Vertolyot

Vertolyot — tikka ko’tariladigan va qo’nadigan havodan og’ir uchish apparati; unda ko’tarish kuchini bitta yoki bir nechta (ko’pincha, ikkita) eltuvchi vint vujudga keltiradi. Vertolyot turgan joyidan ko’tariladi, tikkasiga pastlab qo’nadi, osmonda bir joyda muallaq turishi, vertikal o’q atrofida istalgan tomonga burilishi, xohlagan yo’nalishda to’g’ri uchishi mumkin. Vertolyotni ninachiga qiyosan yasashga ko’p urinishlar bo’lgan. Dastlabki urinish 15-asrga to’g’ri keladi. Vertolyotning birinchi rasmi italyan olimi Leonardo da Vinchi qo’lyozmalaridan birida topilgan. U gelikopter (Yunoncha heliros — spiral, vint va pteron — qanot) yasash g’oyasini bergan, lekin uni amalga oshirolmagan. Yuqoriga ko’tarila oladigan dastlabki Vertolyot (gelikopter) modelini rus olimi M. V. Lomonosov 1754 yilda yasagan. Unda dvigatel rolini prujina o’tagan, uning ikki tomonga aylanadigan ikki vinti bo’lgan. Vint-qanotli apparatlar, ya’ni Vertolyotlar yasash g’oyasini Frantsiyada 1835-65 yillarda P.D.’Amerkur va g.de Landell rivojlantirishdi. Rus olimi B. N. Yurev 1912 yilda havo vinti nazariyasini rivojlantirib, Vertolyot sxemasini taklif qildi va 1930 yilda shu sxema bo’yicha, asosiy elementlari zamonaviy Vertolyotnikiga uxshash bir vintli, bir o’rinli TSAGI 1—EA rusumli jahonda birinchi Vertolyotning tajriba variantani yasadi. Shu bilan u vertolyotsozlikka asos soldi. 1941 yilda U I. P. Bratuxin bilan birga ikki vintli «Omega» vertolyotini yasadi va 1946 yilda uchirib namoyish qildi. Shundan keyin birin-ketin turli rusumdagi Vertolyotlar yasala boshladi. Rossiyada M. L. Mil va N. I. Kamov rahbarligidagi ilmiy-loyihalash muassasasi, AQShda «Sikorskiy». «Boing», «Bell», «Kaman», Frantsiyada «Syudaviason», Angliyada «Uestlend», Italiyada «Agusta» firmalari Vertolyotsozlikka katta hissa qo’shishdi. Vertolyotlarni ko’plab ishlab chiqarish sobiq Ittifoqda 1951 yil boshlandi. M. L. Milning «Mi- 4», «Mi-6», «Mi-8», «Mi-10», «Mi-12» Vertolyotlari, keyinchalik N. I. Kamovning «Ka-15», «Ka-18, «K-25», «K-26», «Ka-50» «Uchuvchi akula» harbiy Vertolyot va boshqalar. Rusumli Vertolyot ishlab chiqarila boshladi. Hozir turli-tuman rusumli Vertolyotlarni ishlab chiqarish taraqqiy etgan. Vertolyotning tezligi 350 km/soat gacha etadi (agar qo’shimcha dvigatel o’rnatilsa 500 km/soat dan oshadi), 50 tonnagacha yukni ko’tarib ucha oladi. Vertolyotning bir vintli, ikki vintli va ko’p vintli, qanotli va qanotsiz xillari bo’ladi. Har qanday sxemadagi Vertolyot planer (fyuzelyaj, shassi, boshqarish organlari, elektr, radio va navigasiya jihozlari), vintli eltuvchi tizim (eltuvchi vintlar), dvigatel (kuch) qurilmasidan iborat. Mexanik yuritmali bir vintli Vertolyotda bulardan tashqari quyruq vinti va bu vintni boshqarish tizimi ham bo’ladi. Vertolyotlar xalq xo’jaligida (qishloq xo’jalik zararkunandalari bilan kurashish, yo’lovchilar va yukni tashish), geologiya-qidiruv ishlarini bajarish, gravimetrik suratga olish, muzliklarni kuzatish, o’rmondagi yong’inlarni o’chirish, yirik jihozlarni tashish va o’rnatishda, qurilishda, borish qiyin bo’lgan joylarga shifokorlarni olib borishda, qutqaruv ishlari va boshqa ishlarda keng qo’llaniladi. Vertolyotlardan harbiy ishda ham foydalaniladi.