Uchayotgan yulduz nima?

Inson ming yillar mobaynida uchayotgan yulduzni kuzatib, bu qanday sodir bo’lishi to’g’risida hayollarga tolgan. Bir vaqtlar, ular o’zga dunyolardan uchib keladi, degan qarash ham hukm surgan.

Endilikda uchayotgan narsa «yulduz» emasligini yaxshi bilamiz va ularni «meteorlar» deb ataymiz. Ular qattiq jismlardan tarkib topgan, kosmik fazoda harakat qilayotib, ba’zan yer atmosferasiga ham kirib qoladi.

Meteor atmosferadan o’tayotganda, osmonda yorqin iz qoldirishini kuzatishimiz mumkin. Bu iz meteor yuzasi havoda ishqalanishi natijasida issiqlik ajralib chiqishidan hosil buladi.

Qizig’i shundaki, aksariyat meteorlar juda kichkina, to’g’nog’ich boshchasi kattaligidadir. Shu bilan birgalikda, ayrim meteorlarning og’irligi bir necha tonnaga ham yetishi mumkin. Aksariyat meteorlar atmosferada yonib ketadi, faqat katta meteorlargina yer yuzasiga yetib keladi. Olimlarning hisob-kitoblariga qaraganda, bir kecha-kunduzda yerga minglab meteorlar tushadi, ammo yer yuzasining asosiy qismini dengiz va okeanlar tashkil etgani uchun ham meteorlar ko’pincha suvli yerlarga inadi.

Biz biror yo’nalishda uchib o’tayotgan meteorni ham ko’rishimiz mumkin, lekin, minglab uchayotgan yulduzlardan iborat meteorlar oqimiga ham ko’zimiz tushib qoladi. Yer meteor oqimini kesib o’tayotganda, atmosferaning yuqori qatlamlariga tushgan ko’plab meteorlar qizib ketadi va biz shunda «meteorlar yomg’iri»ning guvohi bo’lamiz.

Meteorlar qanday paydo bo’lgan? Hozirgi munajjimlar meteorlar oqimini kometalarning qoldig’i deb hisoblashadi. Kometa parchalanib ketganda, uning millionlab zarralari kosmosda meteorlar oqimi sifatida aylana orbita bo’ylab harakat qila boshlaydi. Yer har 33 yilda shunday meteorlar oqimi orbitasini kesib o’tadi. Yer yuzasiga yetib kelgan meteor «meteorit» deb ataladi. U yerga og’irlik kuchi bilan tushadi. Meloddan avvalgi 467 yilda qadimgi Rimda meteorit tushgani qayd etilgan. Qadimgi Rim tarixchilari buni muhim voqea sifatida solnomalarga raqam etishgan.