Xonqizi baxt keltiradimi?

Xonqizilar oilasiga mansub beg’araz qo’ng’izlarning uch mingdan oshiq turi mavjud. Qora xolli, qanotchalari to’q qizil bu qo’ngizlarni tanish mushkul emas. Yozda ularni istagan joyda: dalada ham, o’rmonu shaharlarda ham uchratish mumkin. Qishni ular har xil: biri ignabarg daraxtlar orasida, boshqalari qari daraxtning ko’chib tushgan qobig’i tagida o’tkazadi. Uchinchilari 4 — 5 ta bo’lib, bukilib qolgan barglar ichiga kirib oladi. Xazon uzilib tushgach, ustiga yumshoq, issiq yostiq misoli boshqa barglar kelib tushadi. Ayrim xonqizilar xonadonlarimizga ham kirib keladi. Shunisi qiziqki, xonqizidek mitti va beg’araz jonivor ham zaharli qoni bilan o’zini dushmanlaridan himoya qilishga qodir ekan. Xonqizi inson uchun zararsizgina emas. U juda katta foyda keltiradi, o’simliklar sharbatini so’rib oladigan, noqis shirachlarga qiron keltiradi. Xonqizilarni tez-tez o’simlik shirasi tushgan maydonlarga maxsus olib kelishib, qo’yib yuborishadi, mehnatkash hasharotlar ana shunda o’zining foydali tomonini yaqqol namoyish etadi. Odamlar orasida xonqizi muvaffaqiyat keltiradi, degan bir gap yuradi. Bu maqsad amalga oshishi uchun xonqizi qo’lga yoki kiyimga qo’nganda, taxminan mana shunday deyishadi: «xonqizi, xonqizi, oqqa uch, toqqa uch, menga olib kel, oq non, qora non, faqat kuymaganidan». Bunga, albatta, ko’plar ishonmaydi, ammo bolalarning shu qo’shiqni xirgoyi qilishiga shubha yo’q.