyatini e’lon qilishdan boshqa iloji qolmagan edi. 1918 yil 30 aprelda syezd «Turkiston Sovet Federativ Respublikasi to’g’risida Nizom»ni qabul qildi. Bu nizomga ko’ra Turkiston o’lkasining hududi «Rossiya Sovet Federasiyasining Turkiston Sovet Respublikasi» deb e’lon qilinadi. Uning tarkibiga Turkistonning barcha hududi o’zining geografik chegarasi bilan kiritildi, Xiva bilan Buxoro esa bundan mustasno edi. Turkiston respublikasi muhtoriyat tarzida boshqarilib, o’zining barcha faoliyatini RSFSR hukumati bilan muvofiqlashtirar va uni e’tirof qilar edi. Rossiya bilan o’zaro munosabatlarni belgilash uchun syezd 5 kishidan iborat komissiya saylandi.

1917 yilda sodir bo’lgan oktyabr to’ntarishi va buning natijasida hokimiyatni qo’lga kiritgan bolsheviklar tomonidan ilgari surilgan kommunistik mafkura Turkiston xalqlari uchun mutlaqo yot tushuncha edi. Mahalliy aholi bu g’oyani avval boshdanok o’ziga singdira olmadi va unga qarshi turdi.

Ikkinchidan, sovet hukumati o’rnatilgan dastlabki davrda hokimiyatni boshqarishga mahalliy xalq vakillari jalb qilinmadi, ularning milliy g’ururi, haq-huquqi inkor qilindi. Turkistonda bolsheviklar tomonidan o’rnatilgan sovet rejimi chor Rossiyasi mustamlakachiligining yangi shakli ekanligi o’sha dastlabki kunlardanoq oshkor bo’lgan edi.

Uchinchidan, yangi tuzum o’rnatilgan ilk kunlardanok mahalliy xalqning asrlar davomida shakllangan urf-odatlari, milliy qadriyatlari toptaldi. Shariat asoslari va qozixonalar bekor qilindi, vaqf yerlari tortib olindi, mulkchilikning barcha shakliga chek qo’yildi.

Chor Rossiyasining mustamlakachilik zulmi ostida ezilib kelgan farg’onaliklar Turkistonda birinchi bo’lib bolsheviklar rejimiga qarshi qurolli kurashga otlandilar. Shu tariqa, Turkistonda sovet hokimiyati va bolshevikcha rejimga qarshi qurolli harakat 1918 yil fevral oyining ohirlarida boshlangan edi.

Bu harakatning asosiy harakatlantiruvchi kuchi dehqonlar, chorikorlar, mardikorlar, hunarmandlar va kosiblar bo’lgan. Turkiston respublikasi rahbarlaridan birining e’tirof etilishicha, unga asosan dehqonlar va hunarmandlar qatnashdi. Ularga shahar aholisining aksariyat qismiga o’ziga to’q badavlat oilalarning vakillari, savdogarlar, islom dini arboblari hamda ba’zi boylar qo’shildi. Harakat qatnashchilari orasida tanigan ziyolilar ham ko’pchilikni tashkil qilar edi va ular jadidlar safidan ajralib chiqqan edi. Bir so’z bilan aytganda, ular safida xalqning barcha tabaqasiga mansub kishilar bor edi. Qo’qondagi dastlabki guruhlarning tashkil topishi Kichik Ergash (taxminan 1885-1918) va Katta Ergash (taxminan 1880-1921) larning nomi bilan bog’liqdir.

Marg’ilonda esa militsiyaning sobiq boshlig’i Muhammad Aminbek o’g’li – Madaminbek (1892-1920) kurash boshladi.

Farg’ona vodiysida 1918 yilning o’rtalariga kelib, taxminan yuzga yaqin qo’rboshilar o’z dastalari bilan qizil armiya qismlariga qarshi kurash olib bordilar. Bu guruhlarda 15000 yigit bor edi. Turkistondagi bu harakatning o’ziga hos milliy ko’rinishi va hususiyatlari mavjud bo’lgan. Bu hususiyatlar harakatdagi qo’rboshilar dastalari va guruhlari faoliyatida, ularning maqsad va istaklarida o’z ifodasini topgan bo’lib, unda islom shariati qonun-qoidalari asosidagi milliy davlat barpo qilishdan tortib, to milliy demokratik tartibdagi mustaqil davlat tuzishgacha kabi g’oyalar mujassamlashgan edi. Turkiston mintaqasidagi mazkur harakatning muhim hususiyati shundaki, bu harakatda maqsadlar va vazifalar qanday bo’lishidan qat’iy nazar boshidan oxirigacha bir ustuvor g’oya – Turkistonning milliy mustaqilligi yotadi. Bu harakat goh kuchayib, goh pasayib turishiga qaramay, unda ishtirok etuvchilarning tarkibi o’zgarib turishi va ikkilamchi manfaatlar o’rtada turganligi, hamda ob’yektiv va sub’yektiv omillar kuchlar muvozanatiga salbiy ta’sir qilishiga qaramay, harakatning asosiy maqsadi Turkiston mustaqilligi bo’lib qolaverdi.

Turkistondagi bu harakatning uyushgan bir shaklda namoyon bo’lishida qo’rboshilar ko’rsatgan g’ayrat–shijoatni alohida ta’kidlab o’tish kerak. Qo’rboshilar harakatning harbiy rahbarlari bo’lib ular o’z jangovorliklari bilan mashhur edilar. O’z vaqtida Farg’ona vodiysida Kichik Ergash, Katta Ergash, Madaminbek, Shermuhammadbek, Muhiddinbek, Islom Polvon, Yormat Mahsum, Samarqand viloyatida Ochilbek, Bahrombek, Buxoro respublikasida Ibrohimbek, Mulla Abdukahhor, Anvar Poshsho, Salim Poshsho, Davlatmandbek, Fuzayl Mahdum, Xorazm respublikasida Junaidhon kabi qo’rboshilar bu harakatni yagona kuchga birlashtirishi uchun rahbarlikni birin–ketin o’z qo’llariga olsalarda, lekin Turkiston mintaqasidagi qurolli harakat boshdan oxirigacha yagona markazga to’liq uyusha olmadi. Farg’ona vodiysidagi bu harakat 1919 yil yozining oxiri va kuzida o’zining eng yuqori cho’qqisiga chiqdi. 1919 yilning kech kuziga kelib Madaminbek qo’l ostida 30000ga yaqin yigit qizil armiyaga qarshi janglarni olib bordilar. Bu paytda Shermuhammadbek qo’l ostida 20000, Katta Ergash qo’rboshida 8000 askar bo’lgan. Ana shu 3ta lashkarboshi vodiydagi jangovor harakatlarni yo’naltirib turdilar.

Turkistondagi bu harakat 1920 yilning yozi va kuzida o’zining yangi bosqichiga qadam qo’ydi. Kurash yana ham shavqatsiz va murosasiz tus oldi. Turkiston MIK raisi Inomjon Hidiraliyevning keyinchalik yozishicha, «1920 yil sentyabrda bosmachilarning soni 70 ming kishiga yetdi va kuchli vahima uyg’otdi». Sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakatni tashkiliy jihatdan uyushtirishda Farg’ona vodiysi, Buxoro va Xorazmdagi qo’rboshilarning mazkur davrda bo’lib o’tgan o’ttizdan ortiq qurultoylarining ahamiyati katta bo’lgan. Bu qurultoylarda harakat rahbarlari saylangan, qo’rboshilar yagona qo’mondonlik ostiga birlashtirilgan. Ammo bunga doim ham amal qilinmas edi. Shuningdek, qurultoylarda qo’rboshilar guruhlari harakat qiladigan joylar va ularning ta’sir doirasi belgilab olingan. Ba’zi ko’rboshilar Oliy bosh qo’mondonga bo’ysunmay, o’zlaricha mustaqil harakat qilganlar. Farg’ona vodiysidagi vatanparvarlar qo’shiniga 1923-1924 yillarda oldin Islom Polvon (taxminan 1882-1923), so’ng Yormat Mahsum (1929 yil halok bo’lgan) kabi qo’rboshilar rahbarlik qildilar. Bu paytda qo’rboshilarning kichik-kichik guruhlari jang harakatlarini olib bordilar. Farg’onada ularning soni 1923 yilda 350-400 atrofida edi. Lekin qo’rboshilar kurashning mazkur bosqichida turli sabab va mahalliy shart–sharoitlar natijasida doim ham bir-birlari bilan kelishib ish ko’rmadilar. 1920–1924 yillarda bu harakat Buxoro va Xorazm respublikalarida ham avj oldi. Buxoro va Xorazmdagi milliy muholifatning ozodlik kurashlari alohida, o’ziga xos yo’nalish va hususiyatga ega bo’lib, o’ta murakkabligi va ziddiyatligi bilan Turkiston respublikasidagi sovetlarga qarshi qurolli harakatdan ajralib turardi. Bolsheviklar qizil armiya yordamida Buxoro amirligi va Xiva xonligini kuch bilan ag’darib, hokimiyatni Buxoroda asosan Yosh Buxoroliklardan, Xorazmda esa Yosh Xivaliklardan iborat demokratik kuchlar qo’liga berdi.

Buxoro va Xorazm Xalq Sovet Respublikalarida yuzaga kelgan qurolli muholifat shu boisdan ham bir yo’la ikki kuchga qarshi, birinchidan, bu davlatlar hududida joylashib olgan qizil armiya qarshi, ikkinchidan esa bolsheviklar yordamida hokimiyatni egallab olgan demokratik kuchlarga qarshi muholiflik urushini olib bordilar. Bu urushning Turkistondagi, hususan, Farg’ona vodiysidagi harakatdan farqi ham ana shunda. Buxorodagi qo’rboshilar o’rtasida Ibrohimbek (1889-1932) alohida salmoqqa ega edi.

Ibrohimbek amirlik ag’darilib tashlangach, Sharqiy Buxorodagi qo’rboshilar guruhlariga umumiy rahbarlik qilib, bolsheviklar va bosqinchi qizil armiyaga qarshi kurash boshladi. U o’z oldiga Buxoro tuprog’ini qizil askarlardan tozalab, ag’darib tashlangan amirlik tuzumini qayta tiklash va saltanatni sobiq amir Said Olimxon (1881-1944) qo’liga olib berishni asosiy maqsad qilib qo’ydi. Shuning uchun ham u kurashga kirgan dastlabki kunlardanok sobiq Buxoro amiri tomonidan moddiy va ma’naviy jihatdan har tomonlama qo’llab-qo’vvatlandi va rag’batlantirildi. Mujohidlarning asosiy maqsadi qizil qo’shinni haydab yuborish, milliy qadriyatlar, asriy e’tiqod va urf-odatlarning poymol qilinishi, barham berish edi. 1914-1918 yillarda yuz bergan jahon urushi, 1917 yilda Rossiyada amalga oshirilgan fevral burjua-demokratik inqilobi, undan keyingi oktyabr harbiy to’ntarishi va nihoyat, Turkiston o’lkasidagi milliyozodlik va istiqlolchilik harakatlarining oqibatlari natijasida iqtisodiy hayot keskin tus oldi. Har ikkala davlat hududida iqtisodiy tanglik kuchaydi, narx-navo mislsiz darajada ko’tarildi, qashshoklik, ochlik avj oldi, paxta ekin maydonlari keskin qiskarib ketdi. Rossiyaga olib borib sotiladigan pahtaning miqdori 1917 yildan 1919 yilgacha bo’lgan davr mobaynida 20 barovar, qorako’lning miqdori qariyb 10 barovar va junning miqdori esa 6 barovar qamaydi. Bir pud paxtaning narxi 1917-1919 yillar oralig’ida 11 so’mdan 1 so’m 80 tiyinga, bir pud junning narxi 6 so’mdan 2 so’mga, bir dona qorako’lning narxi 7 so’mdan 1 so’m 20 tiyinga tushib qoldi. Ayni paytda oziq-ovqat mahsulotlari narxi haddan ziyod oshib ketdi. Yana buning ustiga ustak amir qo’shinlariga mehnatkashlardan ommaviy safarbarlik e’lon qilinishi xalqning qo’zg’olon ko’tarilishiga sabab bo’ldi. Buxoro amirligi va Xiva xonligida sodir bo’layotgan xalq kurashining mafkuraviy asosini jadidchilik harakati tashkil etdi. Buxoro va Xiva jadidlari hokimi mutloq, o’z monarhlari bo’lgan amir va xon zulmiga qarshi kurashni bosh maqsad deb bildilar.

«Yosh Buxoroliklar» va «Yosh Xivaliklar»ning pirovard maqsadlari konstitusiyaviy monarhiya tuzumi edi. Ular ana shu konstitusiyaviy monarhiya tuzumi doirasida islohotlar o’tkazish yo’li bilan adolatli va insonparvar jamiyat ko’rish mumkin, deb ishonardilar. «Yosh Buxoroliklar» va «Yosh Xivaliklar» ijtimoiy iqtisodiy taraqqiyot darajasi taqozosiga ko’ra xalq ommasi o’rtasida mustahkam tayanch bazaga ega emas edilar. Ular o’zlariga Ittifoqchilarni chetdan izladilar va Rossiya timsolida amir va xon zulmidan ozod bo’lish mumkin, degan fikrga borib katta siyosiy xatoga yo’l qo’ydilar. «Yosh Xivaliklar» qo’mitasi tomonidan tayyorlangan manifestga Asfandiyorhon 1917 yil 4 aprelda imzo chekishga majbur bo’ldi. Bu hujjat asosida Xivada xon boshchiligida konstitusiyaviy monarhiya tuzumi qaror topadi, deb e’lon qilindi. Saylov yo’li bilan deputatlar majlisi va Nozirlar kengashi tashkil topdi. Keyinchalik majlis va hukumat butunlay «Yosh Xivaliklar» qo’liga o’tdi. Majlis nomidan e’lon qilingan Manifestga ko’ra xonlikda vaqf, mulk (xususiy) va podsholik yerlari dahlsizligicha saqlanib qoldi, xazinaning kirim va chiqimlari ustidan nazorat o’rnatildi, shariat so’zlari davlat ta’minotiga o’tkazildi, yangi usuldagi jadid maktablari ochilishi belgilandi. Asfandiyorhon mamlakatda xalq norozoliklarini bostirish va Boboohun Salimov boshchiligidagi jadidlarni tartibga chaqirishda rus askarlaridan foydalandi. Harbiy komissar Zaysev honga yordam uchun jazo otryadlarini tashkil etdi. Xalq haq-huquqlari rus askarlari tomonidan toptaldi va oyoq osti qilindi. Bu ham yetmagandek, 1917 yilda xonlik hududida ocharchilik avj oldi. May oyida Xiva shahrida «ochlik isyoni» ko’tarildi.

Mamlakatda ana shunday og’ir bir sharoitda 1917 yil sentyabrida Junaidhon o’z qurolli to’dalari bilan Xivaga qaytib keladi. U 1916 yildagi qo’zg’olon davrida Afg’onistonga o’tib ketgan edi. Junaidhon xonlikda juda katta o’zgarishlar yasashga muvaffaq bo’ldi.

Xorazm Xalk Sho’ro Jumhuriyati 1920 yil 27-30 aprelda Xorazm Muvvaqqat hukumati tomonidan chaqirilgan Butun Xorazm Xalq vakillarining 1 qurultoyida tashkil topdi. Uning Nozirlar sho’rosining raisi (Polvonniyozhoji Yusupov) va muovini (Boboohun Salimov) hamda 15ta nozirlari saylandi. Jami 17ta hukumat rahbarlaridan 11tasi «Yosh Xivaliklar»dan bo’ldi. Ular hukumatni milliy manfaat, mahalliy urf-odat va shariat qoidalari va eng muhimi, mustaqillik asosida boshqarishga harakat qilganlar. Bu esa Turkiston va Xivadagi vakolatli firqa va sho’ro rahbarlariga yoqmadi. Shuning uchun bu gal ham «Yosh Xivaliklar» firqasiga uyushgan jadidlar hukmronligi o’n oy to’lar-to’lmas, 1921 yil martda sho’ro hukumati va komfirkasi tomonidan ag’darib tashlandi. P. Yusupov hukumati a’zolari qamoqqa olindi. 1920 yilning kuzidayoq hukumat boshlig’ining o’rinbosari va turkman bo’limining 600 jangchisi otib tashlandi.

1921 yil martida Ota Maqsum rahbarligida saylangan yangi hukumat ham 1922 yil noyabrida ag’darib tashlandi. 1923 yil oktyabrda Xorazm Sho’rolarining IV qurultoyiga Xorazmni Xorazm Sho’ro sotsialistik jumhuriyati deb e’lon qiladi va uning Konstitusiyasini qabul qiladi. Bu mamlakatdagi beqaror ijtimoiy siyosiy va milliy vaziyatni yanada og’irlashtirib yuboradi. Eskilik bilan yangilik, mutaassiblik bilan taraqqiyparvarlik o’rtasidagi kurash Buxoroda ham XX asrning boshlarida jadidchilikni yuzaga keltirdi. 1917 yilga kelib esa faol ijtimoiy-siyosiy va demokratik kuchga aylandi. «Yosh Buxoroliklar» firqasi paydo bo’ldi. Abduvohid Burhonov (Markaziy Ko’mita raisi), Usmon Ho’jayev (Usmonho’ja Po’latho’jayev), Muso Saidjonov, Abdurauf Fitrat, Ota Ho’jayev, Mirkomil Burhonov, Fayzulla Ho’jayev, Sadriddin Ayniy, Fazlitdin Mahsum va boshqalar bu firqaning faollaridan edilar. Uning dastlabki faoliyati davlat boshqaruvi va yer-suv islohotini o’tkazish harakatidan boshlandi. «Yosh Buxoroliklar» amir hukmronligini yevropacha konstitusiyaviy monarhiya bilan almashtirmoqchi bo’ldilar.

Buning uchun ular Rossiya va Turkistondagi komfirqa hamda sho’ro hukumati tazyiqi ostida Amir Olimhonni 1917 yil 7 aprelda islohot o’tkazish haqidagi Manifestga imzo chekishga majbur etdilar. Bu voqeani F. Ho’jayev boshliq bir guruh ko’cha namoyishiga chiqish bilan kutib oladi. Musulmon dunyosida g’ayrimusulmonlar alohida yashashi, o’z diniy e’tiqodiga oid ko’cha marosimlarini faqat o’z mahallasida o’tkazishi odatga aylangan edi. Buxoroda ham shunday edi. Bu musulmonlar orasida norozilikka sabab bo’ldi. Ko’chada 5-7 ming olomon to’plandi. Amir qo’rqqanidan xalqni tarqatib, jadidlarni ushlab kaltaklatadi. Kaltak zarbidan o’lganlar ham bo’ldi. Namoyish fojeaga aylandi. Jadidlar esa ta’qib ostiga olingach, horijga ketishga majbur bo’ldilar. Shundan so’ng F. Ho’jayev va boshqalar fevral inqilobiga ishonib Turkiston hukumati boshlig’i, bosqinchi Kolesovdan harbiy yordam so’raydilar. Uning uchun bu ayni muddao bo’ldi. U katta armiya bilan 1918 yil martining birinchi kunlarida Buxoroga bostirib bordi. Biroq Amir Olimxon sarbozlaridan yengilib, Qiziltepa degan joyda sulh tuzishga majbur bo’ldi. Buxoro Rossiya vassaligidan chiqadi. Rossiya sho’ro hukumati Buxoroning mustaqilligini rasman tan olib, katta tovon to’lash majburiyatini ham oladi. Lekin bunga Rossiya rioya qilmay, Buxoroning ichki ishlariga aralashaveradi. Kolesov hujumining konli fojeasi amirlikda siyosiy tenglikni yanada kuchaytirdi. Juda ko’p begunoh odamlar hon tomonidan qirg’in qilindi. Jadidlar orasida «Kolesov hujumi»ning uyushtirilishiga qarshi bo’lganlar ham ko’p edi. Amir qatag’onligidan qochib, jadidlar Qizil armiya safiga kiradilar, ular Toshkent, Samarqand va boshqa joylarda Rossiya homiyligida boshpana topib, kommunistlar yordamida amirni ag’darishga tayyorgarlik ko’ra boshlaydilar.

Kolesov bosqinidan so’ng «Yosh Buxoroliklar» firqasi avval uch, so’ng ikki guruhga bo’linib ketdi. Ular alamzada sho’ro hukumati va komfirkasi yordamida A. Burhonov rahbarligidagi Buxoro komfirqasi va F. Ho’jayev boshliq «Yosh Buxoroliklar»ning inqilobiy firqasiga birlashdilar. Bu ikki rahbar va firqa a’zolari orasida jiddiy o’zaro kelishmovchiliklar bo’lsa-da, ularga Moskva va Toshkentda «katta g’amho’rlik» ko’rsatiladi. Komfirqaning «Tong» jurnali va «Qutulish» gazetasi, inqilobchilarning «Uchqun» gazetasi Toshkentda bosilib, Buxoroga tarqatilib turiladi. Sho’ro hukumati va komfirqasi Buxoroga inqilobni «eksport qilish» orqali uni bosib olish uchun mablag’ va «yordami»ni ayamadi. Shunday bo’lsa-da, bu firqa qovushmadi.

F. Ho’jayev o’z firqasining to’g’ridan-to’g’ri Rossiya komfirqasiga qo’shib olinishini so’rab Leninga xat yozadi. Biroq Lenin F. Ho’jayev dasturiga firqa shariat udumiga rioya qilishi ko’satilganligi sabab, bunga rozi bo’lmaydi. Ammo u F. Ho’jayevga har tomonlama «yordam»ni kuchaytiradi. Qizil Armiya Buxoroga bostirib kirib, amir hokimiyatini ag’dargandan keyin hukumat tarkibiga kirgan yosh Buxoroliklarning inqilobiy firqasi Buxoro komfirqasiga qo’shiladi. Buxoro komfirqasi Rossiya komfirqasi va sho’ro hukumati homiyligida tashkil topadi va hokimiyatni egallaydi. Sho’ro tarixida Buxoro xalqi «Yosh Buxoroliklar» tuzgan komfirqa rahbarligida inqilobga ko’tarilib amirni ag’dardi, degan yolg’on tushuncha bor. Xalq amirdan norozi bo’lsa-da, inqilobga ko’tarilmagan. Unda inqilob tushunchasining o’zi ham bo’lmagan. Rus kommunistlari huddi Turkistonda bo’lgandek, Buxoroni ham inqilob niqobi ostida katta harbiy kuch bilan bosib oldilar.

Ular amirdan jabrlangan, alamzada jadid va boshqalarni kommunistik va «inqilobchi» qilib tayyorladilar. Buni Buxoro «inqilobi»ga rahbarlik qilgan «Harbiy inqilobiy byuro»ning tarkibi ham isbotlab turibdi. Undagi 6 kishidan faqat ikkitasi (N. Husinov va F. Ho’jayev) Buxorolik, qolganlari esa Buxoroga dahli bo’lmagan sho’ro hukumati hamda komfirqasining bosqinchi vakillari edilar. «Harbiy inqilobiy byuro», ya’ni bosqinchilar byurosi rahbarligida 1920 yil 29 avgust erta tongdan Frunze qo’mondonligidagi 12 ta bombordimonchi samolyot, 74 ta zambarak va pulemyot, 10 ming askarga ega bo’lgan Qizil Armiya mustaqil Buxoro mamlakatiga hujum boshlaydi. Buxoro 1918 yildagi Qiziltepa sulhidan so’ng Rossiya vassaligidan chiqqan edi. Amir Olimxon 1 sentyabr kuni shahar va xalqni asrash maqsadida, Frunze bilan kelishgan holda shaharni tashlab chiqishga majbur bo’ladi. Hokimiyat «Inqilobiy qo’mita» qo’liga o’tadi. 6 oktyabrda esa nomigagina chaqirilgan xalq vakillarining qurultoyida oldindan belgilab qo’yilgan «Buxoro Xalq jumhuriyati» va uning hukumati tashkil etiladi. Shunday qilib, sho’ro bosqinchilari tomonidan Buxoro amirligi tugatildi va Buxoro Xalq jumhuriyati tashkil topadi.

Birinchi kundan boshlaboq Rossiya Buxoro hukumatining mustaqilligini tan olsada, to’g’ridan-to’g’ri uning ichki ishlariga aralashib, unga o’z ta’sirini o’tkaza boshlaydi. Shuning uchun ham Buxoro hukumatining ko’pgina rahbarlari o’zlarining aldanganliklarini anglab yetadilar va tezlikda milliy-ozodlik urushi – «bosmachilik» tomon o’tib ketadilar. Amirlik xazinasida o’zbeklarning mang’it urug’i sulolasiga tegishli oltinu zebu ziynatlardan iborat juda katta boylik to’plangan edi. Bu boylik chorakam ikki asr davomida hech kamaytirilmagan, aksincha, doimo to’ldirib turilgan, siyosat, harbiy va boshqa sarf-harajat talab qiladigan ishlarga butunlay dahlsiz hisoblangan va o’ta mahfiylikda saqlangan. Hatto undan xabardor bo’lganlar o’ldirilgan, degan ma’lumotlar ham bor. Uning miqdori haqida aniq ma’lumot bo’lmagan. Ochlikdan sillasi qurigan Rossiya va uning yo’qsil sho’ro hukumati, komfirqasini qiziktirgan narsa ham eng avvalo mana shu afsonaviy boylik bo’ldi. Shuning uchun ham bosqinchilar sulh shartlarini buzib, Buxoroni tezda bosib oldi. Frunze boshliq Qizil armiya bu oltin zahirasini hamda Buxoro shahri xalqining qo’lidagi boyliklarni ham talab, Rossiyaga olib ketdi. Bu oltinlar Rossiyani ochlikdan qutqarib, Olmoniyaga to’laydigan tovonni (kontribusiyasi)ni yengillashtirdi. Hokimiyat bosib olinishi bilanoq, sho’ro hukumati va komfirqasining vakillari hamda missionerlari Buxoroda hukmronlik qila boshlaydilar. Bundan norozi bo’lganlar «bu istiqlolmi yo bosib olishmi?» deb tashvishlanadilar. Hatto Turkkomissiya a’zosi G. Safarovning ichki mustaqillikka doir ishlarga aralashgani uchun uning ustidan Moskvaga shikoyat ham yoziladi. Umuman, bosqinchilar mahalliy hukumat rahbarlari orasida ihtilofni ham kuchaytirib, bundan ustalik bilan foydalanadilar. Mana shuning uchun ham Buxoro hukumati rahbarlarining ko’pchiligi kommunistik bosqinga qarshi ko’tarilgan «bosmachilik urushi» tomon o’tib ketadilar. Bu urushga Amir Olimxonning o’zi Afg’onistondan turib rahbarlik qildi. Istiqlol harakati kuchlari asosan Sharqiy Buxoroda to’planib, sho’ro bosqiniga qarshi muvaffaqiyatli urush olib bordi. Bu urush O’rta Osiyodagi «bosmachilik urushi»ning ajralmas qismi sifatida uzoq yillar davom etdi. Biroq, kuchlar nisbati teng bo’lmaganligi va o’zaro birlik yo’qligi sabab u yengildi. 1920 yil 29 avgustda Frunze qo’mondonligidagi 12ta bombordimonchi samolyot, 74ta zambarak va pulemyot, 10 ming askarga ega bo’lgan Qizil Armiya mustaqil Buxoro mamlakatiga hujum boshlaydi. Buxoro shahriga to’rt kun berilgan uzluksiz katta zarba va yetkazilgan zararlardan so’ng Amir Olimxon 1 sentyabr kuni shahar va xalqni asrash maqsadida, Frunze bilan kelishilgan holda shaharni tashlab ketishga majbur bo’ladi. Hokimiyat inqilobiy qo’mita qo’liga o’tadi. 6 oktyabrda esa nomigagina chaqirilgan xalq vakillarining qurultoyida oldindan belgilab qo’yilgan «Buxoro Xalq Jumhuriyati» va uning hukumati tashkil etiladi. Shunday qilib, sho’ro bosqinchilari tomonidan Buxoro amirligi tugatiladi va Buxoro Xalq jumhuriyati tashkil topadi. Birinchi kundan boshlaboq Rossiya Buxoro hukumatining mustaqilligini tan olsa-da, to’g’ridan-to’g’ri uning ichki ishlariga aralashib, unga uz ta’sirini o’tkaza boshlaydi.