Zuluk qancha vaqt ovqatlanmasligi mumkin?

Ikki yil! Bir tomchi qonsiz, qornini bir to’ydirib olsa bas! Zulukning bo’g’zida uchta jag’io’tmas lappaklari bor. Zuluk terini andak tilib, qonni shimadi. Uning so’lak bezlari bu paytda qon quyulishiga imkon bermaydigan girudin moddasi ajratib chiqaradi. Shu sababli qon hech bir qarshiliksiz, ko’p qon ketadigan, katta o’simtali oshqozonga kelib tushadi. Buni qarangki, nisbatan kichkina bu maxluq (ayrimlariniki 12 santimetrdan oshadi) bir kunda 50 grammgacha qon «ichadi». Uning ichagidagi ayricha bakteriyalar so’rilgan qonni ajib yo’sinda qayta ishlaydiki, pirovardida qon buzilmaydi va xiyla vaqt tozaligini yo’qotmaydi. Shuning uchun ham zuluklar taxminan olti oyda bir marta oziqlanadi, ammo yuqorida aytganimizdek, ikki yil deganda ochqaydi. Zuluklarning bu g’aroyib qobiliyati tufayli olimlar ularga yorqin kelajak: ular uzoq vaht uchishga mo’ljallangan kosmik parvozlar payti tajribaga yaroqli hayvon bo’lishini bashorat qilmoqdalar. Zuluk umurtqali hayvonning qonini so’rayotganda, tushib ketmasligi uchun ikkita-oldi va orqasida joylashgan so’rg’ichi bilan yopishadi. Zulukning ko’zi ham bor! Besh juft ko’zi «boshi» atrofida joylashgan. Zuluklar har xil bo’ladi. Ularning 400 dan ortiq turi bor. Qon so’ruvchilaridan tashqari yirtqichlari ham mavjud: ular o’z kuchi yetadigan chuvalchanglarga, hasharotlar lichinkasiga hujum qiladi, o’ldiradi va yeydi. Zuluklarning aksariyati chuchuk suvli hovuzlar, ariq-zovurlar, ko’llar va sekin oqar daryolarni o’zlarining yashash joylari etib tanlagan. Suvi unchalik sho’r bo’lmagan Azov va Kaspiy dengizlari ham zuluklarning ayrim turlariga boshpana bergan. Qora dengizda zuluklar yashamaydi. Subtropik va tropik o’lkalarda suvni butkul tark etgan quruqlik zuluklari hayot kechiradi. Ularning ba’zilari ko’pgina hayvonlar, hatto fillar uchun turgan bitgani azob. Fil xartumi bilan cho’p olib, so’rayotgan zulukni sidirib tashlaydi va ezg’ilab o’ldiradi. Bordiyu buning uddasidan chiqolmasa, podadagi boshqa bir fil uning bu qon so’rg’ichdan xalos bo’lishiga yordam beradi.