Payshanba

Payshanba — Samarqand viloyati Kattaqo’rg’on tumanidagi shaharcha (1989 yildan). Tuman markazi. 450 metr balandlikda joylashgan. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Kattaqo’rg’on (12 kilometr), Samarqand shahrigacha 90 kilometr. Aholisi 19 ming kishidan ziyod (2001). Payshanbadagi tepaliklari miloddan avvalgi 5-4-asrlardagi oid ostadonlarning topilishi u yerda qadimda aholi yashaganligi tasdiqlaydi. Qulay geografik mavqega ega bo’lgan Payshanba ravnaq topib 18-asr oxirida mudofaa devori bilan o’ralgan 3 darvozali shaharga aylangan. 18-19-asrlarda Payshanbada to’qimachilik, chitgarlik, zargarlik, qandolatchilik, kulolchilik, misgarlik, attorlik, ganchkorlik, temirchilik kabi hunarmandchilik turlari rivojlangan. 1868 yildan Payshanba volostining markazi bo’lgan. Payshanbada 1905-08-yillarda Rossiyaning mustamlakachilik zulmiga qarshi namoz Pirimqul o’g’li boshchiligidagi xalq qurolli harakati bo’lib o’tgan. Qadimda Payshanbada masjid va madrasalar, karvonsaroylar faoliyat ko’rsatgan. Bulardan Odina masjidi (taxminan 17-18- asrlar) ulug’vorligi bilan ajralib turgan, uni «ona masjid» deb ham atashgan. 1791 yil Payshanbada Muhammad Aminxo’ja Naqib madrasa qurdirgan, 1902 yilda rus-tuzem maktabi binosi (hozirgi pochta) qurilgan. Payshanbada tuman hokimiyati binosi, g’isht zavodi, non kombinati, pilla qabul qilish korxonasi bor. Novvoylik, qandolatchilik, tikuvchilik, etikdo’zlik, tandirchilik, baqqollik, duradgorlik, temirchilik bilan shug’ullanuvchi kichik korxonalar mavjud. 5 umumiy ta’lim maktabi, kasb-hunar litseyi, bolalar sport, musiqa maktablari, o’smirlar futbol maktabi faoliyat ko’rsatadi. 3 muzey, 4 kutubxona, markaziy kasalxona (400 o’rin), sil kasalliklari shifoxonasi (40), ambulatoriya va poliklinika, kattalar va bolalar, stomatologiya poliklinikalari ishlab turibdi. Bir qancha madaniy, maishiy, savdo xizmati ko’rsatish shoxobchalari, Qalandarxona jome masjidi bor.