Viskoza tolalar

Viskoza tolalar — tabiiy tsellyulozani kimyoviy usulda qayta ishlab olinadigan sun’iy tolalar. Yog’och tsellyulozasi, arzon ximikatlar Viskoza tolalar uchun xom ashyo hisoblanadi. Viskoza tolalar olish uchun tsellyuloza 18% li ishqor eritmasiga solinadi. Ishqorlangan tsellyuloza uglerod sulfid bilan ishlanib, tsellyuloza ksantogenati hosil qilinadi. Ksantogenat o’z navbatida kuchsiz o’yuvchi natriy eritmasida eritiladi. Olingan qovushoq eritma — viskoza filtrlanadi, 1-2 sutka yetiltiriladi, so’ngra mayda teshikcha (filera) lar orqali o’tkazilib, sulfat kislota va uning tuzlari solingan cho’ktirish vannalariga kuyiladi. Bu yerda tola qotadi, keyin suvda yuviladi va g’altaklarga o’rab olinadi. Viskoza tolalarni sanoatda ishlab chiqarish dastlab 1905 yilda Angliyada boshlangan, keyin boshqa davlatlarga tarqalgan. Hozir Viskoza tolalar ishlab chiqarish hajmi boshqa sun’iy tolalar hajmining taxminan 40-45% ini tashkil qiladi. Viskoza tolalar to’qimachilik va kord iplari, shtapel tolalar holida ishlab chiqariladi. Viskoza tolalardan to’qilgan gazlamani bo’yash oson, u gigiena talablariga javob beradi, xom ashyosi arzon. Kamchiligi — nam tekkanda pishiqligini ancha yo’qotadi, g’ijimlanuvchan bo’ladi. Maxsus tarkib bilan ishlov berib, bu kamchiliklarni yo’qotish mumkin. Viskoza tolalarni paxta, jun, shtapel tolalarga qo’shib, undan turli-tuman gazlamalar to’qiladi. Viskoza tolalardan shoyi va shtapel gazlamalar, trikotaj buyumlar, texnikaviy mahsulotlar olish, ulardan to’qilgan gazlamalardan kiyimlar tikish mumkin.