Vestibulyar apparat

Vestibulyar apparat (lotincha vestibulum — daxliz, yo’lak) — umurtqali hayvonlar va odam ichki qulog’ining bir qismi; bosh bilan tananing fazodagi vaziyati o’zgarishini va gavdaning qay tomonga harakatlanayotganligini sezadigan a’zo. Vestibulyar apparat vestibulyar analizatorining periferik reseptorlaridir. Bu retseptorlar ichki quloq dahlizining sakkulus va utrikulus deb ataladigan parda xaltachalarida (otolit apparat) hamda yarim doira kanallarining kengaygan uchlarida (ampulyar apparat) joylashgan. Xaltachalar va yarim doira kanallar to’qima suyuqligi (endolimfa) bilan to’la bo’ladi. Muvozanat reseptorlaridan statik (gavdaning holati bilan bog’langan) va dinamik (tezlanish bilan bog’langan) signallar keladi. Bu signallar sezuvchan tolalar mexanik ta’sirlanganda ro’y beradi. Gavda holati o’zgarganda sezuvchan tolalarga otolit tomondan ta’sir etayotgan kuch yo’nalishi ham o’zgaradi. Shuning uchun Vestibulyar apparat qattiq ta’sirlanganda (masalan, dengiz kasalligida) ko’ngil behuzur bo’lib, bosh aylanadi, rang o’chadi, yurak urishi, nafas olish tezligi o’zgaradi. Kuchli vestibulyar ta’sirot hadeb takrorlanaverganda unga nisbatan bo’ladigan reaktsiya kuchsizlanadi. Shuning uchun dengizchilar, uchuvchilar va kosmonavtlarni jismoniy chiniqtirishda vestibulyar mashq qo’llaniladi.