Vino
Vino (lotincha winum — aylanuvchi, o’raluvchi) — uzum va mevalar sharbati yoki turpini achitqilar ishtirokida spirtli bijg’itish yo’li bilan tayyorlanadigan ichimlik. Qadimda Sharq xalqlari Vinoni sharob, may, musallas deb yuritishgan. Hozirgi davrda Vino jahondagi 45 mamlakatda ishlab chiqariladi va deyarli barcha mamlakatlarda iste’mol etiladi. Jahon mamlakatlari o’rtasida Frantsiya va Italiyada eng ko’p uzum vinosi ishlab chiqariladi (aholi jon boshiga o’rtacha 83-86 l uzum vinosi iste’mol qilinadi). Ayrim turdagi markali Vinolar uzumning faqat bir navidan tayyorlanadi. O’zbekistonda Vino, asosan, uzumdan tayyorlanadi. Yetilgan uzum Vinosi tarkibida 75-85% suv, 9-20% spirt, vino va olma kislotalari, kam miqdorda limon, sut, kahrabo kislotalari, glyukoza va fruktozadan iborat qand, mikroelementlar, fermentlar, vitaminlar va boshqa moddalar bo’ladi. Vinoni oq (faqat sharbatni bijg’itish yo’li bilan), qizil (sharbat va turpini birga bijg’itish yo’li bilan) va kaxetin (sharbat, turp va g’ujum boshlarini birga bijg’itish yo’li bilan) usullarda tayyorlash mumkin. Quvvatlantirilgan Vinoning sof Vinodan farqi tarkibidagi spirt (1 litrida 200 grammgacha) va qandning (220 grammgacha) yuqori miqdorda bo’lishidadir. Vino rangi (oqish, pushti, qizil), mazasi, xushbo’yligi, kuchliligi hamda tayyorlash texnologiyasi bilan ham farqlanadi. Vinoning musallas (tabiiy), kuchli, desert (shirin), gazli va xushbo’y xillari bor. Musallas uzum sharbatini bijg’itib olinadi; tarkibida 9— 12% spirt bo’ladi. Bunday Vino sof (to’la bijg’igan, tarkibida deyarli qand qolmagan) va yarim shirin (tarkibida 3— 8% qand bo’lgan) xillarga bo’linadi. Oq Vino konyak ishlab chiqarishda xom ashyo hisoblanadi. Quvvatlantirilgan Vino (madera, portveyn, Xeres va boshqalar) sof (tarkibida 17— 20% spirt, 3% gacha qand) va yarim shirin (17-20% spirt, 10% gacha qand bo’lgan) xillarga bo’linadi. Desert Vino tarkibida 12-17% spirt bo’ladi; qand miqdoriga ko’ra yarim shirin (5-10% qand), shirin (10-20% qand) va likyor (20% dan ko’p qand) xillarga bo’linadi. Shampan Vino musallaslarni ikkinchi marta bijg’itib va qand qo’shib tayyorlanadi. Tarkibida 10,0— 13,5% spirt bo’ladi; qand tarkibiga qarab, sof (2,5% qand), nim shirin (4,5%), yarim shirin (6,5%) va shirin (8,5%) xillarga bo’linadi. Gazlangan Vino musallaslarni karbonat angidrid gaziga to’yintirib tayyorlanadi. Tarkibida 10-12% spirt va 5% qand bo’ladi. Xushbo’y Vino (vermut, muskat) ning kuchli (18% spirt va 10% qand) va desert (16% spirt va 16% kand) xillari bo’ladi. Yoqimli ta’m berishi uchun ularga xushbo’y o’tlar, ildizlar, barg va b.ning damlamasi qo’shiladi. Bo’g’zi tor shisha idish (butilka)larga quyilgan Vinoni salqin va quruq (8— 16°) binolarda saqpash lozim. Spirti darajasi past va shampan Vinolari butilkani yotqizilgan holda saqlanganda sifati buzilmaydi. Oq musallas va shampan Vinolari 3-5, qizil Vinolar 5— 10, desert Vinolar 18-20 yil, likyor va kuchli Vinolar 100 yil sifatini yo’qotmay saqlanishi mumkin. O’zbekistonda Vinoning 60 dan ortiq navlari: «bayan shirey», «Rkasitelli», «bihishti», «Farhod», «Vassarg’a», «oq musallas», «O’zbekiston», «qizil musallas», «Sijjak», «qora go’zal», «Kaberne», «Pino» va boshqalar ishlab chiqariladi. Omonulla Abdullayev.