Payza, yapon tarig’i

Payza, yapon tarig’i (Echin-ochloa) — boshoqdoshlar oilasining kurmaklar turkumiga mansub bir yillik boshoqli don va yem-xashak ekini. Xindiston, Xitoy, Koreya, Yaponiyada qadimdan yetishtiriladi. Donidan yorma, spirt olinadi, cho’chqa va parrandalarga yem sifatida ishlatiladi. Ko’k poyasidan silos bostiriladi va pichan tayyorlanadi. 100 kilogramm ko’k poyasida 12,5 ozuqa birligi va 1,6 kilogramm hazm bo’ladigan protein (100 kilogramm pichanida tegishlicha 60,5 va 6,9; donida 92,7 va 10,5) bor. Chorva mollari uchun yaxshi ozuqa. Namsevar va dalaning begona o’tlardan tozaligiga talabchan o’simlik. Qulay sharoitda yozda 2-4 martagacha o’rib olish mumkin. Yem-xashak uchun kech bahorda qatorlab, oddiy usulda (urug’ ekish normasi 12-15 kilogramm/gektar), don uchun keng qatorlab (urug’ekish normasi 5— 6 kg/ ga) ekiladi. Ko’k ozuqa uchun ro’vaklanish vaqtida, don uchun ro’vaklari sarg’ayganda o’riladi. Hosildorligi ko’k poya bo’yicha 140-400 ts/ga, pichan bo’yicha 20-40 ts/ga.