Investitsiya banki

Investitsiya banki – sanoat korporatsiyalarining aktsiyalarini sotib olish orqali investitsiya siyosatini amalga oshiradigan ixtisoslashtirilgan bank. Investitsiya banki xalq xo’jaligining turli tarmoqlari, asosan, sanoat, transport, savdoni moliyalash va uzoq muddatli kreditlash uchun ixtisoslashadi. 19-asr oxirlarida keng tarqaldi. Bank resurslari o’z aktsiyalari va obligatsiyalarini sotish hisobiga shakllanadi. Ayrim rivojlangan mamlakatlarda davlat Investitsiya bankilari tashkil etilgan, ularning mablag’lari davlat byudjeti hisobidan shakllanadi. Investitsiya bankining o’ziga xos xususiyati aholi omonatlarini qabul qilishga ixtisoslashmaydi. O’zbekistonda chet el kapitali ishtirokidagi birinchi Investitsiya banki — O’zbekiston xalqaro xususiylashtirish va investitsiya banki «O’zprivatbank» 1995 yil 28 Fevraldan faoliyat yuritadi.