Uraganlar ma’lum yo’nalishlar bo’ylab harakatlanadimi?

Shtorm yoki uragan tabiatning shu darajada asov va betizgin hodisasiki, uning ma’lum bir yo’nalish bo’ylab harakatlanishiga ishonish qiyin. Shunga qaramasdan, mavsum boshlanishi bilanoq, uraganlarning har biri o’ziga yarasha nom oladi va ularning harakat yo’nalishini ham oldindan aytib berish mumkin.

Dunyoning ko’pgina mintaqalarida uraganlarning aksariyati ma’lum bir yo’nalishlar bo’ylab harakat qiladi. Masalan, Amerika Qo’shma Shtatlarida uraganlarning aksariyati soat miliga qarama-qarshi harakat qiladi va past atmosfera bosimining Markaziy nuqtasi atrofida aylanadigan ulkan havo massasidan tarkib topadi. Uning Qo’shma Shtatlarda soat miliga teskari aylanishi sababi shamol past bosim markaziga qarab esayotganda, yerning aylanishi uni (Shimoliy yarim sharda) o’ngga og’dirib yuboradi.

Endi uraganlarga qaytaylik. Avvalo, uraganlar, tsiklonlar, tayfunlar asli bir narsa ekanini bilasizmi? U Amerika Qo’shma Shtatlarida tsiklon, Janubi-Sharqiy Osiyo va Janubiy Xitoy dengizida tayfun, Vest-Indiya va Meksika ko’rfazida uragan deb ataladi.

Ekvatorning shimolida tayfun va uraganlar, odatda, kech yoz yoki kuzda tropikning iliq suvlari ustida qo’zg’aladi. Ular passat (pastdan va yuqoridan ekvatorga qarab esadigan shamol)larning o’ngga og’adigan zonasi orqali g’arbga yoki shimoli-g’arbga qarab siljiydi.

Bunday uraganlar subtropik kengliklarda shiddat bilan sharqqa qarab og’adi va g’arbiy shamollar zonasiga kirib qoladi.

Janubiy yarim sharda ham xuddi shunday egri yo’nalishni ko’rish mumkin. Birgina farqi, ular chapga qarab og’adi. Uragan turishi oldindan aniq aytib berilishiga hamda odamlar va kemalar barcha vositalar yordamida oldindan ogohlantirilishiga qaramay, ular juda katta zarar keltiradi. Uragan soatiga 200 km tezlik bilan harakat qilishi mumkin.