Yer osti bulog’i va artezian qudug’i o’rtasida qanday farq bor?

Shaharliklar suv olib kelish uchun quduq yoki buloqqa bormaydi. Chunki suv uylarga quvurlar orqali keladi. Ammo qishloq joylarda, katta aholi punktlaridan uzoq yerlarda vaziyat butunlay boshqacha bo’lishi ham mumkin.

Buloq — yer yuzasidagi tabiiy teshik. Yomg’ir yog’ayotgan payt suvning bir qismi yer tortish kuchi ta’sirida tuproq va uning ostidagi toshli qatlamga mayda yoriqlar va g’ovaklar orqali imkon qadar chuqurroq singib ketadi.

Tuproq qatlami ostidagi turli chuqurlikda barcha yoriq va teshiklari suv bilan to’lib qolgan quyi qatlam bor. Bu qatlamning ustki qismi yer osti suvlari sathi deb ataladi. Yuzasi yer osti suvlari sathidan past bo’lgan vodiylar va pasttekisliklarda toshlar orasidagi yoriqlardan buloqlar paydo bo’ladi. Boshqacha aytganda, yer ostida yig’ilgan suv uning yuzasiga sizib chiqadi.

Ayrim buloqlar yil bo’yi qurimaydi, chunki tuproqning ostki qatlamlari ularni suv bilan ta’minlab turadi. Ayrim buloqlar esa faqat yer ostidagi suvlar sathi yuqori ko’tariladigan yomg’irli mavsumlarda amal qiladi. Artezian qudug’i ham — tabiiy suv manbai, ammo suv yuzaga chiqishi uchun uning ko’zini, tabiat emas, inson ochadi. Suv tuproqning zich toshli qatlamlari o’rtasidagi mayda tosh yoki qumli g’ovak qatlamda joylashadi. Agar o’sha joy bir oz qiya bo’lsa, suv o’sha qatlamning tepasiga qadar to’ldiradi, yuzaga sizib chiqa olmagan suv kuchli bosim hosil qiladi. Agar o’sha joydan quduq qazilsa, suv o’z massasi bosimi ostida favvora bo’lib otila boshlaydi. Bu artezian qudug’idir.