Yong’oqlar qayerda o’sadi?

Tusi, o’lchami, shakli va ta’mi turlicha bo’lgan, qattiq po’choq bilan qoplangan har xil mevalar umumiy nom bilan yong’oq deb ataladi. Ko’pchilik oddiy yong’oqni xush ko’rib iste’mol qiladi. Uning burushiq mag’zi silliq, yumaloq och malla po’choq bilan qoplangan. Qadim zamonlarda Sharq mamlakatlari hukmdorlari yong’oqni u o’smaydigan yurtlarning podsholariga qimmatbaho sovg’a sifatida yuborishgan. Xuddi shu tariqa boshqa bir yong’oq — kashtan ham qadim zamonlardan beri odamlarning ardog’ida bo’lib kelgan. Ayrim mavjud kashtan daraxtlarining yoshi besh yuz yildan oshadi. U ko’pgina mamlakatlarda, ayniqsa, Ispaniyada bag’oyat qadrlanadi. Eng xushxo’r, shu bilan bir vaqtda chaqilishi o’ta qiyin ne’matlardan biri Braziliya yongog’idir. Bu yong’oqlarning po’chog’i uch qirrali bo’lib, yigirma va undan oshiq donasi g’uj-g’uj, zich va yumaloq umumiy po’stloq bilan qoplangan holda o’sadi. Yong’oqlar pishib yetilgach, yerga tushadi. Daraxtlarning bo’yi aksariyat hollarda o’ttiz metrdan yuqori bo’lgani uchun ham mahalliy aholi shamol turgan kezlar uning ostidan yurmaslikka harakat qiladi. Bodom yong’oqlari ham xush ko’rib iste’mol qilinadi. Bodom daraxti ikki xil bo’ladi. Oq gullaydigan bodomning mevasi achchiq bo’ladi. Ulardan dori va xushbo’y moddalar ishlab chiqarishda foydalaniladi. Iste’mol qilishga yaraydigan bodomning g’unchalari pushti rangda bo’ladi. Bodom Markaziy Osiyo, yaqin Sharq, O’rta yer dengizi bo’ylari va Kaliforniyada o’sadi. Barcha yong’oqlar ichida kokos yong’og’iga teng keladigani yo’qligi shubhasiz. Hindistonning Sharqiy sohillari va Janubiy dengizlardagi orollar kokos yong’og’ining vatanidir, ammo endilikda ular barcha tropik mamlakatlarida va barcha qit’alarda o’sadi. Uning qimmatliligi tarkibidagi oqsil va boshqa oziq moddalarining ko’pligi bilan bog’liq. Iqlimi mo’tadil mamlakatlarda o’rmon yong’og’i keng tarqalgan. Bu yong’oqlarning g’uj boshi ikki-to’rt donadan iborat bo’lib, yaproq kosachasining ichida bo’ladi. O’rmon yong’og’i chakalaklari o’rmonlarning o’rta mintaqasida ko’p uchraydi. Uning nomi ham shundan olingan bo’lsa ajab emas.